www.ziyouz.com
kutubxonasi
60
Zohid qayrilma qosh bu Muovinning bu tarzda dadillashishi sababini bilmay turganida
telefon jiringlab masalaga oydinlik kiritdi. Muovin telefon go‘shagini qulog‘iga tutdi-da,
«Ha, shu yerda», deb Zohidga ma’noli qarab qo‘ydi. So‘ng go‘shakni uzatdi:
— Sizni so‘rashyapti.
Zohid ajablangan holda go‘shakni qulog‘iga tutdi-da:
— Eshitaman, Sharipov, — dedi.
— U yerda nima qilib ivirsib yuribsiz. Hurmatli odamlarni behurmat qilishga kim sizga
huquq berdi?
— Kechirasiz, sizni tanimay turibman? — dedi Zohid.
Bo‘lim boshlig‘i o‘zini tanitgach, Zohid «zo‘rsizlar-ku!» degan ma’noda Muovinga qarab
qo‘ydi-da:
— Men yuritilayotgan ish yuzasidan keldim bu yerga, — deb izoh berdi.
— Ishga ularning dahli yo‘q. Darhol uzr so‘rangu huzurimga yetib keling.
— Yaxshi. Yana bir-ikki savol beramanu yetib boraman.
— Hech qanday savol berilmasin!
— Yaxshi.
Zohid go‘shakni Muovinga uzatib:
— Bu imorat ancha baland qilib qurilgan ekan, a? — dedi.
— Siz shoshib turibsiz shekilli, chaqirishyaptimi? — dedi Muovin qoshlarini chimirib.
— Ha, hozircha shoshib turibman. Keyin bafurja gaplashamiz.
— Ovora bo‘lib kelib yurmang. Boshqa aytadigan gapim yo‘q sizga.
— Endi opajon, bu masalani biz hal qilamiz. «Ovora bo‘lib kelib yurmang», deb yaxshi
aytdingiz. Sizga chaqiruv qog‘ozi yuboraman, prokuraturaga o‘zingiz bora qolasiz.
Muovin gezrayganicha qolaverdi. Zohid xonadan chiqdi-da, «Qorovul balo ekan», deb
qo‘ydi. Qorovul esa uni bir piyola choyga taklif qilib:
— Qalay, qopmadimi? — deb so‘radi.
— O‘zi qopolmadi, zo‘rrog‘i bor ekan, o‘shanga qoptirdi, — deb kuldi Zohid.
2
Zohid qorovulga kulimsirab gapirgani bilan nayza sanchilgan holga kelgan qalbi faryod
urardi. Zohid chigirtkaday ko‘ringan ayolning bu darajadagi ofat ekanini tasavvur ham
qilolmagan edi. Mana hozir orqasidan tepki yegan notavon odam kepatasida bo‘lsa ham
qorovulga sir boy bermaslik uchun hazil bilan javob qilib, ko‘chaga chiqdi. Chiqdi-yu,
yana qaytgisi, ustalik bilan, madaniy tarzda tepib chiqargan Muovinning opajoni
huzuriga kirib borgisi keldi. Zohid uni sirtdan bilardi. Zohidga ma’lum bo‘lgani — u
qahramon! Radio-televizorda, matbuotda nomi tez-tez zikr etiluvchi ayol. Zohid semiz
bu kampirning qiyofasini ko‘z oldiga keltirib «Kattamizni terlatganga o‘xshaydi-da», deb
qo‘ydi. U bilmaydiki, qahramon kampir u o‘ylagan «katta»ga emas, balki undan
kattarog‘iga arz qilgan. O‘sha kattaroq pastroqqa, unisi yana pastroqqa zug‘um qilgach,
zanjir reaktsiya amalga oshib, Zohidning boshlig‘i bevoshlikda ayblanib, unga «siyosiy
ko‘rlik» «unvoni» berildi. Buni anglab yetgan rahbar cho‘g‘ni bosib olganday talvasaga
tushdi. Kimgaki, «siyosiy ko‘rlik» «unvoni» nasib etdimi, baland martabalar yo‘li to‘silishi
ham mayli, tagiga suv keta boshlaydi. Bir ahmoq xodimining qilig‘i uchun mansabdan
ayrilishni kim ham istar edi?
Zohid hali bularni bilmaydi. U hozir ko‘chada ketaturib iziga xayolan qaytib, har narsaga
qodir o‘sha kampirshoga achchiq-achchiq gaplarni aytardi: «Minbarlarda aytgan
gaplaringiz nima-yu, bu qilig‘ingiz nima? Adolat, adolat, deysiz, xalq manfaati, deysiz.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |