LUVR MUZEYIDA
(Farangiston xotiralaridan)
Luvrda - muzeyning bag‘rida sokin
Ming yillik ashyolar turibdi qator.
Bunda shohlar taxti hashamdor, yorqin,
Bunda gadolarning sopoli ham bor.
Boqib, o‘yga cho‘mdim Luvr uyida,
Tarixni bus-butun ko‘rarmikanman?
Payt kelib, O’zbekning bir muzeyida,
Singan sopolchalik turarmikanman?!
1998
SAFARDOSHLAR
(Hazil)
Aslo boylar bilan chiqma safarga,
Agar ziqna bo‘lsa, sharmanda qilar.
O’rta hol zot bilan kezsang agarda,
U o‘lik-tirigin bo‘yningga ilar.
Kambag‘al hamroh-chi, bilmaydi firib,
Sezdirmas bormi yo yo‘qligini u.
Yiqilsa yiqilar sillasi qurib,
Aytmaydi ochmi yo to‘qligini u.
1998
Do'stlaringiz bilan baham: |