www.ziyouz.com
kutubxonasi
127
ko‘ngillariga solsa, balki xasta odamingizni boqarlar...
Gapni cho‘zishga yoki lanjlik qilishga hojat yo‘q edi. Jalil choy hamda maslahat uchun
minnatdorlik bildirib, ketishga izn so‘radi.
Shahar ostonasiga yetishgach, Jalil haydovchiga «Akangnikiga hayda» deb buyurdi.
Buyruq itoatkorlik bilan bajarildi. Ammo Kesakpolvon uyida yo‘q edi. «Kechasi ham
uyida o‘tirmaydi, bu haromi», deb o‘yladi Jalil, keyin:
— Akang qaerda bo‘lishi mumkin? — deb so‘radi.
— Xudo biladi, — dedi haydovchi yelka qisib.
— Topishing kerak! — dedi Jalil buyruq ohangida.
— Topish kerak bo‘lsa, topamiz, — dedi yigit.
Shundan so‘ng avval «qozixona»ga o‘tdilar. Bu yerda kam uchraydigan holat — jimlik
hukmron edi. Jalil «qozixona»da qanday ishlar amalga oshirilishidan bexabar edi. Shu
bois «Kechasi choyxonada nima qiladi, kallang bormi?» deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
Kesakpolvon kirishi mumkin bo‘lgan yana ikki uyga mo‘ralab o‘tishgach, mashina shahar
markazidagi uch qavatli bino oldida to‘xtadi. Yigit imorat yerto‘lasidagi videobarga bir
«sho‘ng‘ib» chiqib, xo‘jayinining shu yerda ekanini ma’lum qildi.
Jalilni ostonada kutib olgan Bo‘tqa uni Kesakpolvon o‘tirgan xonaga boshladi. Jalilning
dimog‘iga qo‘lansa hid urilib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi.
Shirakayf ravishda divanda yonboshlab yotgan Kesakpolvon Jalilni ko‘rib, qaddini
ko‘tardi.
— Sen azaldan iflos eding, shu iflosligingcha o‘lib ketasan, — dedi Jalil salom-alik ham
qilmay.
— Hov aka, sal pastroq tushing, — dedi Kesakpolvon.
— Sen axlatingni tozalatgani yuboruvdingmi meni? Bilib qo‘y, men sening isqirtingni
tozalaydiganlardan emasman. Orqangni o‘zing artib yur, bola!
— Voy-bo‘...
— «Bo‘-bo‘»lama, iflos!
— Bo‘ldi-e! — dedi Kesakpolvon jahl bilan o‘rnidan turib. — Indamas ekan, deb boshga
chiqib olib bulg‘ataverasizmi! Iflos bo‘lib nima qildim? Xotiningizga surkalibmanmi?
— Surkalib ham ko‘r-chi! Sendaqalarning ikkita oyog‘ini ikkita moshinaga bog‘lab,
chotlaringni yirib tashlash kerak.
— Qo‘ying endi, o‘zi boshim yorilay deb turibdi.
— Boshing bo‘lsa yoriladi-da, e ahmoq! Tabibga qanaqa hunaringni ko‘rsatib kelding?
— Nima qilibman?
— Nima qilganingni bilmaysanmi?
— Siz bilsangiz ayting.
— Otlarini nega otding?
— Qanaqa otlar? Men hayvon otadigan odammasman, — dedi Kesakpolvon bezrayib.
Jalil «Bu rost gapiryaptimi?» deganday unga tikildi. Kesakpolvon esa tusini ham
o‘zgartirmay unga baqrayganicha, kiprik ham qoqmadi.
— Sen... o‘zingning laychalaringni laqillat, bola... U yoqdagilar ahmoq emas.
Moshinangni tanishdi. Tag‘in ham insofli ekan ular, toshbo‘ron qilishmadi. Shu tabibdan
umid bor ekan, o‘shanga zulm qilasanmi, iflos!
— Bo‘ldi, hadeb iflos deyavermang.
— Iflos bo‘lganing uchun iflos deyman!
Kesakpolvon so‘kib yubormaslik uchun yuzini teskari burdi. Shu mashinada yuborib
xomlik qilganini fahmlab, g‘ijindi.
— Bizning iltimosimiz yerda qolgunicha ho‘kizning shoxi sinishi kerak. Bizni
mensimaslikning oqibati qanaqa bo‘lishini hamma bilsin.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |