www.ziyouz.com kutubxonasi
124
— Rahmat, kennoyi, chang-pangini qoqib olay, — Anvar shunday deb boshini qog‘ozdan
ko‘tarib yangasi yonidagi uzun bo‘yli yigitchani ko‘rdi. Yigitcha — shu xonadonning
to‘ng‘ichi, tog‘asining nabirasi edi. Tog‘asining o‘limidan so‘ng bu uyga kam kelgani
uchun Anvar bu yigitchaning qanday odam ekanini yaxshi bilmasdi. To‘y-ma’rakalarda
bir-ikki almoyi-aljoyi gaplarini eshitib, ensasi qotgani uchun unga ro‘yxush bermas edi.
Onasi yonida tirjayib turgan yigitcha xuddi Anvar bilan birga yotib, birga turganday
salom ham bermasdan gap qotdi:
— Makulatura kerak bo‘lib qolibdi-da, a?
Anvarning ensasi qotdi-yu, indamadi. Yanga iziga qaytgach, bu xonadonning to‘ng‘ichi
cho‘ntagidan sigaret chiqarib, tutatdi. Anvar bu balodan tezroq qutulish uchun ishni
tezlashtirdi. Bunga fahmi yetmagan yigitcha esa kechasi bilan televizor ko‘rganini,
sessiyada qaysi deputat qaysisini «tuzlaganini» bir chetdan gapiraverdi. «Bunga it
urishtirishni tamosha qilish ham, sessiya ko‘rish ham baribir», deb o‘yladi Anvar.
Ishni oxiriga yetkazishga Anvarning toqati yetmadi. Yangasidan eski dasturxon so‘rab
olib, chordoqdan topganlarini tugdi-da, orqalab ko‘chaga chiqdi. Qo‘nalg‘aga yetay
deganda tog‘avachchasiga duch keldi. Tog‘avachchasi itini daraxtga bog‘lab qo‘yib, o‘zi
qora choponli bir odam bilan gaplashib turgan edi.
— Ha, topdingmi? — dedi u, Anvar yaqinlashgach.
— Topganga o‘xshayman, — dedi Anvar, — uyga borib qarab chiqaman.
— Ishing bitgan bo‘lsa bo‘pti-da. Shamsi, bu yigit bizning jiyan bo‘ladi. O‘zi olim. Katta
idorada olimlik qiladi. Miyasi g‘ij-g‘ij ilm. Shunda ham tinmay o‘qiydi. Otamdan qolgan
kitoblarni so‘rab kelibdi. Kitoblaringni sen nima qilding?
Shamsi deganlari, og‘zida nosi bor ekan, tupurib, labini yengiga artdi-da, qo‘l siltadi.
— E, arzimaydigan kitoblar ekan. Cho‘lpon deyishdimi-ey, yana allakimlar, deyishdi.
Otlari esimda yo‘q. Shayxontovurda bir idora bor ekan, eski kitoblarni sotib oladigan.
Manga arzimagan pul berishdi. Eskicha kitoblarga ko‘proq to‘lasharkan.
— Dodang ham parangman, deb yuravurgan ekanda, a? Tokchaning orasiga tilla-pilla
qo‘yib, keyin suvavormaydimi! — deb kuldi tog‘avachchasi.
— E, kitob jinnisi bo‘lgan ekanlar. Bunaqa odamda tilla nima qiladi?
Anvar bu suhbatdoshlardan tezroq qutulish uchun o‘ziga keraklisini kutmay, boshqa
tomonga boruvchi avtobusga chiqib jo‘navordi.
2
U hovliga tugunni orqalab kirganida ro‘paradagi uy eshigi ochilib Sobitxon qori chiqib
keldi. So‘ngra eshik og‘zida Risolat kampir ko‘rindi. U o‘g‘lining kelganini bilmay qoriga:
— O‘zi bilmasin, a? — deb tayinladi.
— Xo‘p, — dedi qori kulib, so‘ng kampir sirni oshkor qilib qo‘ymasin, deb qo‘shib qo‘ydi:
— Ana, Anvarjon kelyaptilar.
— Keldingmi, bolam, — dedi Risolat kampir ostona hatlab, — akang eson-omon ekanmi?
Anvar qori bilan salomlashgach, onasiga javob berdi:
— Urug‘laringiz sog‘inib-sog‘inib salom aytishdi. Jiyaningiz itidan ortsa, ammajonini
ko‘rgani albatta kelarkan. Oyog‘iga poyandoz tayyorlab turing.
— Bo‘ldi qil, eski paxtani chuvima. Iti sani arpangni xom o‘ryaptimi, nima ishing bor.
Qori bolam, bunga bi-ir nasihat qilib qo‘ying, a?
Sobitxon qori o‘ziga yarashgan kulimsirash bilan «xo‘p» deb qo‘ydi. Anvar taklif etgan
«bir piyola choyga» kirishga unamadi. Zarur ishlari borligini aytib darvoza tomon
yo‘naldi.
— Qori aka, shoshib turgan bo‘lsangiz ham bir nafas vaqtingizni olaman, — Anvar
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |