www.ziyouz.com
kutubxonasi
94
Ular kimning uyiga kelishayotganini bilishgan edi. Tintuv haqida topshiriq beruvchi
«Qarshilik qilishsa qattiq turmanglar», deb vazifani osonlashtirgan edi. Hozir Asadbekka
xabar ketganida ular bir-birlariga «Nima qildik?» degan ma’noda qarab oldilar.
— Yaxshi, akalarini kutsak kutarmiz, — dedi ulardan biri, sir boy bermay. — Tashqariga
chiqib turamiz.
Ular chiqishgach, Zaynab o‘rnidan turib televizorga yaqinlashdi-da, kalit shodasini qo‘liga
oldi. Kalitlar xuddi qizib turganday, kaftini kuydirganday bo‘ldi. Shu bois shoshib,
kalitlarni cho‘ntagiga soldi.
Ko‘p fursat o‘tmay, hovlida Chuvrindi ko‘rindi. Kutilmagan mehmonlar bilan nima
haqdadir suhbatlashdi. Keyin izn berdi shekilli, ular hovlini aylanib, oshxonaga,
hojatxonaga bir-bir mo‘ralab, «tintuv» qilishgach, izlariga qaytishdi.
3
Zaynab bu voqeani ham, o‘sha xotinning gaplarini ham unutib yuborgan edi. Nechundir
hozir esiga tushdi. Qaysidir qarindoshinikidami edi yo tanishinikidami, yodida yo‘q,
charlarida xotinlar davrasida erlarning buzuqligi haqida gap qo‘zg‘aldi. «Xotinlar ichmasa
ham dasturxonni bezab turadi» degan fikrda qo‘yilgan shishalarning og‘zi ochilgan,
undagi shayton suvi ayrim ayollar qonini ko‘pirtirgan, hayo pardalari yirtilib, til jilovi
uzilgan edi. Zaynab o‘shanda ulardan nafratlanib chiqib ketgandi. Hozir esa ulardan
birining gaplari yodiga tushdi.
— Erkak zotining palagi buzuq. Mana-man degani ham yuradi. Yurmasa... — U uyatsiz
so‘zlar aytib, xoxolab kulgan, bu kulguga boshqalar ham qiyqirib qo‘shilishgan, Zaynab
esa g‘ashi kelib, o‘rnida bir qimirlab olgan edi.
— Pochcham ham yuradilarmi? — deb so‘ragan edi bir ayol.
— Yurmay o‘lsinmi? O‘ynashdan kelganini shunday bilib turaman.
— Siz ham bittasini topa qolmaysizmi?
— Topaman. Lekin hozir emas. Xudo uni shol qilib qo‘ysin. Onasi o‘pmagan quling
o‘rgilsin bir yigitni olib kelib ko‘zining oldida «qaytar dunyo» qilaman-da!..
Shu gapdan keyin Zaynab chiqib ketgan edi. Bir necha kun davomida «O‘z erini shol
bo‘lishini istagan xotin bunchalar ahmoq ekan?» deb o‘ylab yurdi. Garchi Elchinni
sevmasa-da, garchi Elchin uning umid saroyini vayron etgan bo‘lsa-da, «erim
raqqosalari bilan maishat qiladi», degan gumonda yursa-da, uning shu kabi niyati yo‘q
edi.
To‘g‘ri, Elchin yarim tunda to‘ydan qaytgan kezlari uni o‘ziga yaqinlashtirishni istamasdi.
Garchi Elchin unga pokiza ekanini bir necha marta aytgan bo‘lsa-da, uning bu gaplari
Zaynabni mahv etgan gumon bulutlarini tarqatishga ojiz edi. Erini birov otib qo‘yganini
eshitganda xayoliga kelgan birinchi fikr ham o‘sha gumon bulutidan suv ichdi: «O‘ynash
talashib otgandir!..» Tergovchi «Dushmanlari yo‘qmidi?» deb so‘raganida shu gumonini
aytib yuborishiga salgina qoldi.
Zaynab, tabib aytganiday, bir kecha-kunduz it azobini tortdi. Keyin dori ta’sir etib,
ichidagi «ilon»-lar o‘ldimi yoki chalajon bo‘lib, uyquga ketdimi, harholda bezovta qilmay
qo‘ydi. Ishtaha kirib, yarim kosa achchiq mastava ichgach, peshonasida ter marjonlari
paydo bo‘ldi. Shu kunlar ichi Zaynabning yonidan jilmagan, Zaynab tan azobini tortgan
mahalda o‘zi ruh azobida qiynalgan Chuvrindining xotini yaxshilik tomon o‘zgarishni
sezib, «Xudoga shukr» deb qo‘ydi. Chuvrindining «Sal o‘ziga kelsa telpon qil, erini
ko‘rishga borsin», degan gapini eslab, Zaynabdan:
— Qoqindiq, bi-ir bannisaga borib kelmaymizmi? — deb so‘radi. Uy bekasidan ijozat
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |