www.ziyouz.com kutubxonasi
193
— Uzrimni qabul eting, afandim,— dedi doktor Xudoyor.— Aytilajak omonat gapim
Asadbek janoblarining o‘zlarigagina atalgani sababli ul janobning ahli ayollariga
aytmoqni lozim topmadim. Ammo bilingizkim, xavotir olmog‘ingizga aslo asos yo‘qtur.
Aytajak gapimning ma’nosi xayrli kechajakdir. Asadbek janoblari lutf qilib buraya
kelsalar edi, cho‘x go‘zal bo‘lurmi edi, afandim. Mening-da safarim uch kundan so‘ng
xalos bo‘lajak.
— O‘zbekistonga kelmaysizmi?
— Oh, O‘zbekiston qalbimdadir, ammo bormog‘imga ijozat yo‘qtur. Afsuslar chekurman.
Chuvrindi bu gapdan so‘ng ezmalanib o‘tirmadi. Bugun yoki ertaga yetib borajaklarini
ma’lum qilishi bilan u tomonda go‘shak joyiga ilindi. Chuvrindi doktor Xudoyorning
kimligini bilmasa-da, uning Ovrupo odatlari ruhida tarbiya topgan o‘zbeklardan ekanini
fahmladi. Chuvrindi yana Kesakpolvonga qo‘ng‘iroq qilib, Olmoniyadan kelgan
vatandoshning yurtga kelishi uchun ijozat olish mumkinmi yo yo‘qmi ekanini aniqlashni
topshirdi. Kesakpolvon buni Asadbekning topshirig‘i sifatida qabul qilib, ishga hoziroq
kirishajagini aytdi. Tun yarmidan oqqan bo‘lishiga qaramay, Chuvrindi Kozlovga ham
qo‘ng‘iroq qildi. Bularning olamida tunmi, kunmi, odam xastami yo sog‘mi— farqi yo‘q,
zarur gap chiqdimi, telefon qilinadi yo izlab topiladi. «Sen meni tunda uyqumni buzding»
yoki «xastaligimda bezovta qilding» degan gaplar bo‘lmaydi. Chuvrindining mezbonga
bemalol qo‘ng‘iroq qilishi shu yozilmagan qoida asosida edi.
Kozlov ovoz berib, bir esnab olgach: «Eshityapman, gapiravering», dedi. Chuvrindi
doktor Xudoyorni O‘zbekistonga kelishi uchun ruxsat olish masalasini hal etish
mumkinmi, deganda «no‘ problem», deb gapini kalta qildi.
Tongga yaqin avval Kesakpolvon, so‘ng Kozlov qo‘ng‘iroq qilishib bu masalani yechish
aslo mumkin emasligini aytishdi.
— Moskvada turganining o‘zi katta gap ekan,— dedi Kozlov.— Bunaqa siyosatga
aralashmaganinglar ma’qul. Ularning hisob-kitoblariga bizning tishimiz o‘tmaydi.
— Unda bugunoq Moskvaga uchishimiz kerak.
— Yaxshi, uch kishiga buyurib qo‘yaman.
— Moskvaga Bek akam bilan uchamiz. Jalil akani uyiga yuboramiz.
— No‘ problem. Mahmud, bilib qo‘y, kecha vrach bilan gaplashdim. Asadning kasali
jiddiy. Yaxshi davolanmasa uzoqqa bormasligi mumkin, degan taxminlari bor. Moskvada
olib qolib, o‘sha yerda davolash kerak. Men u yerdagi odamlarimga tayinlab qo‘yaman.
Ish jadallashib ketdi. Uch soat deganda Chuvrindi bilan Asadbek tushgan tayyora
Moskvaga qarab uchdi. Jalilni esa Kozlovning yigitlari peshindan so‘ng kuzatadigan
bo‘lishdi. Jalil tungi qo‘ng‘iroqlardan bexabar, do‘stining «tuzalib qolganidan» mamnun
bo‘lib, «bularning Maskovda bitadigan ishi bordir, xira pashshaday yuramanmi
orqalaridan» deb uyga yolg‘iz qaytishga ko‘ndi.
Asadbek o‘zini bir don cho‘qib, bir atrofga xavotir bilan alanglab qo‘yadigan musichaga
qiyos qilardi. O‘g‘illarim o‘zimga o‘xshab umr bo‘yi qil ko‘prik ustida yashashmasin, deb
bolaliklaridan o‘qishlariga jiddiy e’tibor berdi. Yuqori sinfga chiqishgach, qo‘shimcha
muallimlar yolladi. O‘g‘illarini sira ham o‘zining ishlari, tashvishlariga yaqinlashtirmadi.
Oldinma-keyin maktabni bitirgan o‘g‘illarining Moskvada o‘qishlarini istadi. So‘ng,
Germaniyaga borib o‘qish imkoni tug‘ilgach, hech ikkilanmay jo‘natdi. Manzuraning
xavotirlariga ham, injiqliklariga ham parvo qilmadi.
Bolalarini ikki yildan beri ko‘rmagan edi. Bu yozda ta’tilga kelishlarini kutayotgandi.
Doktor Xudoyorning kutilmagan tashrifi, garchi u xayrli gapni va’da qilgan bo‘lsa-da,
Asadbekning tinchini olgan edi. Xastalik sababmi yo ikki yillik sog‘inchmi, uning halovati
buzilgandi.
Ertalab Chuvrindidan voqeani eshitgach, doktor Xudoyorga o‘zi qo‘ng‘iroq qilmoqchi
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |