www.ziyouz.com kutubxonasi
143
yo‘lida yana bir qadam qo‘yadi.
Eshik og‘zida mashina to‘xtashi bilan ichkaridan olti-etti yoshlar chamasidagi ikki bola
yugurib chiqdi.
— Polvon tog‘aning nevarasimisanlar? — deb so‘radi Chuvrindi, ulardan tasdiq javobini
olgach, buyurdi: — Yugur, bobongni chaqir.
Bolalar yarim yo‘lga yetmayoq Hovuz polvonning ovozi eshitildi:
— Kiravermaysanmi, xuddi begonaga o‘xshab turishingni qara.
Chuvrindi Hovuz polvonning peshvoz chiqishini kutib o‘tirmay, ichkariga qadam qo‘ydi.
— Kelganing yaxshi bo‘libdi. Esli bolasan, kelishingni biluvdim. Xudo rahmat qilsin, kim
bo‘lsin, shu yog‘och otga baribir minadi, — dedi Hovuz polvon uni bag‘riga bosib.
«Aqlli odam, — deb o‘yladi Chuvrindi, — «onangni berib qo‘yibsan», demadi, anavi
ahmoqqa o‘xshab «jigarim»lamadi...»
Chuvrindi ayvon bahavo, shu yerda o‘tiraylik, degan edi, Hovuz polvon «sen ham
kichkina odam emassan, izzatingni bil», deb ichkari uyga boshladi. Xontaxta atrofiga ikki
qavat ko‘rpacha to‘shalib, lo‘labolishlar tashlangan edi. «Kelishimni kutganmi yo uy doim
shunday yasatig‘liq turarmikin?» deb o‘yladi Chuvrindi.
Kelin salom berib kirib, darrov dasturxon tuzadi. Bir piyola choy icharli vaqt o‘tgach,
kosalarda ovqat kiritildi.
— Uyingizni mehmon bosadigan paytda kelibman shekilli, — dedi Chuvrindi quvlik bilan.
Hovuz polvon Chuvrindining uyida aytgan gapini eslab, kulimsirab qo‘ydi:
— Yo‘q, sen oshga tushgan pashsha emassan. Esingni taniganingdan beri uyimga endi
kelishing. Men bobong bilan oshna edim. Bobomning ruhlari orom olsin, desang,
do‘stlaridan xabar olib turishing kerak. Endi yosh bola emassan, bunaqa gaplarga ham
aqling yetsin.
— Polvon tog‘a, siz otamni bilarmidingiz?
— Yo‘q, men bu qishloqqa keyinroq kelganman. Lekin otangning yo‘qolganini
eshitganman. Har xil mish-mishlar yurardi.
— Qanaqa mish-mish?
— So‘raysan-a? O‘zing eshitmaganmisan? Shaharda o‘ynashi bor ekan, o‘sha kelib
o‘ldirib ketgan, degan gap-da.
— Haqiqatni hech kim bilmaydimi?
— Nega bilmaydi? Xudo biladi.
— Men ham... O‘limi oldida aytdi.
— Bilganing yaxshi. Lekin endi foydasi yo‘q. Orada nima sir bor, bilmayman. Lekin
sirligicha qolavergani ma’qul. Esli bolasan.
— Ha... — Chuvrindi xo‘rsindi. — Menga og‘ir meros qoldirdi. Bu sirni go‘rimga olib
ketaman.
— Ovqatingni ich, ko‘zyoshing kosaga tushsa, sho‘rvaning sho‘ri chiqib ketadi.
Ko‘ngli ezila boshlagan Chuvrindi bu tanbehdan so‘ng bir oz yengil tortib, jilmayib qo‘ydi.
Kelin kosalarni olib chiqqach, Hovuz polvon choy quyib uzatdi-da:
— O‘g‘lim eson-omon chiqib keldi, rahmat, — dedi.
— Qani o‘zi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Toqqa chiqib ketdi. O‘t o‘ryapti.
— Men bilan birga ketsin.
— Yo‘q, ko‘z oldimda bo‘lsin. Sening ishingni bilaman, qaltis. Bugun oshig‘ing olchi,
ertaga qarabsanki... Ke, qo‘y, mehnat bilan bo‘laversin. Yordaming kerak bo‘lib qolsa,
yugurib boraveraman.
— Unda uylantirib qo‘ying. Bevosh yurmaydi.
— Ha, mo‘ljal bor. Xashakdan tushsin-chi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |