www.ziyouz.com kutubxonasi
170
— Ha, Jalil, uzr, esimdan chiqibdi, —dedi Kozlov kulimsirab, — Asad, shu o‘rtog‘ing
menga yoqdi. To‘g‘ri odam ekan. Bunaqa odamni Gorbachga ro‘para qilish kerak. Qani
bir qayta qurib ko‘rsin-chi...
— Og‘aynimning ko‘nglida kiri yo‘q, gaplaridan xafa bo‘lma, — dedi Asadbek uning
hazilidan kulib.
— Xafamasman, chin aytyapman. U menga yoqdi. Shunaqa odam bilan razvedkaga
bemalol borishim mumkin.
— Men esa bormayman, — dedi Jalil.
— Nimaga endi? Yashirmay aytaver, nimaga?
— Sizlar pulga o‘rgangan odamsizlar. Do‘ppi tor kelsa sheriklaringni ham ikki pulga sotib
yuborasizlar.
— Yo‘-o‘q, — dedi Kozlov jiddiylashib. — Shu yerda yanglishding. Hammani ham
sotavermaymiz.
Asadbek boshlanayotgan bahsdan latta isi kelayotganini sezib, suhbatga aralashdi:
— Aleksey, sen boshqa narsa demoqchiyding. Gapni burvording?
— To‘g‘ri tanbeh beryapsan. Men aytmoqchi edimki, kim bo‘lsa bo‘lsin, musulmonmi,
xristianinmi, buddistmi — Xudoga sig‘inadi. Lekin bir-birini tan olmaydi. Shunisiga
ajablanaman. Mana, Jalil, bizlarni tan olmaysanlar, a? Nima derdinglar?
— Qaysi ma’noda?
— Boshqa dindagilarni.
— Ha... — Jalil bir oz o‘ylanib, so‘ng javob berdi. — Kofir deymiz.
— Esladim. Aynan kofir deysan. Xo‘sh, nimaga? Axir men ham yakka Xudo deyman, sen
ham. Qani javob ber.
Jalil bu xildagi bahsni, bunaqa qiyin savolni kutmagan edi. Islom ilmining alifbosini ham
bilmaydigan odam uchun boshqa din vakili bilan bahslashish oson emas. Asadbek kecha
hazil bilan bo‘lsa-da, to‘g‘ri aytib edi. Tag‘in ham Asadbek uni ayadi «chala mulla» desa
yanada aniqroq baho bergan bo‘lardi.
Jalil shu topda javobga qiynalsa ham, chala mullaligini oshkor qilgisi kelmadi. Chunki
bahsga chorlayotgan odamning diniy ilmi battarroq chala ekanini bilib turardi. Jalil «shu
chalaga gapimni berayinmi endi», degan fikrda mullalardan eshitganlarini eslab, javob
berdi:
— Kofir deganmizning boisi shuki, Xudo degan bilan ish bitmaydi. Xudo deb turib
haromdan qaytmaysizlar. Aroq ichasizlar, to‘ng‘iz go‘shti yeysizlar, zino qilasizlar...
— Shuning o‘zimi? — dedi Kozlov.
— Bu kammi? — dedi Jalil.
— Yaxshi. Bu narsalar sizlarning kitobingizda harom qilingan. Biznikida harom
qilinmagan. Xo‘sh, bunga nima deysan?
— Qur’oni karim oxirgi kitob. Olloh bandalarini haromdan qaytarish uchun bu muqaddas
kitobni tushirgan. Butun inson bolalarining shu oxirgi kitobga bo‘ysunishi shart.
— Itoat etmasa-chi?
— Itoat etmasa kofir bo‘ladi, qiyomatda do‘zaxda yonadi.
— Demak, men do‘zaxda kuyaman, sen esa jannatda mazza qilasan, shundaymi?
— Buni Olloh biladi.
— Yo‘q, bu gap bilan mendan qutula olmaysan. Sen o‘z gapingni ayt.
— Mening bilganim... — Jalil qarasaki, masala chigallashib ketyapti. Qaysi bir yig‘indagi
Sobitxonning «bahsda chuqurlashmanglar» degan gapini eslab, suhbatga yakun
yasamoqchi bo‘ldi: — Men o‘rischada yaxshi tushuntirib berolmayman. Biz tomonlarga
borsangiz, o‘rischani qotirib tashlaydigan mullalarimiz bor. O‘shalar tushuntirib
berishadi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |