www.ziyouz.com
kutubxonasi
130
— U odamlar boshqa, men boshqa. Aqling yetmasa valdirayverma.
— Adasi...
— Yana nima deysan?
— Qudalaringiz «Qog‘oz yuborganmiz, kelsalar yaxshi edi», deb turishibdi. Bir o‘zingiz
gaplashasizmi?
— Yo‘q. O‘zing tushuntirib qo‘y. Bizning odatimizda kuyovning otasi kelinnikidagi to‘yga
kelmaydi, de. Avval bu yerda to‘y qilaylik. Kelinlarni kutib olaylik. Keyin chaqirdi qilishsa,
borarmiz.
— Adasi, unaqa emas-ku?
— Nimasi unaqa emas?
— Kuyovning otasi boradi-ku?..
— Borsa borsin. Bo‘ldi, boshimni qotiraverma. O‘zing bir narsa deb qo‘y.
Bir o‘rtanish, bir sog‘inish bilan boshlangan suhbat shu tarzda yakuniga yetdi. Go‘shak
joyiga qo‘yilgach, Asadbek xo‘rsindi. «Baqirganim durust bo‘lmadi, ko‘ngli og‘ridi», deb
afsuslandi.
Asadbek yanglishdi. Bundan battar gaplarni eshitib ko‘nikib ketgan Manzuraning ko‘ngli
erining baqirig‘idan emas, uning nochorligidan og‘ridi.
Onaning ma’yusligini ko‘rgan o‘g‘illari baravariga:
— Nima bo‘ldi? — deb xavotirlanishdi.
— Adanglarning kelishlari qiyin emish, — dedi Manzura g‘alati ohangda.
— Maskovda ming chig‘iriqdan o‘tkazishadi-da, — deb yupatgan bo‘ldi Abdusamad.
— Adamning adalari «Xalq dushmani» deb qamalgan ekan-ku, — dedi Abduhamid.
O‘g‘illarining gaplari Manzuraga yupanch bo‘la olmadi. Uning bezovta qalbi haqiqatni
sezib turardi.
Asadbek ko‘chaga chiqishni xohlamadi, ko‘ngli uyda yolg‘izlikni istadi. Boloxonadagi
yigitlardan biri nonushta hozirladi. Xuddi dasturxon tuzalishini kutib turganday
Kesakpolvon bilan Chuvrindi oldinma-keyin kirib kelishdi. Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘almay,
o‘tirgan yerida qo‘l berib ko‘rishdi. Kesakpolvon ko‘rishish uchun engashganida
Asadbekning dimog‘iga qo‘lansa hid urilib, burnini jiyirdi-da:
— Kechasi najasga botib yotganmisan, nima balo?— deb to‘ng‘illadi.
— Bir bo‘lib qoldi, jahling chiqmasin, — dedi Kesakpolvon uzr ohangida.
Asadbek uning avra-astarini ag‘darib so‘kmoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tutib, Chuvrindiga
yuzlandi:
— Mahmud, derazani sal qiyalab ochib qo‘y.
«Keyingi kunlarda molday ichyapti, bunga bir balo bo‘lgan», deb o‘ylab, Kesakpolvonga
qattiq tikildi.
Kesakpolvon bu o‘tli qarashga dosh berolmay, bir qimirlab oldi.
— Ha, muncha tikilib qolding? Nima, tushingga kirdimmi? — deb hazillashmoqchi bo‘ldi.
— Seni tushida ko‘rgan odamning lablariga uchuqlar toshadi, — deb to‘ng‘illadi Asad.
So‘ng ovozini ko‘tardi: — Qaerda bo‘kyapsan?
— Bilasan-ku, gohida ko‘ngil qurg‘ur shunaqa tusab qoladi. Ko‘ngil tusagan paytda
jig‘ildonning tormozi ishlamay qoladi.
— E, jig‘ildoningga uray seni...
— Bo‘ldi, bugungisi oxirgisi... Menga osilmasdan, yangi gaplarni eshit. Bosh qotirmasak
bo‘lmaydi, — Kesakpolvon shunday deb Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu ishorani
kutayotgan edi, shu bois darrov muddaoga ko‘chib qo‘ya qoldi:
— Bek aka, kecha Sharifni qamashibdi.
— Qamashibdi? Kim qamabdi?
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |