www.ziyouz.com kutubxonasi
126
tanidan uzilib, beshik yonida qotdi...
Yog‘iyga omonlik bermagan Eski jo‘va dahasini so‘ngroq uqalo «Janggoh» deb
yuritmishlar...»
Anvar kitobdan bosh ko‘tarib o‘yga toldi: «Qiziqku, «xalq otasi» buni boshqacha talqin
qilib bergan. «Toshkent yigitlari chapani, urushqoq bo‘lgan. U mahalla bu mahalla bilan
mushtlashish uchun Eski jo‘vada to‘planganlar. Eski jo‘vadagi maydon shu bois
«Jangop», ya’ni «Janggoh» deb yuritilgan», deb yozaverib, bu gapning iyig‘ini chiqarib
yuborgan-ku?»
Anvar kitobga shu qadar berildiki, onasining hovli etagidagi uy eshigini ochib ikki marta
chaqirganini ham eshitmadi. Xotinining kirib kelganini ham avvaliga sezmadi.
Xonzoda uyga kirib, sochilib yotgan eski qog‘ozlar, gazit-jo‘rnallarni ko‘rib, dastlab
ajablandi. Yerda chordana qurib o‘tirganicha kitobga muk tushib olgan eriga qarab salom
berdi. Anvar salomni eshitdi, biroq kitobdan uzilgisi kelmay bosh qimirlatib qo‘ya qoldi.
Xonzoda, eri qarab ham qo‘ymagani uchun «yana kasallari tutdimi», deb qo‘rqib ketdi.
— Anvar aka, — dedi sekin, keyin cho‘chibroq bo‘lsa-da, ovozini ko‘tardi: — Anvar aka!
Anvar kitobdan bosh ko‘tarib, yalt etib xotiniga qaradi:
— Ha, keldingmi? — dedi-da, yana kitobga muk tushdi.
Xonzoda kiyimini almashtirib chiqqanida ham ahvol shu edi. U eriga bir oz tikilib
turgach:
— Nima ovqat qilay? — dedi, aybdor odamning ovozida.
Anvar javob bermadi.
— Ovqatni so‘rayapman, — dedi Xonzoda, ovozini bir parda ko‘tarib.
— Bu yoqda odamlar qiyma bo‘lib yotibdi-ku, buning dardi ovqat, — dedi Anvar
ming‘irlab.
— Nima deyapsiz, tushunmadim, — dedi Xonzoda.
— Mastava! — dedi Anvar jerkib.
Mastava Anvarning eng xushlamaydigan ovqati. Jahli chiqsagina shunday javob beradi.
Xonzoda savolni qaytarishga hojat yo‘qligini bilib chiqib ketdi. Oradan bir piyola choy
icharli vaqt o‘tib, onasi kirib keldi.
— Anvarjon, bolam, uydamisan? Chaqiraman, chaqiraman, indamaysan. Men seni qori
bola bilan xudoyiga ketvordingmi, debman. Tog‘angnikiga nimaga boruvding, kitob olib
keldingmi? Qanaqa kitob ekan?
Anvar «O, shpion, yetkazibdi-da», deb o‘rnidan turdi-da, onasini yetaklab divan tomon
yurdi.
— Qanaqa kitob deb so‘radim sendan, — dedi kampir joylashib o‘tirib olgach.
— Eskicha kitoblar.
Ziyrak kampir kelinining axborotidan so‘ng xavotirlanib chiqqan edi, shu sababli
o‘g‘lining qisqa javobidan qoniqmadi.
— Tog‘angda eski kitoblar bo‘lmasidi, qani, o‘qi-chi?
Anvar bu «tergov»dan osongina qutulmasligini bilib, charm muqovali kitobni qo‘liga olib
ochdi-da, duch kelgan yeridan o‘qiy boshladi:
— «Burun ul nimakim, farz etti Yazdon,
Erur oqilga bolig‘ bo‘lg‘ach imon.
Aning ma’nisidur til birla iqror,
Ko‘ngul birda inonmog‘lig‘ dag‘i bor.
Tilar bo‘lsang anga o‘zni yeturmak,
Bil, olti nimaga imon keturmak...»
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |