ular uchun barcha darvozalari ochib qo'yilgan mangu jannatlar bordir.
Ular u joylarda (so'rilarda) suyanib o'tirib, mo'l-ko'l meva-cheva va sharob chaqirurlar.
Ularning oldilarida ko'zlari (boqishda) cheklangan (yosh va husnda) tengqur (qiz)lar bo'lur.
Bu (narsalar) sizlarga O'isob kuni uchun va'da qilinayotgan narsalardir.
Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugashlik bo'lmas.
(Haqiqat) shudir. Darvoqe, haddan oshuvchi kimsalar uchun eng yomon oqibat -
ular tushadigan jahannam bordir. Bas, naqadar yomon joy u!
Mana bu qaynoq suv va yiringdir! Bas, ular uni totib ko'rsinlar!
Boshqa (azob-uqubatlar) ham, o'sha shaklda bo'lur!
(Ularga ergashgan kimsalarni ko'rsatilib): "Mana bu (odamlar) sizlar bilan birga (sizlar sababli jahannamga) tashlanuvchi jamoatdir", (deyilganida, peshvolar ayturlar):"Xush kelmadilar! Haqiqatan, ularning o'zlari do'zaxda toblanuvchilardir".
Ular (ergashganlar) deydilar: "Yo'q, sizlar xush kelmadingiz! (Chunki), sizlar u (azob)ni bizlarga keltirdingiz! Bas, naqadar yomon qarorgoh (bu do'zax)!"
Ular (yana) derlar: "Parvardigoro, kim bizlarga mana shu (azob)ni keltirgan bo'lsa, bas, O'zing unga do'zaxda azobni bir necha barobar ziyoda qilgin".
(Jahannam ahli bir-birlariga) ayturlar: "Nega bizlar (dunyoda) yomonlardan deb hisoblab yurgan kishilarni (mo'minlarni do'zaxda) ko'rmayapmiz-a?!
Bizlar o'shalarni masxara qilib olgan edikmi?! Yoki (ular shu yerda-yu,) ko'zlarimiz ulardan chalg'idimikan?!"
Albatta, do'zax ahlining ana shunday tortishishlari muqarrar haqdir.
(Ey, Muhammad,) ayting: "Men faqat (bir) ogohlantiruvchidirman. Yagona va g'olib Allohdan o'zga iloh yo'q.
U osmonlar va Yerning hamda ularning o'rtasidagi bor narsaning qudratli va mag'firatli Parvardigoridir".
Ayting: "Bu (so'zlar) buyuk bir xabardir.
Sizlar esa undan yuz o'giruvchidirsizlar!
Menda bahslashayotgan oliy guruh (farishtalar) haqida hech qanday bilim yo'q edi.
Menga faqat o'zimning aniq ogohlantiruvchi ekanligim vahiy qilinadi, xolos".
Eslang, Rabbingiz farishtalarga degan edi: "Albatta, men loydan bashar yaratuvchidirman.
Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan so'ng, unga sajda qilgan hollaringizda yiqilinglar!"
Bas, farishtlarning barchalari jam bo'lib, (Odam uchun) sajda qildilar.
Faqat Iblisgina kibrlanib, kofirlardan bo'ldi.
(Shunda Alloh) dedi: "Ey, Iblis, "qo'lim" bilan yaratgan narsaga sajda qilishdan seni nima man etdi?! Kibr qildingmi yoki sen (Odamga nisbatan) oliy (zot)lardan edingmi?!"
U aytdi: "Men undan yaxshiroqdirman. Meni olovdan yaratgansan, uni esa loydan yaratding".
(Alloh) dedi: "Bas, undan (jannatdan) chiq! Zero, sen (dargohimdan) quvilgan (mal'un)san!
Yana, to jazo kuni (qiyomat)gacha senga Mening la'natim bo'lur".
(Iblis iltijo qilib) dedi: "Parvardigorim, u holda menga ular tiriladigan kungacha (o'lmaslikka) muhlat bergin".
(Alloh) dedi: "Sen muhlat berilganlardandirsan
ma'lum vaqt kunigacha (qiyomatgacha)".
(Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta, ularning hammasini yo'ldan ozdirurman.
Faqat ularning orasidagi (ayrim) ixlosli bandalaringgina (ozmay qolurlar)".
