www.ziyouz.com
kutubxonasi
116
edi. Onasi ham aytyapti...
— Tuyalarni qaytaraman, — deydi Asadbek.
Onasi afsus bilan bosh chayqaydi. Otasi esa:
— Sen qaytarolmaysan, — deydi.
— Qaytaraman, — deydi Asadbek o‘jarlik bilan. Keyin... yugurmoqchi bo‘ladi.
Yuguraman, deydi-yu, zil-zambil oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmaydi. Kimdir qah-qah otib
kuladi. Atrofiga alanglab kulgi egasini qidiradi. Bir do‘ng ustida Hosilboyvachchani
ko‘radi.
— Ablah, sen tirikmisan, o‘lmaganmiding? — deydi Asadbek.
— Men o‘lmayman. Meni hech kim o‘ldirolmaydi, — deydi Hosilboyvachcha, — yugurma,
ovora bo‘lma. Baribir yetolmaysan. Tuyalar ketib bo‘ldi.
— Yetib olaman, — deydi Asadbek. So‘ng yana yugurmoqchi bo‘ladi. Oyoqlari
bo‘ysunmaydi.
Bir joyda... bo‘ri ko‘rinadi. Nimanidir ishtaha bilan yeyapti. Asadbek to‘xtab, bo‘riga tosh
otadi. Bo‘ri osmonga bo‘ynini cho‘zib uvlaydi. Shu asnoda u... og‘zi qon Kesakpolvonga
aylanadi.
— Haydar?! Sen nima qilyapsan bu yerda?
Kesakpolvon og‘zidan qonni oqizib kuladi. Asadbek uning o‘ljasiga qaraydi: Chuvrindi!
Ko‘ksi yorilgan. Yuragi sug‘urib olingan...
— Haydar! Ablah! Nima qilyapsan?
— O‘lib qolibdi, go‘shti bekorga isrof bo‘lmasin, deb yeyapman. Ma, sen ham ye, yuragi
shirin ekan.
Shunday deb qon tomib turgan yurakni uzatadi.
— Yo‘qol, hayvon! — Asadbek shunday deb chekinadi. Kesakpolvon esa yurakni
cho‘zganicha uni ta’qib etadi. So‘ng yurakni tishlab, chaynay boshlaydi...
— Yo‘qol, hayvon! Yo‘qol!..
Asadbek o‘zining baqirig‘idan o‘zi cho‘chib tushdi. A’zoyi badanini ter bosgan, nafas olishi
og‘irlashgan holda uyg‘ondi. Xonada havo qolmagandek tuyulib, derazani ochdi. Yopirilib
kirgan muzdek havo yo‘talini uyg‘otdi. Xapdori yutsa ham kor qilmadi. Yo‘tal ovozidan
sergaklangan boloxonadagi yigitlardan biri choynak ko‘tarib kirib, bir piyolada qaynoq
choy uzatdi.
Yo‘tali bosilgach, Asadbek o‘rniga behol cho‘zildi.
«Shu yo‘tal olib ketadimi endi... — deb o‘yladi u.— Bitta yo‘talga qo‘shilib chiqadimi
jonim? Shuncha to‘plagan boyligim bitta yo‘talning evini qilolmaydimi? Dardimga davo
berolmaydigan bu boylikni nima uchun yig‘dim? Bolalarim uchunmi?.. Ha, bolalarim
uchun...»
«Kimning puli bo‘lsa — o‘shaning kelajagi bor. Puli yo‘qda kelajak nima qilsin?
Umuman... puli yo‘q odam bu dunyoda yashamasa ham bo‘ladi», deb yurgan odam
holsizlanib yotib, o‘zini o‘zi ovutardi. Hozir unga «Puldorning ahvoli shumi? Puldor
odamning kelajagi — kafanmi?» deydigan odam yo‘q. Bunday fikr qorong‘ulikdagi
aqlning qay bir qirralarini yoritadi. Lekin u mazkur haqiqatni tan olishni istamaydi.
«Nima qilgan bo‘lsam bolalarim uchun edi», deb o‘zini o‘zi ishontirmoqchi bo‘ladi...
«O‘zim yo‘qchilikka chidardim. Manzura ham chidardi. Bolalar zoriqmasin, dedim.
Bolalarim... o‘lim oldidan ularni ko‘rish nasib etadimi? Ularga nima deyman? Ha... «Rozi
bo‘linglar», deyman. Zaynab... rozi bo‘larmikin? Balki... ko‘nglim uchun «roziman», der.
Lekin... Men uni baxtsiz qildim. Har nima bo‘lganda ham otarchiga uzatmasligim kerak
edi. Mendan katta xatolik o‘tdi... Otarchini o‘ldirishim kerak edi... Ojizlik qildim...
Mahmudga aytib qo‘yishim kerak... Mendan keyin uni o‘ldirsin... Yo‘q... Balki bundan bu
yog‘iga yaxshi yashab ketishar?..
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |