www.ziyouz.com
kutubxonasi
97
— Ozgina terdirib turish kerak. Hozir choy-poy ichvolaylik-da, keyin sartaroshxonaga
boraylik. Tanish ustam bor, bip-binoyi qilib qo‘yadi.
Bir jihatdan Zaynabning qimirlashga holi yo‘q edi. Ikkinchi tomondan esa shu paytga
qadar sartaroshxona ostonasini hatlamagan edi. Onasi pardoz-andozni o‘rniga
qo‘ymagani uchunmi, u ham bezanishga qiziqmas edi. To‘g‘ri, ikki yil avval havasga
qoshini bo‘yayotganida onasi ko‘rib qolib, boshini sarak-sarak qilib chayqagan, «Voy,
qizim-ey, qoshlaringni qiynab nima qilasan? Shu qalamsiz ham qoshlaring qopqora.
O‘zing, Xudoga shukr, chip-chiroylisan. Yuzlaringni bo‘yasang, masxarabozga o‘xshab
qolasan», degan edi. Onasining shu gaplari kifoya qilib, pardozga berilmadi. Faqat
yangalarning zo‘ri bilan nikoh to‘yi arafasida bir ozgina pardoz qilgan bo‘ldi. O‘shanda
xohlaganiga tegmayotgani uchun bezanishni istamagan edi. Hozir esa Chuvrindining
xotini o‘sha xohlamaganiga chiroyli bo‘lib ko‘rinishga da’vat etyapti...
— Kennayi, hozirmas... keyinroq, — dedi Zaynab.
— Keyinga surib nima qilasiz?
— Endi odamlar... «Eri bunaqa yotib, o‘zi pardoz qilib yuribdi», deb gap qilishadi.
— Ha, odamlar gapiraverishadi, ularning nima ishlari bor ekan?
— Siz shunaqa deysiz-u...
— Mayli, qoqindiq, o‘zingiz bilasiz. Unda men uyimga borib kelayin.
— Rahmat, kennayi, boravering. Bugun ancha tuzukman, kelib ovora bo‘lib yurmang.
Zaynab o‘zini majbur qilib jilmaydi. Chuvrindining xotini bu soxta jilmayish ortidagi
dardni sezsa-da, indamadi.
X b o b
1
Balo shamoli balo bulutini haydab kelgani kabi Sharif Namozov boshi uzra balo do‘li
yog‘ila boshladi.
Ertalab ishga otlangan damda yangi qurilgan darvozani kimdir taqillatdi, so‘ngra javob
kutmay baland ovozda «Sharif aka, hov Sharif aka!» deb qayta-qayta chaqirdi. Sharif
«Hozir!» deb tashqariga chiqqanida yo‘qlovchi hovliga kirib bo‘lgan edi. «Bunaqa sovuq
menga cho‘t emas», deganday yupun kiyingan, bir qo‘li shimining cho‘ntagida, bir
qo‘lining barmoqlariga tutab turgan sigaret qistirgan yigit Sharifni ko‘rib, jilmaydi. Sharif
uni ko‘riboq tanidi — bunaqa xunuk tirjayadigan odam dunyo bo‘yicha bittadir, uni
unutish ham mumkin emasdir. Yil boshida Qilich Sulaymonovning «marhamati» bilan
qamoqxonada o‘tirganida uning yelkasiga avval besh, so‘ngra o‘ttiz ming so‘mni «ilgan»,
«Tilla tishing bo‘lmasa kallangni sug‘urib olaman, besh mingga arziydimi o‘zi kallang?»
deb po‘pisa qilgan bu nusxa ba’zan tushlariga ham kirardi.
Sharif «Bu nima qilib yuribdi? Uyimni qanday topib keldi?» deb o‘ylashga ham
ulgurmadi. Yigit:
— Vey, paxan, uylar nishtyak-ku, a? Qoyilman, erkak, qoyilman, gap yo‘q! — deb
so‘rashmoq uchun qo‘l uzatdi. — Shu ko‘chaga yo‘lim tushib qoluvdi, paxanni bir ko‘rib
ketay, dedim. Bratanlar «Qadrdon bo‘p qoluvdik, ja daraklari yo‘q», deb xapa bo‘lishdi.
Meni tanidingizmi, o‘zi?
— Tanidim, — dedi Sharif, ensasi qotganini yashirmay.
— Qoyilman! Pamyati zo‘r odamlarga besh ketaman. Men bratanlarga aytdim. «Paxan
unutadigan tarvuzlardan emas», dedim. Bratanlar meni omonatni olib kelishga
yuborishdi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |