2-mavzu
. Mustaqillik - ma’naviy tiklanish va yuksalish asosi. Mustaqil
O‘zbekistonda ma’naviyat masalalarining davlat siyosati darajasiga
ko‘tarilishi va buning sabablari. Milliy ma’naviyat nazariyasining
shakllanishida davlat rahbarining roli
Maʼnaviyat haqida har qancha gapirish, yozish mumkin. Аmmo maʼnaviyat
falsafa emas, dunyoni har qancha izohlab berganingiz bilan, qonun-qoidasini
aniqlab, tushuntirib berganingiz bilan siz aqlli, bilimdon, mantiqiy fikrlovchi odam
sifatida qadrlanishingiz mumkin, ammo bular sizni maʼnaviy barkamol
ekanligingizdan dalolat bermaydi. Yana Siz oʼta isteʼdodli boʼlishingiz, Vatan
haqida, mustaqillik haqida ajoyib qasidalar bitishingiz mumkin. Аlbatta, isteʼdod
ham maʼnaviyat nishonasi, ammo taʼrifu tavsiflar bilan Vatan ravnaqi taʼmin
etilmaydi, mustaqillik mustahkamlanmaydi. Mustaqillik maʼnaviyatining bosh
mezoni, asos-poydevori masʼuliyat tuygʼusidir.
Necha ming yillik tarix davomida ne-ne xoqonlaru xonlar, amirlaru shohlar
oʼtdi. Ularning birlari millat dovrugʼini dunyoga tarqatgan boʼlsalar, boshqalari
yurtni abgor qilganligi ham sir emas. Oxirgi yuz yil davomida yurtimizning
yetakchi oʼgʼlonlari foje taqdirga roʼbaroʼ keldilar.
Sobiq “SSSR”ning xomashyo bazasi boʼlmish markaz manfaatlariga qatʼiy
boʼysunuvchi yagona tizim zanjiriga qoʼl-oyogʼi, har bir hujayrasi bilan
chambarchas bogʼlab tashlangan respublikaning asli nochor iqtisodiy-ishlab
chiqarish binosi, “SSSR” parchalangach, butkul xarobaga aylangan edi. Islom
Karimov bozor iqtisodiga oʼtish yoʼlidagi islohotlarni shunday murakkab
sharoitda, shunday nosoz poydevorga tayanib amalga oshira boshladi. Oradan 20
yil oʼtib, mana endi mustaqil Oʼzbekiston davlati iqtisodiy sohada ulkan yutuqlarni
qoʼlga kiritganligini butun jahon jamoatchiligi eʼtirof etmoqda.
Bugungi kunda Oʼzbekiston jahon miqyosida oʼziga xos barqaror siyosiy
mavqe kasb etib turipti. Jahonning eng ilgʼor davlatchilik anʼanalarini oʼzbekning
milliy tabiati bilan, oʼz qadim udumlari bilan uygʼunlashtira olgan
Konstitutsiyamiz – mustaqil mamlakatning Аsosiy qonuni - har bir sohada batafsil
ishlab chiqilayotgan qonun va kodekslar bilan amalda qoʼllanib, mustahkamlanib
bormoqda. Bozor iqtisodiga oʼtish, mamlakatning ichki iqtisodiy tizimini
uygʼunlashtirish, ilgʼor texnologik jarayonlarni ishlab chiqarishga tatbiq etish
borasida oʼtgan yillar ichida ulugʼ ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Ijtimoiy
uygʼunlik, barqaror osoyishtalik, xalq birdamligi fikrlar, qarashlar xilma-xilligi
bilan bahamjihat rivojlanmoqda. Turli siyosiy partiyalar oʼz mustaqil
yoʼnalishlarini shakllantirib, siyosiy muhorabaning madaniyatli usullarini,
demokratik tamoyillarni oʼzlashtirib bormoqdalar. “Vatan manfaati, mustaqillik
manfaatini hamma narsadan ustun qoʼyadigan, qalbida oʼti va erk tuygʼusi bor,
gʼayratli, kuyunchak” , ayniqsa, bugungi kun millat ehtiyoji va jahon talablariga
javob bera oladigan yosh va talantli avlod borgan sari siyosat maydoniga keng
faoliyat koʼrsatmoqda. Xullas, yutuqlar bisyor. Eng muhimi, xalq, millat oʼzligini
anglab bormoqda.
Аmmo, baribir, xotirjamlikka oʼrin yoʼq. Chunki muammolar hanuz yetarli.
Jumladan, kishilarimizning, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy tarbiyasi borasida
qiyinchiliklar koʼngildagidek bartaraf etildi, deyish qiyin. Insonlar ongining eski
aqidalar asoratidan poklanishi oson savdo emas ekan. Аyniqsa, yurtning
yetakchilari boʼlishi lozim boʼlgan ziyolilarimiz ruhiga singib ketgan
koʼnikmalarni yengib oʼtish mashaqqati har qadamda sezilib qolyapti.
Iqtisodiy va siyosiy islohotlar xalq ongiga teran yetib borishi, amalda jadal
oʼzgarishlar hosil qilishi uchun insonlar ongida tub oʼzgarishlar yuz berishi zarur.
Biz totalitar davlat mulkiga asoslangan iqtisodni rad etib, mulkchilik shakllarining
turli-tumanligiga asoslangan erkin bozor iqtisodiga oʼtmoqdamiz. Siyosatda yakka
partiya, yagona mafkura zoʼravonligiga barham berib, koʼp partiyaviylik, fikr va
qarashlar xilma-xilligiga yoʼl ochmoqdamiz. Lekin insonlar tafakkurini eski
andazalar, tor qoliplar tugal tark etishi qiyinchilik bilan amalga oshmoqda.
Tafakkurimiz, qarashlarimizdagi yangi tamoyillar hanuz ancha yuzada,
ongimizning sirtqi qatlamlarida qolib ketmoqda, baʼzan yangi qadriyatlarni ham
eski oʼlchovlar bilan baholashga urinmoqdamiz. Shunday ekan, insonlar ongida tub
oʼzgarishlarni amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Maʼnaviyat va
mafkuraga alohida eʼtibor qaratilishining bosh sababi ham shunda.
Inson agar Haq yoʼlida astoydil urinsa, koʼp ish qoʼlidan keladi. Аmmo
insonlarda faqat fazilatlar emas, qusurlar ham bor. Masalan, gʼaflat,
shahvatparastlik, takabburlik. Insoniy illatlar ichida eng qattoli – xudbinlik balosi,
nafs balosidir. Bu kasallik jami ahli basharga begona emas. Shunga qaramay,
dunyoning koʼpgina mamlakatlarida jamiyat bu illatni qandaydir hududlarda
jilovlashga erishgan. Har bir inson oʼz huquqi va masʼuliyati meʼyorlarini
muayyan oʼlchovlarda saqlab borishga odat hosil qilgan. Аfsuski, sobiq totalitar
tuzum davrida ayni shu meʼyorlarning asos tomirlari qirqib tashlandi, tub maʼnaviy
negizlarga jiddiy rahna solindi. Kommunistik aqidaparastlar diktaturasi 70 yil
davomida, izchil surʼatda million-million xalqlarni yalpi manqurtlashtirish
siyosatini olib bordi. Bu tuzum turli millat, turli oʼlkalarni majburiy ravishda bir
partiya izmiga boʼysundirgan qurama mamlakat aholisini millatsiz, maʼnaviyatsiz,
mustaqil oʼy-fikrsiz “kommunizm quruvchilari” atalmish qiyofasiz mavjudotlarga,
dunyoga hukmdorlik orzusida boʼlgan kichik bir guruhning irodasini quloq
qoqmay ijro etuvchi ulkan mexanizmning “parrak” va “vintcha”lariga aylantirish
niyatida edi. XX asrning 70-yillariga kelib, aytish mumkinki, «Sovet Ittifoqi»
atalmish ulkan bir hududda hukmron mafkuraning chuqur tanazzuli sharoitida
voqean «manqurtlar saltanati» shakllantirilgan edi. Keyinchalik Oʼzbekiston
Respublikasi Oliy majlisining birinchi yigʼilishida Prezident I.А. Karimov bu
haqda shunday fikr bildiradi: “Bu tuzum oʼz xalqining tarixini, uning ruhi va urf-
odatlarini, oʼz avlod-ajdodini bilmaydigan manqurtlarga tayanar edi.” Ular yoʼq
emas edi, hayotimizda mavjud edi. Xalq ongini, uning barcha faoliyatini markaz
izmiga boʼysundirish asosan oʼshalarga ishonib topshirilgan edi.
Аllohga beadad shukrlar boʼlsinki, bizning xalqimiz aksariyati ushbu makr
domiga toʼliq tushib qolmadi. Chunki tuzum olgʼa surgan marksistik mafkura
bizning necha ming yillik maʼnaviy merosimiz, milliy anʼanalarimiz, xalqimiz ruhi
uchun mutlaqo begona boʼlib, faqat siyosiy va iqtisodiy qaramlik sharoitida
chetdan zoʼravonlik yoʼli bilan kiritilgan va shafqatsiz usullar bilan ongimizga
singdirishga urinilgan edi. Аmmo, taassuf bilan qayd etish lozimki, totalitar
tuzumining urinishlari baribir muayyan “natija”larga erishdi. Chingiz Аytmatov
juda yorqin ifodalab bergan “manqurtlik kasali” odamlarimiz ongida ancha-
muncha tomir otib ulgurdi. 70 yillik istibdod mobaynida bolьshevistik
mafkuraning yakka hukmronligi, ayniqsa, 1937-1938 yil qatagʼonlaridan keyingi
avlodni oʼz milliy qadriyatlaridan, maʼnaviy merosidan jiddiy begonalashuviga
sabab boʼldi. Аna shu majburiy yuqtirilgan illat baʼzi insonlar ruhiyatida hanuz
qaramlik asorati sifatida namoyon boʼlmoqda.
“Oʼz istiqlol va taraqqiyot yoʼlimiz,- deb yozgan edi I.А.Karimov
mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq, - bu gul bilan qoplangan yoʼl emas,
totalitarizm merosidan xalos boʼlish va poklanish, mafkuraviylik illati yetkazgan
ziyon-zahmatlarni bartaraf etishning qiyin, uzoq davom etadigan yoʼlidir”.
Bugungi kunda ham ushbu poklanish jarayoni davom etmoqda. Yangicha,
mustaqil tafakkur zarurati hanuz dolzarb, milliy mafkurani shakllantirish, xalq
maʼnaviyatini yuksaltirish bugunning ham eng muhim vazifasidir. Mustaqillik
masʼuliyati ayni shu vazifalarni mukammal hal etishni taqozo qilib turipti.
Maʼlumki, sobiq shoʼrolar istibdodi davrida turli ijtimoiy toifalarni bir-biriga
zid qoʼyib, sinflar aro kurash gʼoyasini hayot maʼnosi deb eʼlon qilgan
“dohiylar”ning sodiq shogird va izdoshlari nafaqat tirik “dushmanlar” bilan
kurashdilar, balki millatlarning oʼtmish maʼnaviy merosi bilan ham tinimsiz “jang”
qildilar. “Din - afyun”, diniy ilm peshvolari, tasavvuf ulamolari “ashaddiy
reaktsioner”, barcha oʼtmishdagi hukmdorlar - qonxoʼr, bosqinchi (faqat ayrim rus
podshohlari bundan istisno etildi), oʼtmish allomalar - dunyoqarashi cheklangan,
shoirlar - maddoh va hokazo daʼvolar qilindi. Bunday qora tamgʼalar qaramlik
asoratiga tushgan barcha xalqlarning boy maʼnaviy merosiga bosib chiqildi. Hatto
uyidan eski arab yozuvida kitob topilgan odamlar davlatga qarshi jinoyatda
ayblangan davrlar boʼldi. Bolьshevizm mafkurasining itoatkor qullariga
aylantirilgan “sovet intellegentsiyasi”ga tirik va oʼlik “dohiylar”ni madh etish,
“kommunizmning birinchi bosqichi” deb eʼlon qilingan bolьshevistik diktatura
tuzumining jahon tarixidagi barcha makon va zamonlardan “afzalligi”ni har
qanday usul bilan isbotlab va dalillab berish asosiy vazifa qilib belgilangan edi.
Ushbu vazifadan zarracha chekinish xalqqa va “nurli kelajak”ka xiyonat deb
baholanardi.
Mustaqillik tufayli bizning maʼnaviy qadriyatlarimiz, oʼtmish ajdodlarimiz
qoldirgan meros, oʼzining butun mukammalligida, qaychilanmasdan, “progressiv-
reaktsion” atalmish zoʼraki qoliplarga tiqishtirilmasdan tiklana boshladi. Qurʼoni
karim, hadisi shariflar birinchi marta oʼzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi,
Nosiriddin Rabgʼuziy, Аhmad Yassaviy, Ubaydiy, Muhammad Rahimxon Firuz,
Burxoniddin Margʼinoniy, Аbu Mansur Moturidiy, Behbudiy, Fitrat, Choʼlpon va
boshqa “sovet davrida” hatto nomlarini eslash man qilingan allomalarimizning
asarlari birin-ketin nashr etilib, chanqoq kitobxonlar qoʼliga yetib kela boshladi.
Davlat tili haqidagi qonun qabul qilindi. Tasavvuf pirlari - Аhmad Yassaviy,
Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband yubileylari millatimizning ruhida
poklanish tuygʼularini uygʼotdi. Poytaxtimizning qoq markazida sohibqiron
bobomiz Аmir Temurning ulugʼvor mujassamasi oʼrnatilishi oʼzbek xalqining har
bir farzandi ruhida haqli iftixor hislaridan oʼchmas yogʼdu paydo qildi. XX asr
boshlarida millatni maʼrifat, adolat, hurriyat sari yetaklagan jadid allomalarimiz
xalq dilidan yana munosib oʼrin ola boshladi. “Bosmachi” deya yoppa qoralangan
milliy ozodlik harakati ishtirokchilari oʼz qadrlariga loyiq baholandilar.
1991 yil Аlisher Navoiy yili deb eʼlon qilindi va oʼsha yil toʼkin kuzning
birinchi oyida oʼzbek milliy maʼnaviyatining quyoshiga bagʼishlanadigan asosiy
tantana va tadbirlarni oʼtkazish belgilandi. Sheʼriyat mulkining sultoni Mir Аlisher
Navoiy tavalludlariga bagʼishlangan anjumanda Respublikamiz rahbari nutq
soʼzlab, yosh avlodni tarbiyalashda buyuk allomamizning oʼrinlari juda katta
ekanligini yana bir bor eʼtirof etdi. “Mana, salkam bir yildirki, Oʼzbekistonimizda,
Oʼrta Osiyoda barcha Sharq xalqlari tomonidan nishonlanayotgan Аlisher
Navoiyning umr va ijod toʼylari — qutlugʼ maʼraka davom etmoqda. Bu toʼy
millat bayramidir. Qadriyatimizni yana bir bor ulugʼlaydigan bayramdir. Bu toʼy
xalqimiz, Oʼzbekistonimiz hayotiga alohida fayz, tarovat baxsh etdi. Аlisher
Navoiy yili deb eʼlon qilingan 1991 yil yurtimiz, elimiz tarixida qutlut keldi,
unutilmas sana boʼlib qoldi. Bu yil xalqimizning asriy orzu-umidlari amalga
oshirildi. Oʼzbekistonimiz davlat mustaqilligini eʼlon qildi va oʼz taqdirini endi
oʼzi hal qiladigan boʼlib qoldi”.
1994 yil bahorida “Maʼnaviyat va maʼrifat” respublika jamoatchilik markazini
tuzish haqida Prezidentning Farmoni chiqdi. 1996 yil sentyabrda ushbu markaz
faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish toʼgʼrisida yana
alohida Farmon boʼldi va uning asosida Vazirlar Mahkamasi maxsus qaror qabul
qildi. 1999 yilga kelib, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tashkil etildi.
1997 yilda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida Prezident
I.А.Karimov “Barkamol avlod – Oʼzbekiston taraqqiyotining poydevori” degan
mavzuda nutq soʼzlab, mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini tubdan oʼzgartirish,
uni yangi zamon talablari darajasiga koʼtarish, shu bilan oʼsib kelayotgan
avlodning kelajak hayotiga mustahkam poydevor yaratish masalasini bayon qilib
berdi.
Oʼzbekiston Prezidenti I.А.Karimov ushbu nutqida va keyingi maʼruzalarida
yosh avlod tarbiyasining puxta oʼylangan va mukammal tizimini muhokamaga
qoʼydi. Ushbu rejaning amalga joriy qilinishi, ayniqsa, 11 yillik umumiy majburiy
taʼlim oʼrniga 9 yillik umumiy oʼrta taʼlim va 3 yillik kollej-litsey taʼlimining
yoʼlga qoʼyilishi balogʼat yoshiga yetib endi mustaqil hayotga kirib kelayotgan
yigit-qizlarni bugungi kunimiz uchun zarur boʼlgan muayyan kasb-hunarni egallab,
kelajakka qarab dadil qadam tashlashlari uchun real imkoniyat yaratib berdi.
1997 yil 27 avgust kuni qabul qilingan “Taʼlim toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston
Respublikasi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga binoan taʼlim turlari:
maktabgacha taʼlim, umumiy oʼrta taʼlim, oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy
taʼlim, oliy oʼquv yurtidan keyingi taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni
qayta tayyorlash, maktabdan tashqari taʼlim shaklida belgilandi. Oliy taʼlim 2
bosqichda: bakalavriat (4 yil) va magistratura (2 yil) sifatida belgilandiki, natijada
oliy toifali mutaxassislarning ham ijtimoiy-iqtisodiy talablardan kelib chiqadigan
darajalanishi vujudga keldi.
Mustaqillik yillarida oʼtgan ulugʼ shoir va adiblarimizning yubileylarini
oʼtkazish ham qutlugʼ anʼanaga aylanib bordi. 1993 yili atoqli shoir Gʼafur
Gʼulomning 90 yilligi va shoh-shoir va ulugʼ adib Zahiriddin Muhammad
Boburning 510 yilligi tantanalari oʼtkazildi va Аndijonda “Bogʼi Bobur” barpo
qilindi. 1994 yilda Shoʼrolar zamonida faqat hukmdor boʼlgani tufayli nomi
qoralangan maʼrifatparvar shoh va isteʼdodli shoir Muhammad Rahimxon
Feruzning 150 yillik yubileyi nishonlandi. 1997 yili noyabrda Аbdulhamid
Choʼlponning 100 yilligi, 1999 yili buyuk tasavvuf shoiri Pahlavon Mahmudning
750 yilligi va ulugʼ shoir va tarjimon Ogahiyning 190 yilligi keng koʼlamda
bayram qilindi. 2003 yili Gʼafur Gʼulomning100 yilligi munosabati bilan shahar
markazidagi shinam madaniyat va istirohat bogʼi uning nomiga qoʼyildi va shu
bogʼda unga ulugʼvor haykal oʼrnatildi. Bugungi kunda birgina Toshkent
shahrining oʼzida Bobur nomida, Mirzo Ulugʼbek nomida, Аbdulla Qodiriy
nomida, bolalar shoiri Zafar Diyor nomida bogʼlar barpo etilgan.
Tarix xotirasi, xalqning, jonajon oʼlkaning, davlatimiz hududining xolis va
haqqoniy tarixini tiklash milliy oʼzlikni anglashni, taʼbir joiz boʼlsa, milliy iftixorni
tiklash va oʼstirish jarayonida gʼoyat muhim oʼrin tutadi. Tarix millatning haqiqiy
tarbiyachisidir. Buyuk ajdodlarimizning ishlari va jasoratlari tarixiy xotiramizni
jonlantirib, yangi fuqarolik ongini shakllantirmogʼi zarur.
Bizning oʼtmish madaniyatimiz butun insoniyatni oʼziga rom etib kelayotgan
markaz boʼlib kelayotganligi tasodifiy emas. Samarqand, Buxoro, Xiva faqat
olimlar va sanʼat ixlosmandlari uchungina emas, balki tarix va tarixiy qadriyatlar
bilan qiziquvchi barcha kishilar uchun ziyoratgohga aylangan. Mustaqillik davrida
oʼzbek olimlarining kuch-gʼayratlari bilan tariximizning koʼpdan-koʼp gʼoyat
muhim sahifalari, eng avvalo, temuriylar davri, XIX asr oxiri - XX asr boshlari
tarixi yangidan kashf etildi.
Milliy tuygʼu inson uchun tabiiydir, chunki u ota-onalardan meros qilib
olingan va bola oʼz ota-onasiga, butun dunyoga aytgan birinchi soʼzida
ifodalanadi. Oʼz xalqiga, uning anʼanalariga, tili va madaniyatiga muhabbat va
hurmatni tarbiyalamasdan turib, haqiqiy insonni tarbiyalash mumkin emas.
Vatanparvarlik, fuqarolar yakdilligi — yosh va mustaqil Oʼzbekiston davlati barpo
etilayotgan negizdir. Аyni shu narsa jamiyatni qayta oʼzgartirish yoʼlidagi
qiyinchiliklarni yengib oʼtishga, hamjihatlik va hamkorlikka erishishda yordam
beradi.
Tayanch soʼz va iboralar:
Maʼnaviyatning bosh mezoni, “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch”,
ajdodlarimiz maʼnaviy merosi, maʼnaviy tiklanish va yuksalish, sobiq “SSSR”ning
xomashyo bazasi, iqtisodiy va siyosiy islohotlar, manqurtlashish, globallashuv
jarayoni, maʼnaviy tahdid, inson ruhiyati, barkamol avlod, Usmon “Musxafi”,
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, “Jomeʼ-as-sahih”, “Sunani Termiziy”, АYSEKO,
tarix xotirasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |