XI b o b
1
Chuvrindi mashinani darvozasiga taqab to‘xtatishi bilan daraxt soyasida o‘tirgan kishi
qaddini rostladi. Baland bo‘yli, yelkalari keng bu kishini bir qarashdayoq tanib, yuragi
uvishdi. Necha yildan beri bu odam bilan uchrashishdan cho‘chiydi, o‘zini undan olib
qochadi. Qishlog‘iga borgan kezlari uni bir-ikki uzoqdan ko‘rib, ro‘para kelmaslik uchun
yo‘lni burdi. Qishloqda Hovuz polvon ismini olgan bu odam ham insof qilib uni ta’qib
etmadi. Uchrashish u yoqda tursin, uni o‘ylasa ham yuragi uvishardi. Chuvrindi bilib
qilgan ko‘p gunohlari orasida mana shunisini hech kechirolmaydi. Hovuz polvon
qamoqdan chiqib kelib uni yaxshilab do‘pposlaganida, hech bo‘lmasa so‘kkanida
bunchalik qiynalib yurmas edi. Bilagida devning kuchi bor bu odamning keng fe’l ekanini
ko‘pchilik bilmasa ham Chuvrindi yaxshi biladi.
Mahmud dastlab uni ko‘rganida yosh bola edi. Ularning qishloqlarida beshta hovuz
bo‘lardi. Uchtasidan odamlar suv ichardi, biri mol hovuz, biri ot hovuz edi. Sunbula
tug‘ib, suv tinish oldidan bog‘lanib, hovuz picha quritilib, so‘ng loyqadan tozalanib,
qishga tayyorlab qo‘yilardi. Hovuz polvon qishloqqa shu damda kirib kelgan edi. U haqda
Mahmud dastlab bobosidan eshitdi. «Bir polvon kelib, hovuzni o‘ziyla tozalab qo‘yibdi-
ya...» degan edi. Unga Hovuz polvon degan ismni ham bobosi qo‘ygan. Hozir hech kim
uni Egamberdi tog‘a, deb chaqirmaydi. Bu qishloqda ham, boshqalarida ham hovuzga
hojat qolmagan, u ham hovuz tozalamaydi, ammo Hovuz polvon degan nom unga hanuz
salobat, izzat baxsh etib turadi.
Mahmud chuvrindi holida shaharga kelib, Kesakpolvon bilan ishlay boshlagan kezlari edi.
Bir kuni bozor muyulishida poyloqchilik qilayotgandi. O‘ziga o‘xshagan ikki bola go‘sht
bozorda «ov»da, muyulishdan o‘tgandan keyingi choyxonada esa Kesakpolvon
pistirmada edi. Bolalarning «ov»i yurishmay, cho‘ntak kesayotgan mahalda sezdirib
qo‘yishsa shu muyulish tomon qochishardi. Qo‘llaridagi borini Mahmudga berishardi-yu,
yo‘lni choyxona sari burishardi. Cho‘ntagi kesilgan jabrlanuvchi choyxonadagi pistirmaga
duch kelgach, tuhmatchiga aylanardi-yu, bir-ikki tepki, musht yeb, suvga bo‘kkan
mushuk holida iziga qaytardi.
Mahmud chuvrindi shunday mas’ul vazifani bajarib turgan onda:
— Mahmudjon bolam, senmisan? — degan jarangdor ovozni eshitib, bir cho‘chib tushdi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |