www.ziyouz.com
kutubxonasi
54
— Urush asoratlarini tugatyapti.
Bola «Qanaqa asorat? Gapingga tushunmadim?» deganday qarab qo‘ydi. Yaxshiki
«asoratlaring nima o‘zi?» deb so‘ramadi. So‘ragandami, Kesakpolvon qanday javob
qaytarishni bilmay gangib qolgan bo‘lardi.
To‘yib ona sutini emmagan, to‘yib non yemagan Kesakpolvon bolaning bu qilig‘iga
tushunmadi.
Ular panjaraga yaqin yerda o‘ynar edilar. O‘zlari o‘yin bilan band, ko‘zlari esa bir arava
arang sig‘adigan ko‘chada bo‘lardi. Shu ko‘chadan ularga non olib kelishardi! Toshbaqani
eslatadigan usti yopiq to‘rt g‘ildirakli arava ko‘rinishi bilan barchalarining zimiston
yuraklariga chiroq yoqilar, «Non kelyapti! Non! No-on!!» degan baxtiyor ovozlar
yangrardi. Har safar ularning nazarida arava ko‘proq non keltirayotganday bo‘lardi. Shu
umid bilan yemakxonaga kirishib, yana o‘sha hajmdagi burda nonni ko‘rishgach, «Nega
ko‘proq olib kelmaydi?» deb o‘ylashar, enagalarining «Sabr qilinglar bolalar, urush
tugasin, to‘yib-to‘yib non yeymiz», degan gaplariga ishonishardi. Urush tugasa ham
to‘yib non yeya olmayotgan, hanuz non tashiydigan aravani kutayotgan bolalar sabrga
ko‘nikib qolgan edilar. Ana shu sharoitda bolaning bir-ikki tishlam nonga qanoat qilishi
Kesakpolvon uchun ajab hol edi. U «Bola aldayapti, hali berkitiqcha yeb oladi» deb
poyladi. Yo‘q, bola aldamadi, ertasiga ham, indiniga ham nonni yashirdi. Uni kunda
poylayotgan Kesakpolvonning sabri ortiq chidamadi. Nonni o‘g‘irlab yedi! Biram
rohatlandi, biram rohatlandi!.. «O‘g‘irlik rohat keltiradi», degan tushuncha o‘shanda
tug‘ildi. Tug‘ildi-yu, ongiga muhrlandi. Oradan yillar o‘tib ham bu tushuncha zarracha
o‘zgarmadi.
O‘shanda dastlabki o‘g‘irlik nash’asidan mast Kesakpolvonning yo‘lini bola to‘sdi:
— Nonlarimni qaytarib ber! — dedi u titroq ovozda.
— Qaysi nonlaringni? — dedi Kesakpolvon undan ko‘zlarini olib qochib. Birinchi marta
o‘g‘irlik qilgani uchun ham uyaldi, ham bir oz qo‘rqdi. Ko‘zlarini lo‘q qilib tik qaray
olmadi. Bu odatni u keyinroq kasb qildi.
— Nonlarimni sen olgansan. Nega olding? Oyimga yig‘ayotganimni aytuvdim-ku?
— Noningga tekkanim yo‘q, — dedi Kesakpolvon chiyillab, — olgan bo‘lsam non ursin!
— Poylab yurganingni ko‘rganman, — dedi bola bo‘sh kelmay. — Nonlarimni qaytarib
ber.
— Olmaganman! — deb yana chiyilladi Kesakpolvon. So‘ng himoya o‘zining mag‘lubiyati
bilan yakunlajagini anglab, hujumga o‘tdi: — O‘zi oying qachon keladi?
— Yaqinda keladilar. Bilib qo‘y: yana o‘g‘irlasang, o‘ldiraman! Men o‘nta odam
o‘ldirganman. Sen o‘n birinchisi bo‘lasan.
Odam o‘ldirish qanday bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan bola Kesakpolvonni qo‘rqitib
qo‘ymoqchi edi— muddaosiga yetdi, ammo kutilmagan noxush holga ro‘para bo‘ldi.
Bolaning sovuq gapidan cho‘chib tushgan Kesakpolvon homiysiga, bolalar uyining zo‘riga
yugurdi. U beminnat ayg‘oqchiligi evaziga homiydan najot bo‘lishiga ishonardi.
— Anov bola meni o‘ldirmoqchi, — dedi ezgin ohangda. Bu ohang zamirida «Men o‘lib
ketsam sen ayg‘oqchisiz qolasan», degan ma’no ham yashiringan edi. Homiy buni
angladimi yo ayg‘oqchisiga rahmi keldimi, harholda bolaning ta’zirini berib qo‘ymoq
uchun chaqirdi:
— Bu yoqqa kel, dushman bolasi, — dedi Homiy.
— Men dushman bolasi emasman! — dedi bola titroq ovozda.
U yarim kechada notanish odamlar kelib, onasini usti yopiq qora mashinada olib
ketishganini biladi. Onasiga «sen xalq dushmanining xotinisan, demak, sen ham
dushmansan!» deyishganini eshitgan, ammo bu ayblovning ma’nosiga tushunib
yetmagan edi. Hozir bu ayblovni Zo‘rning tilidan eshitib, yuragidagi yara tirnaldi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |