Ho, Mim.
(Ushbu Qur'on) mehribon va rahmli Alloh tomonidan nozil qilingandir.
U biladigan qavm uchun arabiy Qur'on holida (nozil qilinib), oyatlari mufassal bayon qilingan Kitobdir.
(U) xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchidir. Bas, (kofirlarning) ko'plari yuz o'girdilar. Demak, ular "eshitmaslar".
Ular dedilar: "Dillarimiz sen bizlarni da'vat qilayotgan narsadan to'silgan, quloqlarimizda esa og'irlik (karlik) bordir va sen bilan bizlarning o'rtamizda (bir) parda bordir. Bas, Sen ham (o'z) amalingni qilaver, bizlar ham, albatta, amal qiluvchidirmiz".
(Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Haqiqatan, men ham xuddi sizlar kabi bir bashardirman. Menga "Tangringiz yolg'iz Alloh" deb vahiy qilinmoqda. Bas, sizlar Uning O'ziga to'g'ri (toat-ibodatda) bo'lingiz va Undan mag'firat so'rangiz! Mushriklarga esa halokat bo'lgay!"
(Ular) zakot bermaydigan va o'zlari oxiratga ishonmaydigan kimsalardir.
Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas mukofot bordir!
Ayting: "Haqiqatan ham sizlar Yerni ikki kunda yaratgan zotga kofir bo'lurmisizlar va o'zgalarni Unga tenglashtirurmisizlar?! Ana O'sha (barcha) olamlarning Parvardigori-ku?!
U (Yerning) ustida to'la to'rt kunda tog'larni (paydo) qildi va uni barakotli qildi hamda o'sha (yer)da uning yemishlarini belgiladi (taqsimladi). (Bu tafsilot) so'rovchilarga mosdir.
Izoh: Hadisda kelgan ma'lumotga qaraganda, Alloh taolo Yerni yakshanba va dushanba kunlari yaratgan. Tog'larni seshanba kuni, daraxtlar, suv, obodon va xarobalarni chorshanba kuni yaratgan. Shu bilan to'rt kun o'tgan. Juma kuni osmonlarni, shanba kuni esa yulduzlar, quyosh, oy, farishtalar va kunning oxirida Odam (a. s.)ni yaratgan. ("Madorik tafsiri" dan).
So'ngra tutun holatda bo'lgan osmonni (yaratishni) qasd etib, unga va Yerga: "(Farmonimga) ixtiyoriy yoki majburiy holda kelinglar!" - degan edi, ular: "O'z ixtiyorimiz bilan keldik", - dedilar.
Bas, ikki kunda yetti osmonni barpo qildi va har bir osmonga (unga buyurilgan) ishni (vazifasi)ni vahiy qildi. Biz quyi osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va (uni ofatlardan) saqladik. Bu qudratli va bilimli zotning taqdiri (o'lchovi)dir.
Bas, agar ular (Makka mushriklari) yuz o'girsalar, u holda ayting: "Men sizlarni xuddi Od va Samud (qabilalarini urgan) chaqmoqqa o'xshagan bir chaqmoq (halokat)dan ogohlantirdim".
O'shanda payg'ambarlari ularning oldilaridan ham, orqalaridan ham kelishib: "Faqat Allohgagina ibodat qilinglar" (deganlarida), ular: "Agar Rabbimiz (payg'ambar yuborishni) xohlaganida, albatta, farishtalarni nozil qilgan bo'lur edi. Bas, (sizlar odamzot ekansizlar,) sizlar elchi qilib yuborilgan dinga biz kofirdirmiz", - dedilar.
Bas, Od (qabilasi) yerda nohaq kibrlandilar va "Kuch-quvvatda bizlardan kim zo'rroq?" - dedilar. Axir, ular o'zlarini yaratgan Alloh kuch-quvvatda ulardan zo'rroq ekanini bilmadilarmi?! Ular Bizning oyatlarimizni inkor etuvchi bo'ldilar.
Bas, ularga (mana shu) dunyo hayotida xor qiluvchi azobni totdirib qo'yish uchun nahs kunlarda ustilariga bir dahshatli bo'ron yubordik. Oxirat azobi esa, shubhasiz, yanada xor qiluvchiroqdir va ularga yordam berilmas.
Izoh: Nahs kunlar - Shavvol oyi oxirining chorshanba kunidan kelasi chorshanba kunigacha. Shu hafta mobaynida bo'ron bo'lgan. Boshqa rivoyatda uch yil deyiladi.
Samud (qabilasi) esa, bas, ularni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qilgan edik, ular hidoyatni qo'yib, ko'rlikni (zalolatni) ixtiyor qildilar. Bas, o'z qilmishlari sababli ularni xor etuvchi azob chaqmog'i urdi.
Imon keltirgan va taqvoli bo'lgan zotlarga najot berdik.
Allohning dushmanlari do'zaxga (haydalish uchun) to'planib, tizilib turadigan Kunni (eslang).
Do'stlaringiz bilan baham: |