www.ziyouz.com kutubxonasi
91
Bolasini tuproqqa topshirib kelgan kuni kechki payt qo‘ng‘iroq xuddi shunday jiringladi.
Biror kishi ko‘ngil so‘rab kelgandir, deb o‘yladi. Ayni damda u ko‘ngilga taskinlik bera
oluvchi odamga muhtoj edi. Afsuski, o‘ylagandek bo‘lmadi. Tavoze bilan salomlashgan
odam uni to‘yga aytib kelgan edi. «To‘yimizni o‘zingiz qizitib berasiz, aytganingizdan bir
so‘m kam bergan — nomard», deb gap boshlashining o‘zidayoq Elchinning joni
halqumiga keldi. «Bu odam tashvishimni bilmaydi-ku», deb o‘zini bosib, e’tibori uchun
minnatdorlik bildirib, taklifini rad etdi. U odam buni san’atkorning noz-firoqi deb anglab,
elanishni bas qilmadi. Toqati toq bo‘lgan Elchin tashvishini aytishga majbur bo‘ldi. «To‘y
yigirma besh kundan keyin-ku, Hofiz aka? Undan keyin bunaqa bolaga aza tutilmaydi»,
degan javobni eshitib, uning yoqasidan bo‘g‘ib olganini o‘zi ham sezmay qoldi. «Yigirma
besh kundan keyin bola tirilib keladimi?» deb bo‘ralab so‘kdi. To‘yga aytib keluvchi xayr-
ma’zurni ham nasiya qilib jo‘nab qolgach, «Meni odam deb aytib kelgan ekan,
tushuntirsam bo‘lardi...» deb qilgan ishidan afsuslandi. Uni odam deb emas, hofiz ham
deb emas, balki Asadbekning kuyovi bo‘lgani uchun taklif qilayotganini Elchin fahm
etmadi.
U hozir eshik ochgani borayotib shularni eslagach, yana g‘ijindi. Eshikni ochib, bashang
kiyingan, tavoze bilan salom berguvchini emas, yengi kalta kuylak kiygan, qoruvli,
qirg‘iy ko‘z yigitni ko‘rib, ajablandi. «Adashib kelgandir», deb xayol qilib, uning yorilgan
labiga, shilingan yonog‘iga qarab qo‘ydi.
— Elchin aka siz bo‘lasizmi? — deb so‘radi yigit.
— Ha, men...
— Sizda zarur gapim bor. Ostonadan haydamang, iltimos.
Yigitning gapi Elchinga malol keldi.
— Mehmonni ostonadan haydaydi, deb eshitgan edingizmi?
— Ozgina to‘poriligim bor, aka, aft-basharamni ko‘rib, gaplashmay qo‘yasizmi, deb
qo‘rqdim-da.
— Yigitchilikda aft-bashara degan shunaqa bo‘lib turadi. Qani, kiravering. Ostonada turib
gaplashishning xosiyati yo‘q, deyishadi.
Yigit ortiqcha takalluf kutmay avval hovliga, so‘ng mehmonxonaga kirib, Elchin
ko‘rsatgan joyga o‘tirdi. Ko‘z qarashlariga qarab, uni bu yerga og‘ir dard boshlab
kelganini fahmlash mumkin edi. «Bu yigit kim? Asadbekning dastyorlaridanmi yo
Asadbekning odamlaridan tepki yeb alamzada bo‘lganlardanmi», deb o‘yladi Elchin. Yigit
maqsadini aytishga qiynaldi. Barmoqlarini o‘ynab qisirlatdi. Elchin:
— Siz mening ismimni bilarkansiz, men esa... — deb gap boshlagan edi, yigit tilga kirib,
so‘zlarini bo‘ldi:
— Ismim Halimjon.
— Ismingiz jismingizga mosga o‘xshamaydi?
— To‘g‘ri, halimdek emasman. Men o‘zi... «cho‘rniy poyasman»1
— Zo‘riga tushib qoldingizmi? — dedi Elchin uning yuziga ishora qilib.
— Zo‘rlariga... Gap bunda emas. Kaltak yegan bilan odam o‘lmaydi, aka. Qornimga
emas, qadrimga yig‘layman, degan maqol bor-ku? Boshimga bir ish tushdi. O‘ylab-o‘ylab
chorasini topdim. Sizdan najot istab keldim.
— Najot? — Elchin kulimsiradi. — Mendan qanday najot kutish mumkin?
— Agar dardimga tushunsangiz, yuragingizda rahm-shafqat bo‘lsa, yordam bera olasiz.
— Halimjon, siz gapni juda uzoqdan boshlayapsiz. Dardingizni yigitchasiga shartta-
shartta ayting.
— Bo‘ladigan gap shuki, bir qiz bilan ahdu paymonimiz bor edi. Otasi unamabdi. Qizni
o‘qishdan chiqarib yurtiga olib ketishdi. Izma-iz bordim. Qizni olib qochdim, desam ham
bo‘ladi. Uning ham ko‘ngli toza, meniki ham toza edi. Nikoh o‘qitamiz, deb turuvdim.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |