www.ziyouz.com kutubxonasi
52
YETTINCHI BO’LIM
QUR’ONNING KALOM SIRI
Men shu yergacha aqlchi (ratsionalistik) ilmlar yo‘li bilan Qur’onning qanday muhtasham
mo‘jizalar manbai ekanligini ochishga urindim. Endi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qur’onning o‘ziga
yaqinlashib, uning aql bovar qilmas siri-Qur’on haqiqatiga e’tiboringizni tortmoqchiman.
Har kuni sizni o‘rab olgan ba’zi hikmatlarni hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Qur’ondan oyatlar o‘qib,
balolardan qutulganingizni, o‘qigan fotihangiz bilan o‘liklarga huzur va rahmat yetkazganingiz va yo
Qur’onni anglamasangiz ham uni eshitganda ko‘nglingiz yayraganini, ko‘zlaringiz nurga to‘lganini,
qanchadan-qancha kitoblar, so‘zlarning ta’siri tez o‘tib ketgani holda, Qur’onning ta’sirchanligi o‘n
besh asrdan beri hech o‘zgarmay yashab kelayotganini xayolingizdan o‘tkazganmisiz?
Butun bu haqiqatlarni quruq moddiy qoliplar asosida sezib bo‘ladimi?
Qur’onning mana shu moddiy dunyodan tashqaridagi hikmatlari kalom siri deyiladi.
Payg‘ambarimiz Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallamdan: "Ey, Ollohning Rasuli, har
payg‘ambarning bir mo‘jizasi bor: Musoning hassasi, Iso nafasining hayotbaxshligi (o‘liklarni ham
tiriltira olishi)ni bilamiz. Sizning mo‘jizangiz nima?" - deb so‘raganlarida, "Mening mo‘jizam kalomdir",
- deb buyurganlar.
Kalomdagi so‘zlar so‘z emas, so‘zlar yig‘indisi oddiy gap emas, ilohiy hikmatlar xazinasidir.
Kalomdan tashqaridagi barcha so‘zlar va bilimlar moddaning tashqi xususiyatlarini bildiradi. Kalom
esa har narsaning mohiyatini ochib beradi. Bu mohiyatda Tangrining ilg‘or san’atini ko‘ramiz va
go‘zalligini his qilamiz, Qur’on oyatlari har bir kalimasida, har bir iborasida bizni bir sirdan ogoh etadi,
har narsaning, har xodisaning zamiridagi haqiqatni anglatadi.
Qur’on, har kalimasi bilan ashyoning mohiyatini eng tashqaridan eng ichigacha - qalbigacha,
o‘zagigacha - birma-bir ochib beradi, har o‘qilganda yangi bir hikmatni his qildiradi.
Zero, Kalom siri - bu, ma’nodir. Shu vajdan bu sir zako va idrok bilan emas, qalb bilan seziladi.
Qur’onning eng asosiy jihati bo‘lgan ifodalar va qamrovlarning tagiga yetish juda qiyin. Men
Qur’ondagi ana shu hikmatni to‘rt bo‘lim orqali sizlarga yetkazishga urinib ko‘raman.
A) Qur’onning hay siri
Hay - tirik va jonli ma’nosida keladi. Lekin haqiqatda Ilohning bir Sifatidir. O’lmaslikni, mangu
tiriklikni bildiradi. Shu tufayli hay - jonlilarga oid foniy hayot emas, jamiki tirik mavjudodlarga oid
mushtarak tushunchadir. Borliqlarning genetik shifrlar orqali avloddan avlodga o‘tkazib qoldirgan
hayot hikoyasi - hay siridan bir parchadir.
Qur’ondagi hay siriga kelinsa, bu oyatlar ma’nosidagi o‘lmaslikni ifoda etadi.
Qur’on kalomi abadiy tirikdir: yashayveradi, kun o‘tgan sayin yosharib boraveradi, eskirmaydi
hamda oyatlarning ma’no va g‘oyalari g‘aroyib bir jonli mavjudodday oramizda aylanib yuraveradi.
Butun hayotga toshining og‘irligini sezdiradi.
Biz bu hay sirini qanday his etamiz? Hay siri chindan ham qalb ko‘zi bilan seziladi. Faqat u bizga,
ilmda aks etgan jihatlari ila ko‘riladi. Chunonchi:
1. Uning amrlari insonga baxtiyorlik ato etishi necha bor isbotlangandir. Uning taqiqlariga amal
qilmagan insonlar va jamoalar ne-ne falokatlarga duchor bo‘layotganlari, umrlari besamar o‘tayotgani
ham ko‘rinib turibdi. Chunonchi sadaqa haqidagi amrlari insonlar orasida hal qilish qiyin bo‘lgan
umumiy birlikni vujudga keltirishi shak-shubhasizdir. Bu amrlarga rioya qilmaganlarning "insonparvar"
doktrinayu rejalari g‘avg‘o chiqarishdan boshqa narsaga yaramayotir, dunyo sahnasida umidsizlik
vujudga keltirayotir.
2. Uni yurakdan tinglanganda, jamiki alamlardan, mushkullardan forig‘ bo‘linadi, siz o‘zingizni
ma’nolar jannatida ko‘rasiz. G’am-g‘ussalaringiz, dardlaringiz ham tinadi. Bu Qur’onning hay mo‘jizasi
ichidagi shifo siridir. Uning aql bovar qilmas bu hikmati, hatto inonmaganlarga ham seziladi.
Qur’oni karimning ilmiy mo’jizalari. Xoluq Nurboqiy
Do'stlaringiz bilan baham: |