104. Oralaringizdan yaxshilikka (islomga) da’vat qiladigan, ibodat-itoatga
buyuradigan va isyon-gunohdan qaytaradigan bir jamoat bo‘lsin. Ana o‘shalar
najot topguvchilardir.
105. Aniq hujjatlar kelganidan keyin bo‘linib ketgan va bir-birlari bilan ixtilof
qilib, talashib-tortishgan kimsalar kabi bo‘lmangiz! Ana undaylar uchun ulug‘
azob bordir.
106. (Qiyomat) kunida (mo‘minlarning) yuzlari oq bo‘lur, (kofirlarning) yuzlari
qora bo‘lur. Endi yuzlari qora bo‘lgan kimsalarga: «Iymon keltirgandan keyin
yana dindan chiqdingizmi? Bas, kofir bo‘lganingiz kasofatiga mana bu azobni
totib ko‘ringiz», deyilur.
107. Yuzlari oq bo‘lgan zotlar esa Allohning rahmati (jannati)da bo‘lib, o‘sha
joyda abadiy qolajaklar.
Do'stlaringiz bilan baham: |