(Alloh) dedi: "Haqqa (qasam). Faqat haqni ayturmanki,
albatta, Men jahannamni sen va ular orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan to'ldirurman!"
(Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Men (Payg'ambarligim uchun) sizlardan haq so'ramayman va men (payg'ambarlikni o'zimcha) da'vo qiluvchilardan ham emasman.
(Ushbu Qur'on) faqat olamlar uchun eslatmadir.
Qasamki, sizlar uning (ilohiy vahiy ekanligi haqidagi) xabarini (ozgina) vaqtdan so'ng (Qiyomat kuni), albatta, bilursizlar".
ZUMAR SURASI
Zumar - guruhlar demakdir. Surada qiyomat kuni odamlar jannat va do'zaxga guruh-guruh bo'lib kirishlari tasvirlangan. Binobarin, suraga ham shu nom berilgan. Undagi oyatlarda Alloh taolo o'z bandalariga turli hayotiy misollar keltirib, O'zining qudrat va hikmatlarini bayon etish bilan oxiratga tayyorlanish yo'llarini ko'rsatadi. .
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
(Ushbu Qur'on) qodir va hakim - Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.
(Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Kitobni haqiqatan nozil qildik, bas, Siz Allohga - dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qiling!
(Ey, insonlar,) ogoh bo'lingizkim, xolis din yolg'iz Allohnikidir. Undan o'zga "do'stlar"ni ("iloh") qilib olgan kimsalar: "Biz faqat ularga bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz" (derlar). Shubha yo'qki, Alloh (qiyomat kunida) ular ixtilof qilayotgan narsalar xususida ularning o'rtasida hukm qilur. Albatta, Alloh yolg'onchi va noshukr kimsalarni hidoyat qilmas.
Agar Alloh farzand tutishni istasa, so'zsiz, O'zi yaratgan narsalaridan xohlaganini tanlab olgan bo'lur edi. U (bunday aybdan) pokdir. U yagona va g'olib Allohdir!
U osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustidan o'rar, kunduzni kechaning ustidan o'rar. U quyoshni ham, oyni ham (O'z amriga) bo'yin sundirib qo'ygandir. (Ularning) har biri ma'lum muddatgacha joriy bo'lur. Ogoh bo'lingizkim, U qudratli va o'ta kechirimli zotdir!
(U) sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi, so'ngra undan juftini (Havvoni paydo) qildi va sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi (dunyoga keltirdi). U sizlarni onalaringizning qornida uch (qavat) zulmat ichida asta-sekin yaratur. Mana shu Alloh - Rabbingizdir. Hukmronlik faqat Unikidir. Undan o'zga (hech) iloh yo'q. Bas, (Unga ibodat qilmay) qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!
Izoh: Sakkiz juft chorva mollaridan murod - tuya, mol, qo'y va echkilardan erkak va urg'ochisi qo'shib hisoblaganda, sakkizta bo'lishi nazarda tutilgan.
Agar sizlar kofir bo'lsangizlar, bas, albatta, Alloh sizlardan behojatdir. U O'z bandalarining kofir bo'lishiga rozi bo'lmas. Agar shukr qilsangizlar (va imon keltirsangizlar) U sizlar uchun rozi bo'lur. Hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (ko'taruvchi)ning yukini (gunohini) ko'tarmas. So'ngra qaytishlaringiz Rabbingiz huzurigadir. Bas, U sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berur. Albatta, U dillardagi sirlarni biluvchidir.
Qachonki, insonga biror ziyon tegsa, u Parvardigoriga tavba-tazarru bilan duo qilur. So'ngra, qachonki, (Alloh) O'z tomonidan unga biror ne'mat ato etsa, ilgari (Allohga) qilgan duolarini unutib qo'yar va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan ozdirish uchun Unga "teng"larni (o'ylab) topur. (Ey, Muhammad,) ayting: "Sen o'z kufring bilan (dunyoda) ozgina foydalanib qol! Albatta, sen do'zax ahlidandirsan".
Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo'rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) Ayting: "Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?!" Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar.
(Ey, Muhammad), Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: "Parvardigoringizdan qo'rqingiz!
Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat - jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur".
Ayting: "Men Allohga dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qilishga buyurilganman.
Do'stlaringiz bilan baham: |