www.ziyouz.com kutubxonasi
181
— Yarmini nima qilmoqchisan?
— Yarminimi?.. Bir do‘stim bor, o‘shanga olib borib berasan.
— Aldayotgan bo‘lsang-chi?
— Seni aldashdan foyda bormi, menga? Kechgacha o‘yla, bilib qo‘y, sen buncha pulni
umringda ko‘rmagansan. Yana bir gap: kechgacha bu o‘tirishda siqilib o‘lmaylik. Agar
mendan cho‘chisang, oyoqlarimni bog‘lab qo‘y. Ammo yo‘lga chiqquncha bir maishat
qilaylik. Agar taklifimga ko‘nsang, kechqurun yo‘lga chiqsak, ertalab yetib olamiz. Agar
insof qilsang, marjaning to‘shagiga kirib chiqishga ruxsat berarsan.
Fedya yigitlarni chaqirib Zelixonni stulga o‘tqazdi-da, oyoqlarini bog‘latib qo‘ydi. Valya
stol ustiga aroq, kolbasa, non, piyoz, tuz keltirib qo‘yib, yotog‘iga kirdi-da, eshikni
zanjirlab oldi.
Fedyaning o‘zini erkin tutishi, Valyaning bulardan qo‘rqmayotganidan Zelixon bildiki, bu
ishlarga Xongireyning ijozati bor. «Xongireyning nozik bir joyidan ushlashganga
o‘xshaydi. Bo‘lmasa u meni osonlikcha bermas edi, — deb o‘yladi Zelixon. Keyin birdan
fikri charaqlab yorishdi: — E, ha, Xongirey, azizim, menga yaxshilik qilaman, deb
yomonlikni ravo ko‘ribsan-ku? Qishlog‘ida o‘lib ketmasin, besh-o‘n kun Sochida yayrab
olsin, deding-mi? Buning uchun o‘z o‘ynashingni qo‘shdingmi, menga? Eh, Xongirey, shu
masalada chechenga o‘xshamading. Qishlog‘imda o‘lganim, odamga o‘xshab
ko‘milganim yaxshi emasmidi?..»
Zelixonning muqobilida o‘lim to‘rlari tashlangan qorong‘i yo‘lakdan o‘zga yo‘l yo‘q.
Istasa-istamasa hademay o‘limning shirin suvini ichmog‘i joiz. O‘lim uni bag‘riga
olmoqqa shay. Faqat yana qancha soat yoki daqiqadan so‘ng, qaerda oladi — faqatgina
shu masala hal etilsa bas. Zelixon Farg‘onada ekanida o‘lim bilan yuzma-yuz kelmoq
dahshatini his etgan. To‘g‘ri, o‘zi aytganiday, o‘limi hech kimni larzaga solmaydi. Agar
Fedyaning gapi rost bo‘lsa, kislota bilan kuydirilsa, bu dunyoda jasadi ham, nomi ham
qolmaydi. Chechenning bir avlodi tomiri bilan uzilib, yo‘q bo‘ladi. Xudo bu oilaga
bittadan o‘g‘il berayotuvdi. Zelixonga buni ham ravo ko‘rmadi. Endi bu urug‘ quridi
hisob... Zelixon buni avval ham ko‘p o‘ylagan, oila qurishni reja qilgan, ammo o‘y
o‘yligicha, reja rejaligicha qolib ketavergan. Agar shu kelishida qishlog‘ida tinch-omon
yashab qolsa, oila qurarmidi, Xudo unga ham o‘g‘il berarmidi...
Zelixon maishat qilish istagini bildirgan bo‘lsa-da, tomog‘idan hech narsa o‘tmadi.
«Nasibamni yeb-ichib bo‘lganman, shekilli?» deb o‘yladi u. Shu asnoda so‘nggi luqmani
yuta olmay jon berayotgan bobosi ko‘z oldiga keldi.
Fedya katta qadahni to‘ldirib ikki-uch ko‘tarishda bo‘shatdi. U topshiriqni qaerda,
qachon, qay holda bajarish xususida aniq ko‘rsatmaga ega bo‘lsa-da, Zelixonning taklifi
uni ikki yo‘l qarshisiga keltirib qo‘ygan edi. Har qanday odamning fikrini o‘g‘irlash
jozibasiga ega bo‘lgan pul Fedyaning nozik qitiq patlarini o‘ynay boshlagan edi. Umri
faqat pul o‘marish dardi bilan o‘tayotgan odam katta boylik haqidagi xabarga e’tiborsiz
qarashi mumkinmi? Pul, boylik — go‘zal bir sanamki, uning to‘shagida orom olmaguncha
ko‘ngil tinchlik bermaydi. Pul, boylik — o‘rgimchak to‘ri kabiki, kishi ko‘zi ochiq holatda
bu to‘rni ko‘radi, oqibatda bu to‘r azobga giriftor qilajagini biladi, bilsa-da, yo‘ldan
qaytmaydi, to‘r ortidagi go‘zal sanamdan hech bo‘lmasa bittagina o‘pich olish ilinjida
tinchimaydi.
Fedya hozir tinchini yo‘qotdi. «Aldayotgan bo‘lsa-chi?» degan savolga «aldasa ham
o‘ladi, aldamasa ham o‘ladi. Sochida otdim nima-yu, qishlog‘ida otdim nima?» deb o‘ziga
tasalli berdi.
Fedya qistayverganidan keyin Zelixon ham ichdi. Vujudi qizib, o‘lim vasvasasidan
uzoqlasha boshlaganday bo‘ldi. Shunda ro‘parasidagi zulumot yo‘lagida bir chiroq yilt
etganday bo‘ldi. «Panoh bor,— dedi u o‘ziga o‘zi.— Xongirey saqlay olmasa, saqlaydigan
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |