O'zlarini "poklayotgan" kimsalarni ko'rmadingizmi? Yo'q! Alloh kimni xohlasa (o'shani) poklaydi, (ularga) xurmoning dumicha ham zulm qilinmaydi.
Alloh (sha'ni)ga qanday yolg'on to'qishlarini ko'ring. Shu (tuhmatning o'zi) yetarli aniq gunohdir.
Izoh: To'qigan yolg'on va bo'htonlaridan biri ularning "Biz Allohning farzandlari va do'stlarimiz", - degan da'volaridir.
Kitob (Tavrot)dan nasibador bo'lganlarning "Jibt" va "Tog'ut"ga* sig'inishlarini va kofirlarga "Shular mo'minlardan ko'ra to'g'riroq yo'ldadir" deyishlarini ko'rmadingizmi?!
Izoh: "Jibt" ularning sig'inadigan sanam va boshqa ma'budalari. "Tog'ut" esa shaytondir. Boshqa tafsirlarda "Jibt" va "Tog'ut"dan murod yahudiylarning peshvolaridan Ka'b ibn Ashraf va Hay ibn Axtabdir deyiladi. Ular haqidagi batafsil ma'lumotlar uchun siyrat kitoblariga murojaat qilinsin.
Ana o'shalar Alloh la'natlagan kimsalardir. Kimni Alloh la'natlagan bo'lsa, unga (hech qanday) yordamchi topa olmaysiz.
Yoki ularda (biror) hukmronlikdan ulush bormi?! Mabodo, bo'lganda ham odamlarga zarracha bermagan bo'lar edilar.
Yoki Alloh O'z fazlidan bergan ne'matlari uchun odamlarga hasad qiladilarmi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrohim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato etgan edik-ku!
Do'stlaringiz bilan baham: |