www.ziyouz.com kutubxonasi
86
hamla qilar edi. Shunday havoda pinjagining yoqasini ko‘tarib, qo‘llarini cho‘ntaklariga
solib, shumshayib qolgan yigitga qarab birovlar «esi sog‘mi bu odamning» desa, birovlar
«yo‘lto‘sarlar yechintirib olgan shekilli», deb achinardi. Hech kim «bu bechorani kuzda
jinnixonaga xuddi shu kiyimda olib kelishgan edi, «xotinim palto olib kelar», deb kutib
o‘tirmay chiqib kelaveribdi-da», demas edi.
Avtobusda Anvarning joni picha orom olgan edi. Pastga tushib besh-o‘n qadam bosmay
yana qaltiray boshladi. Tez-tez yursa ham isimadi. Hovlisiga bezgakka uchragan
odamday titrab-qaqshab kirib keldi. Uyiga kirmay, to‘g‘ri hovli etagidagi onasining
xonasiga qarab yurdi. «Uydamikinlar ishqilib?» deb o‘yladi u. Onasi, ko‘zi ojizligiga
qaramay, devorlarni paypaslab yurib qo‘shnilarnikiga yo‘rg‘alab qolardi. Mahalla-
ko‘yning issiq-sovug‘idan doimo xabardor bo‘lib turgan ayol ko‘zdan qolsa qiyin ekan.
Uyga sig‘maydi. Ko‘ngil qurg‘ur «o‘tirma, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga chiq, dardi bo‘lsa dardini
ol», deyaveradi. Shunaqa paytda yomg‘irmi-qormi, issiqmi-sovuqmi farqi yo‘q— uydan
chiqadi.
Eshikka yaqinlashganida radiodan chiqayotgan ovoz eshitildi. «Uyda ekanlar» deb o‘yladi
Anvar yengil tortib. Eshikni ochib ichkari kirishi bilan onasi:
— Kim? — dedi. Javob kutmay so‘radi: — Anvar, senmisan?
— Menman, oyi, assalomu alaykum.
— Voy, bolaginamdan aylanay, kelgan bo‘lsang o‘rgilay, nimaga qaltirayapsan, bolam?
— u shunday deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Anvar tez-tez yurib borib cho‘k tushdi-da,
onasini quchdi.
— Voy, bolam, yupunligingcha kelaverdingmi? Sodiq akangnikiga telpon qilsang
bo‘lmasmidi? Xotining uydaydi-ya, lip etib kiyimlaringni olib borardi. Tanchaga o‘tira qol,
ha, omon bo‘lgur-a, shunday kelaverganingni qara. — Risolat kampir Anvarni xuddi
go‘dakni avaylaganday tanchaga o‘tqazdi. Qo‘lini ko‘rpa orasiga tiqib choynakni oldi-da,
choy quyib uzatdi: Anvar hovuri o‘lmagan choydan bir-ikki ho‘plagach, Risolat kampir
o‘rnidan turib, radioni o‘chirdi. So‘ng eshikni qiya ochib «Xonzoda-yu, hoy Xonzodaxon»,
deb chaqirdi. Xonzoda — Anvarning ko‘z ochib ko‘rgan xotini. Asl ismi Zebi. Charlari kuni
Risolat kampir «Mening o‘g‘lim anov-manov bolamas, u xonning o‘zginasi, kelinim esa
Xonzoda bo‘ladi» deb hazillashganidan beri Zebi — Xonzoda bo‘lib ketgan. Hovlidan
«Hozir, oyijon», degan ovoz keldi. Dam o‘tmay eshik ochilib, Zebi — Xonzoda ko‘rindi.
Eriga ko‘zi tushib «Voy», deb ajablandi. Keyin shoshilib salom berdi.
— Kecha... indamovdingiz-ku? — dedi o‘pkalanib.
— Kecha noma’lum edi. Bugun qarashsa, tuzalib qolibman. Senga ruxsat, to‘rt tomoning
qibla, deyishdi, kelaverdim.
— Tuzalib qolding, deyishdimi? Oldin kasalakansanmi, voy omon bo‘lgur. Hay,
Xonzodaxon, issiq kiyimlarini olib chiqing darrov.
— Uyga kiraqolinglar... issiqroq-da.
— Shu yerda birpas o‘tirsin, tancha sovuqning zaxrini oladi. Olovni titib qo‘yay-chi. Shu
er sizniki, man bilan birpasgina o‘tirsin, keyin olib chiqib ketasiz.
— Voy, oyi, gapingizni qarang...
Risolat kampir «bopladimmi», deganday miriqib kuldi.
— Sodiqnikiga chiqib mullakangizga tilpon qilib qo‘ying. Maskoviga ketmagandir hali.
Ukasini ko‘rib ketsin. Hay, yana Habib Sattorovich, demang-a. Mullaka deng...
Xonzoda: «Xo‘-o‘p, oyi» deb chiqib ketdi. U qaynog‘asi bilan birga ishlar, ko‘pchilik
«Habib Sattorovich» degani uchun u ham uyda ba’zan shunday deb yuborar, o‘rnida
uzib oladigan qaynona shubhasiz, buni nazardan chetda qoldirmas edi.
Habib Sattorovich Zohidni kuzatib, endigina qog‘ozlariga tartib berayotganida telefon
jiringladi. Ukasining qaytganini, onasining topshirig‘ini eshitib, soatiga qarab oldi — hali
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |