www.ziyouz.com
kutubxonasi
52
gapni aytib yubordi. Hatto Kesakpolvonning o‘ziga ham ma’lum bo‘lmagan haqiqatni u
qaerdan bilsin?
Kesakpolvonning bilgani — otasi urushda halok bo‘lgan. Onasi esa... Buning o‘zi bir
tarixkim, Kesakpolvon eslashni ham istamaydi. Chuvrindining volidasi vafot etganida
«Mahmud, ranjimagin-u, ammo menga qolsa, onangning xor bo‘lib yurishlarini, xorlanib
o‘lishini, xor bo‘lib ko‘milishini videoga olib, televizorda ko‘rsatardim. «Bolasini
tashlamoqchi bo‘lganlar, ko‘rib qo‘ylaring, erta-indin senlar ham xorlanasanlar»,
derdim», deb aytgani bejiz emasdi. Bu gaplarni aytmoqqa qalbining ovloq va zimiston
yerida yashirinib yotgan bir dard sabab bo‘lgan ediki, bu darddan eng yaqin birodari
hisoblanmish Asadbek ham bexabar edi. O‘shanda bu gapni eshitgan Chuvrindi «Haydar
akamning ahmoqliklari chegara nima ekanini bilmaydi», deb ranjigan, Asadbek esa «bu
qovoq miya qachon o‘ylab gapiradigan bo‘ladi», deb g‘ijingan edi.
Kesakpolvon Chuvrindining onasidan nafratlanardi. Shilimshiqning onasini esa ko‘rgani
ko‘zi yo‘q edi. Ular haqida biron so‘z eshitsa o‘z onasini eslab, g‘azabdan titrab ketardi.
Holbuki... uning onasi bo‘lak taqdir egasi edi.
Bu o‘rinda Tangri Taoloning «Ey Odam, sen o‘z jufting bilan jannatni maskan tutg‘ilkim,
unda ko‘nglung nimani tusasa taomlang‘il, osh bo‘lsin, ammo mana bu daraxtga zinhor
yaqin kelmag‘il, yaqin kelsang zolimlardan bo‘lursan», degan muqaddas kalomini
eslamog‘imiz joizdir. Yaqinlashmoqlik man’ etilgan mazkur daraxt nafs uchun bir
sinovdirki, bu balo g‘olib kelguday bo‘lsa odam bolasi umrining oxiriga qadar qaqshaydi.
Ne ajabki, Odam bolalari buni bilsalar-da, necha ming yillardan beri bu daraxtga
yaqinlashaveradilar, unga intilaveradilar. Bu intilish esa «sevgi-muhabbat tuyg‘usi»,
degan choyshabga o‘rab e’zozlanadi. Yaratganga bo‘lgan muhabbatdan ko‘ra bu tuyg‘u
ko‘proq sharaflanadi. Bu tuyg‘uning olib borar manzili bittagina — to‘shak... To‘shakdagi
oniy farog‘atni boqiy farog‘atdan afzal biluvchilar o‘zlariga zulm qilayotganlariga fahmlari
yetsami edi...
Mohichehra — Kesakpolvonning onasi hayotining eng shirin pallasida shu toifa yurguvchi
ko‘chaga adashib kirib qolganlardan biri edi.
Tog‘ yonbag‘rida joylashgan qishloqlarida bunday noxush voqealar kamdan-kam sodir
bo‘lardi. Qariyalar toshbo‘ron qilingan yigit-qizlarning taqdiridan hikoya qilardilar, ammo
bu voqea shu qishloqda bo‘lganmi yo uzoq qishloqdami — aniq bilishmasdi. O‘zlari esa
bunaqa sharmandalikning guvohi bo‘lishmagan edi. Shu bois ham Mohichehra
qishloqdan bosh olib ketishga majbur bo‘lgandi. Urush bahona bo‘lib, uning avval
shaharga, so‘ng janggohga ketishining sababini birov bildi, birov bilmadi. Birov ishondi,
boshqasi ishonmadi...
O‘ninchini bitirgan, ismi jismiga monand — oy yuzli durkun qiz harbiy xizmatdan qaytib
maktabdagi kashshoflarga yetakchilik qilayotgan yigitni sevib qolgan edi. Mohichehra
yigitga o‘g‘rincha tikilar, Yetakchi esa unga suqlanib boqardi. Uning ko‘nglida yomonlik
yo‘q, aksincha, otasining yili o‘tgach, Mohichehraga sovchi yubormoqni umid qilar edi.
Sirli qarashlar nomus chegarasiga yaqinlashgan damlarda ularni bug‘doy o‘rimiga
jo‘natishdi. Xumor boqishlar ana o‘sha yerda chegaradan chiqdi. O‘sha daraxtning
mevasi ularning tuyg‘ulariga egalik qilib, nafs sinovida g‘olib keldi-yu, pokiza to‘shak
emas, bir uyum somon ustiga boshladi. Yozning farahli kechalarida ular iblisga bor
vujudlari bilan bandi bo‘ldilar.
O‘sha totli kunlarda qishloqdagilar ular uchun noma’lum bo‘lgan sabab bilan daraklamay
qo‘yishdi. Oziq-ovqatlar tugay boshlagach, Yetakchi xabar olgani qishloqqa jo‘nadi.
Tongda yo‘lga chiqqan yigit oqshomga qadar qaytishi lozim edi. Mohichehra uni ko‘zlari
to‘rt bo‘lib kutdi. Ertasiga ham, indiniga ham... Darak bo‘lavermagach, xavotirlanib
qishloqqa qaytdi-yu urush boshlanganini eshitdi. Mohichehra bu xabardan emas,
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |