Sizlarga azob kelib, so'ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytinglar va Unga bo'yin suninglar!
Sizlarga, o'zlaringiz sezmagan holingizda to'satdan azob kelib qolishidan ilgari, Rabbingiz (tomoni)dan sizlarga nozil qilingan go'zal narsa (Qur'on)ga ergashinglar!
Biror jon: "Alloh haqida (Unga ibodat qilishda) sustkashlik qilganimga afsus! Rostdan ham men masxara qiluvchilardan bo'lgan edim", - deb qolmasligi uchun.
yoki: "Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta, taqvodorlardan bo'lur edim", - deb qolmasligi uchun
yoki azobni ko'rgan chog'ida: "Qani edi, men uchun yana bir karra (yashashning imkoni) bo'lsa-yu, men ham chiroyli amal qiluvchilardan bo'lsam", - deb qolmasligi uchun (Qur'onga ergashinglar)!
"Yo'q, senga Mening oyatlarim kelganida, sen ularni yolg'on degan eding va kibrlanib, kofirlardan bo'lgan eding!"
Qiyomat Kunida Alloh sha'niga yolg'on so'zlagan kimsalarni yuzlari qoraygan holda ko'rursiz. Jahannamda mutakabbir kimsalar uchun joy yo'qmi?!
Alloh, taqvo qilgan zotlarni yutuqlari sababli (oxirat azobidan) qutqarur, ularga biror noxushlik ham yetmas va ular g'amgin ham bo'lmaslar.
Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir. U barcha narsaga vakil (homiy)dir.
Osmonlar va Yerning ochqichlari Undadir. Alloh oyatlariga kofir bo'lgan kimsalar - ana o'shalargina ziyon ko'ruvchilardir.
(Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Hali sizlar meni Allohdan o'zgaga ibodat qilishga buyuryapsizlarmi, ey, nodonlar!"
Darhaqiqat, Sizga va Sizdan oldingi (payg'ambarlarga) (shunday) vahiy qilingan edi: "Qasamki, agar mushrik bo'lsang, albatta, qilgan amaling behuda ketur va albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolursan!
Balki faqat Allohgagina ibodat qilgin va shukr qiluvchilardan bo'lgin!"
Ular Allohni haqqoniy (ravishda) qadrlamadilar (tanimadilar). Butun Yer qiyomat kunida Uning uchun bir siqimdir. Osmonlar esa Uning "qo'li"ga yig'iluvchidir. U ularning keltirayotgan shirklaridan pok va yuksakdir!
Sur chalinadi-yu, osmonlar va Yerdagi bor jonzot o'ladi, illo Alloh xohlagan zotlargina (tirik qolurlar). So'ngra u yana bir bor chalinganda, nogoh ular (barcha xaloyiq tirilib, qabrlaridan) turib, (Allohning amriga) qarab turarlar.
Yer (mahshargoh) Parvardigorining nuri bilan yorishadi; kitob (nomai a'mol hozirlab) qo'yiladi; payg'ambarlar va guvohlar keltiriladi va ularning o'rtalarida zulm qilinmagan holda haqqoniy hukm qilinadi.
Har bir jonga qilgan amali (uchun mukofot yoki jazo) komil qilib beriladi U ularning qilayotgan ishlarini juda yaxshi biluvchidir.
Kofir bo'lgan kimsalar guruh-guruh qilinib, jahannamga haydalur. To qachonki, ular (jahannamga) kelib yetganlargalarida, uning darvozalari ochiladi va uning qo'riqchilari ularga: "Sizlarga o'zlaringizdan bo'lgan payg'ambarlar - Rabbingiz oyatlarini sizlarga tilovat qilib sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar", - deganlarida, ular: "Ha,
(kelganlar), lekin azob So'zi kofirlar bo'yicha muqarrar bo'lgandir",- deydilar.
(Shunda ularga) aytiladi: "Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o'sha joyda mangu qolursizlar!" Bas, kibrli kimsalarning joylari naqadar yomondir!
Parvardigorlaridan qo'rqqan taqvoli zotlar ham guruh-guruh holda jannatga "haydalurlar". To qachonki, ular uning darvozalari ochilgan holda ekanida yetib kelganlarida va uning qo'riqchilari: "Sizlarga salom! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qoluvchi bo'lgan hollaringizda kiringiz", - deganlarida (ular behad shodlanurlar).
Ayturlar: "Bizlarga va'dasini rost qilgan va bizlarni (bu) yerga voris qilgan Allohga hamdki, jannatdan o'zimiz xohlagan yerdan o'rin olyapmiz", - derlar. Bas, (chiroyli) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir!
(Ey, Muhammad,) Siz (o'sha Kunda) farishtalar Arsh atrofini o'rab olgan hollarida, Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh aytayotganlarini ko'rarsiz. (Zero,) ularning o'rtalarida haqqoniy hukm qilindi va "Hamd (barcha) olamlarning Parvardigori Allohgadir!" deyildi.
G'OFIR SURASI
Bu surani uch xil nom bilan ataganlar. Birinchisi - suraning o'zidan olingan Allohning ismi - G'ofir, ya'ni, gunohni kechiruvchi. Ikkinchisi - Mo’min. U ham suraning 40-oyatidan olingan. Uchinchisi - Ho, mim. Shu harflar bilan boshlangani uchun mazkur nom berilgan. Surada Islom aqidasiga oid ma'lumotlar, imon, e'tiqod, kufr, shirk, haq va nohaqlik, umuman ezgulik bilan yovuzlik o'rtasidagi kurash, farishtalar va payg'ambarlar qissasi, xususan Muso (a. s.) bilan Fir'avn o'rtasida kechgan mojarolar o'z ifodasini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ho, Mim.
(Ushbu Qur'on) qudratli va bilimli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir.
(U) gunohni mag'firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehson egasidir. Undan o'zga iloh yo'q. Qaytishlik faqat Uning O'zigadir.
Allohning oyatlari haqida kofir bo'lganlargina tortishurlar. Bas, ularning shaharlararo kezishlari Sizni aldab qo'ymasin!
Izoh: Ya'ni, kofirlarning shaharmashahar tijorat va boshqa sabablar bilan sayru tomosha qilib yurishlari Sizni o'ksitib qo'ymasin. Zero, ularning bu dunyodagi yutuqlari ulkan bo'lgani bilan oxiratda ko'radigan zararlariga qaraganda arzimagan narsa bo'lib qolishi muqarrardir. Bu nasihat barcha mo’minlarga ham taalluqlidir.
Foniy dunyo matohi uchun imondan voz kechish, turli makruh va manfur ishlarga qo'l urish nomaqbul sifatlardan ekanligiga oyatda ishorat bordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |