www.ziyouz.com kutubxonasi
81
— Ushlamaysizmi?
— Bu yog‘ini o‘zimga qo‘yib ber. Sen bugungi ishingni bajarding. Endi og‘zingga qulf
urib, jim yur. Uchariq-to‘rtariq qilib jo‘nab qolma. Shahardan bir qadam nari-beriga
chiqmaysan, tushundingmi?
Sayfi «tushundim», deb bosh irg‘adi. U faqat Hamdamning bu gapiga emas, balki
bulardan hali-beri qutulmasligiga ham tushunib yetdi.
Ko‘prikdan o‘tgach, Hamdam mashinani to‘xtatib, tushib qoldi. Sayfi uzoqlashishi bilan,
izma-iz kelayotgan «Volga» to‘xtadi.
— To‘qson birinchi uy ekan, — dedi Hamdam, mashina eshigini ochib. — Odam chaqirish
kerak. Ungacha men bir qarab chiqaman.
Hamdam mashinalar oqimiga muqobil yurib, to‘qson birinchi uy eshigini taqillatdi.
Ikkinchi marta taqillatganida ichkaridan «hozir» degan zaifgina tovush chiqdi. So‘ng
darvozaning bir tabaqasi mungli ovoz chiqarib qiya ochildi-da, uzun yengli ko‘ylak kiygan
keksa ayol ko‘rindi.
— Keling, bolam, — dedi u, Hamdamning salomiga alik olgach.
— Keliningiz bilan ijaraga uy qidirib yuruvdik. Siznikida bo‘sh joy bor, deb eshitdim.
— Voy, bolam-ey, sal kech kelibsiz-da. Joy boridi, odam qo‘yib qo‘ydik. Siz oilangiz bilan
turmoqchimidingiz? Nechta bolangiz bor?
— Bittagina. Uch yoshda.
— Voy, attang-e, biz bop ekansizlar-a, cholim qaysar-da, sabr qilaylik, desam, ko‘nmadi.
Ikkita yigitni boshlab kelib, joyladi. Chulchitmi-ey, tiliga tushunmayman. Bir paydo
bo‘ladi, bir ko‘rinmay ketadi. Bunaqasi menga yoqmaydi, bolam. Chol-kampirga oilali
odam afzal-da. Bola ermak bo‘ladi, lozim bo‘lib qolsa, issiq-sovuqdan ham xabar olib
turishadi. Siz, bolam, noumid bo‘lmang-a, hali cholim kelsin, bir gaplashay, bularga
javob bersin.
— Ijarachilaringiz shu yerdami?
— Shu yerda bo‘lmay qolishsin. Uyquga to‘yishmaydi bular. Aqli bo‘lsa, shom kirganda
uxlarmidi...
Hamdam erta-indin xabar olajagini bildirib, iziga qaytdi. Ko‘p o‘tmay, qo‘shimcha kuchlar
yetib kelgach, to‘rt yigitni yoniga olib, yana darvoza oldida paydo bo‘ldi.
— Voy, cholim hali kelmadilar, — dedi ayol ajablanib.
— Xolajon, bir gap aytaman, faqat siz vahima qilmang. Mana bu yigitlar milisadan,
ijarachilaringizni ko‘rishmoqchi. Siz ular yotgan uy eshigini ko‘rsatingu, o‘zingiz tez
chetga chiqing, — dedi Hamdam.
— Voy o‘la qolay, voy Xudo urdi, — dedi ayol.
— Vahima qilmang, dedim-ku.
Ayol qo‘li bilan chap tomondagi eshikni imlab ko‘rsatib, o‘zi to‘g‘ridagi ayvon sari yurdi.
Titroq ovozda nimadir dedi.
Hamdam eshikni zarb bilan tepib ochishi bilan to‘rt yigit otilib ichkari kirishdi. Dong qotib
uxlab yotgan yigitlar qimirlab ham qo‘yishmadi. Xontaxta ustidagi bo‘shagan aroq
idishlari, dimoqqa urilgan nasha hididan hammasi ayon edi. Yigitlarning betlariga
shapatilab, suv sepib arang o‘zlariga keltirishdi. Ular uyg‘onganday bo‘lishsa-da, hali
kayfdan qutulmagan, nima bo‘layotganini anglab yetmagan edilar. Ularning qo‘llariga
kishan urib olib chiqilgach, Zohid ayolni chaqirib, xonaga kirdi-da, ko‘zdan kechira
boshladi.
— Ko‘rpa-to‘shaklar meniki, aylanay bolam, — dedi ayol qo‘rqibgina. — Ular qup-quruq
kelishgan. Hali ijara pulini ham berishmovdi.
— Bularning o‘zlari izlab keldimi yo birov iltimos qildimi? — deb so‘radi Zohid.
— Cholim boshlab keluvdilar.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |