www.ziyouz.com
kutubxonasi
133
kinoyani samimiy hazil o‘rnida qabul qilib, kulimsiradi:
— Qardoshim, men Xongireyning bosh prokuroriman. Hosilni qachon ko‘rganing meni
juda-juda qiziqtirib qoldi. U bugun yo ertaga Xongireyga juda-juda kerak. Uni qidirib
topishim shart. Yo tirigini yo o‘ligini, angladingmi?
— Menga qara, «bosh prokuror», Hosilning jilovi mening emas, xo‘jayiningning qo‘lida.
Agar «juda-juda qiziqsang», eshit: Maskovdan qaytganimdan keyin uni ko‘rganman.
— Uyingga o‘zi kelgan, a? — dedi mehmon, «Bundan bizning ham xabarimiz bor»,
degan ma’noda.
— Ha, uyimga ham kelgan.
— Oralaringdan gap qochmaganmidi?
— Hosilning men bilan gap talashishi uchun yana ellik qovun pishig‘i bor. U mening
oldimda kim, bilasanmi? U — bir laycha!
— O‘, go‘zal! — dedi mehmon barmog‘ini qarsillatib. — Juda go‘zal! Hosil — laycha.
Asadbek — o‘q ilon! Xongireyga aytib qo‘yishim shart. Qardosh, sen ayt, agar laycha
akillab g‘ashini keltirsa, o‘q ilon chaqib o‘ldirishi mumkinmi?
— Agar o‘q ilon chuvalchang zotidan bo‘lsa, chaqadi. Haqiqiy o‘q ilon bunaqa past
ketmaydi.
— Menga yoqyapsan, qardosh! Endi yana bir gap: Xongireyning Kozlov degan yana bir
ukasi bor. Krasnoyarskda turadi. Eshitganmisan?
— Eshitganman.
— O‘sha senikiga mehmonga kelmoqchi ekan, kelmadimi?
— Yo‘q.
— Qiziq, senikiga mehmonga kelmoqchi ekan, — deb gapini qaytardi mehmon. — Agar
bugun-erta kelib qolsa, Xongireyga xabar qil. Kozlovning ozgina qarzi bor, to‘lab qo‘ysin-
u, yuraversin. Ha, aytmoqchi, qardosh, ijozat ber, men Xongireyga telefon qilib olay.
Chuvrindi turib telefonni oldi-da, uni mehmonning qo‘liga tutqazdi. Mehmon lozim
raqamlarni tergach, o‘tirganlarga bir-bir sinovchan tikildi. So‘ng, Moskvadan javob
bo‘lgach, o‘z tilida gapira ketdi. Xongirey bilan gaplashdimi yo boshqasi bilanmi, ular
tushunishmadi. Asadbekning nomi ikki-uch marta tilga olingani esa ular uchun jumboq
bo‘lib qolaverdi.
— Endi menga ruxsat ber, — dedi mehmon go‘shakni joyiga qo‘ygach.
— Sen mehmonsan, — dedi Asadbek, — o‘zbek palov yemagan mehmoniga ijozat
bermaydi.
— O‘, tashakkur, jon qardosh, palov yegani kelaman.— U shunday deb o‘rnidan turdi.
Asadbek Chuvrindi bilan ko‘z urishtirib oldi. Nigohlarning bu uchrashuvi qanday ma’no
anglatishini uqqanday mehmon ostonada to‘xtab, orqasiga o‘girildi-da:
— Qardosh, orqamdan odam qo‘yishni o‘ylama. Biz ko‘pchilikmiz, — dedi.
— Xotirjam bo‘l, mening bunaqa odatim yo‘q, — dedi Asadbek.
Mehmon ko‘zdan yo‘qolgach, ular o‘z o‘rinlarini egallashdi.
— Is olibdi-da? — dedi Kesakpolvon sovub qolgan choyini ho‘plab. So‘ng jahl bilan
Chuvrindiga qaradi: — Mahmud, chaqir bittasini, choyni yangilasin.
Choy yangilangunicha xonaga sukut hukmronlik qildi. Chuvrindi bunday paytda
hojasining gapirishini kutadi. Kesakpolvon esa yuragi toshib, betoqatlanadi. Hozir ham
fikrini bayon qilmoq uchun bir-ikki og‘iz juftladi-yu, Asadbekning xo‘mrayib o‘tirishini
ko‘rib, shashti qaytdi.
— Mahmud, Maskovga borib kelishing kerak. G‘ilayni olib bugun uch, — dedi Asadbek.
Uning gaplari munozaraga o‘rin qoldirilmagan tarzda, amr ohangida aytilgan bo‘lsa-da,
Kesakpolvon o‘zini tutib tura olmadi:
— Darrov yuborma. Qo‘rqibdi, bir gap bor, deb gumonsiraydi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |