www.ziyouz.com
kutubxonasi
129
yoqlarda butunlay qolishini istardi. Ayniqsa... yaqinlashayotgan o‘limiga o‘zi ham
ishonganidan beri bu istak qat’iylasha bordi. Hosilboyvachchaning izidan Elchinni ham
jo‘natish rejasi ayni shu istak bulog‘idan suv ichgan edi. Elchin o‘ldirilgach, Zaynabni to‘y
bahonasida Olmoniyaga jo‘natmoqni xayol qilib edi.
Reja buzildi. Ammo hali niyatdan kechganicha yo‘q. Zaynabning xastaligi bir oz
chekingach, yuboradi. Shundan so‘ng o‘zi bu dunyoni xotirjam ravishda tashlab ketishi
mumkin. O‘limidan so‘ng... xotini, bolalariga birov tahdid qila olmaydi.
Yechilmay qolgan ikki masala bor: biri — Zaynabni jo‘natish, ikkinchisi boyliklarning bir
qismini u yoqqa olib o‘tish. Quda g‘oyat boy ekan, ammo o‘g‘illarining qo‘llarida
o‘zlarining sarmoyalari bo‘lmog‘i shart!
Asadbekning sog‘ingan yuragi bir orziqdi. Shu orziqish bilan telefon go‘shagini ko‘tardi.
Manzura erining ovozini eshitib, salom berdi.
— Yaxshi yuribsanmi? — deb so‘radi Asadbek, alik olish o‘rniga.
— Xudoga shukr, o‘zingiz tuzukmisiz?
— Yo‘q, buzuqman, — deb yubordi Asadbek eski odati bo‘yicha. U mana shunaqa
savollarga toqat qila olmas edi. Kayfiyati yaxshi bo‘lsa hazil ohangida, g‘ashlangan
paytiga to‘g‘ri kelsa kesatiq yoki jahl bilan javob qaytarardi. Manzura «Qorningiz
qanaqa?» degan savoliga «Qornim dumaloq», «Tuzukmisiz?»ga «Yo‘q, buzuqman»,
degan javoblarni turli ohanglarda eshitib, ko‘nikib ketgan. Boshqacharoq tarzda
so‘rayman, deb o‘ylardi-yu, eriga ro‘para kelganida beixtiyor yana ayni shu so‘zlar tilidan
uchardi.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Asadbekning «Yo‘q, buzuqman», deb yumshoq tarzda aytishi
Manzuraga yoqib, kuldi.
— Zaynab yaxshimi?
— Yaxshi. Mendan boshqa hamma yaxshi...
— Voy, adasi, unaqa demang, — Manzura «O‘zingiz yaxshisiz», demoqchi edi, yonidagi
o‘g‘illaridan uyaldi. Asadbek buni sezdi.
Manzura uyda ekanida shunday deb erkalab qo‘yardi. Hozir Asadbek shuni qo‘msadi.
Xotinining ko‘proq gapirishini istadi. Ammo so‘zga no‘noq Manzura hol so‘rashdan nariga
o‘tmadi. «O‘g‘illaringiz bilan gaplashing», deb oshirib yubora qoldi. O‘g‘illar bilan bo‘lgan
gap ham hol so‘rash bilan cheklandi. Gap adog‘iga yetib borayotganini fahmlagan
Asadbek o‘g‘liga «Onangga ber», deb buyurdi. Manzura:
— Ha, adasi? — deyishi bilan Asadbek uni koyiy boshladi:
— Qanaqa xotinsan o‘zing?! Sen nimaga bording u yoqqa, nima ishni qoyillatding?
— Voy, adasi, hech qanaqa ishni qoyillatmadim.
— To‘y nima bo‘lyapti?
— To‘y... sizni kutyapmiz. Nishon to‘yi o‘tdi... Aytdim-ku...
— Bir oz kutishsin... Zaynab boradi.
— Siz-chi, adasi?
— Men... bilmadim.
— Birga kelaqoling.
Asadbek yolg‘on gap ahvolini oshkor qilib qo‘yishi mumkinligidan qo‘rqib, sinalgan quroli
— jahlni ishga soldi:
— Germaniya ammangning mahallasimi, xohlagan avtobusga osilib boraveradigan?
— Voy adasi, unaqa demadim-ku?
— Demagan bo‘lsang, og‘zingni yum.
— Endi...
— Nima endi?
— Odamlar kelib-ketayotganiga aytuvdim-da...
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |