Yoki ular: "Alloh sha'niga yolg'on to'qidi" deydilarmi?! (Undoq emas,) chunki agar (Siz yolg'on to'qiydigan bo'lsangiz) Alloh xohlasa, dilingizni muhrlab qo'yur. Alloh O'z so'zlari bilan botil (nohaq gaplar)ni yo'q qilur va Haqni haq qilur (ro'yobga chiqarur). Albatta, U dillardagi (sirlar)ni biluvchidir.
U bandalaridan tavbani qabul qiladigan, yomonliklarni afv etadigan va qiladigan ishlaringizni biladigan zotdir.
U imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni (duolarini) ijobat qilur va ularga O'z fazlidan
ziyoda qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir.
Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-mo'l qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida tajovuzkorlikka o'tib ketgan bo'lur edilar. Lekin, U O'zi xohlaganicha o'lchov bilan (rizq) tushirur. Albatta, U bandalaridan xabardor va ko'rib turuvchidir.
U (odamlar) umidsizlikka tushganlaridan keyin yomg'ir ёg'diradigan va O'z rahmat (barakot)ini keng yoyadigan zotdir. U do'st va hamd egasidir.
Osmonlar va Yerning yaratilishi hamda (Alloh) tarqatib yuborgan ulardagi jonivorlar Uning alomatlaridandir. U O'zi xohlagan vaqtida ularni yig'ib olishga qodirdir.
(Ey, insonlar,) sizlarga ne musibat yetsa, bas, o'z qo'llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko'p (gunohlar)ni afv etib turur.
Sizlar yerda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan o'zga biror do'st ham, yordamchi ham yo'qdir.
Dengizdagi tog'lardek suzib yuruvchi (kema)lar ham Uning alomatlaridandir.
Agar (Alloh) xohlasa, shamolga taskin berur, bas, ular u (dengiz)ning ustida turib qolurlar. Albatta, bunda har bir (baloga) sabr qiluvchi, (Allohning ne'matlariga) shukr qiluvchi uchun ibratlar bordir.
Yoki (kemadagi odamlarni) qilgan gunohlari sababli u (kema)larni halok (g'arq) qilur va ko'plarni (halokatdan qutqarib) afv etur,
(toki) oyatlarimiz xususida tortishadigan kimsalar o'zlari uchun (Allohning azobidan) qochib qutuladigan joy yo'q ekanini bilib olsinlar!
Bas, (ey, insonlar,) sizlarga ato etilgan narsa(lar) dunyo hayoti matosidir va imon keltirgan hamda yolg'iz Parvardigorlariga suyanadigan zotlar uchun Alloh huzuridagi narsalar (dunyo matolaridan) yaxshiroq va boqiyroqdir.
Ular katta gunohlardan va buzuqliklardan chetlanadigan, g'azablangan vaqtlarida esa kechirib yuboradigan zotlardir.
Ular Parvardigorlariga ijobat etgan va namozni mukammal ado etgan zotlardir. Ularning ishlari o'zaro maslahat (bilan) bo'lur va Biz ularni rizqlantirgan narsalardan ehson qilurlar.
Ular o'zlariga tajovuz qilinganda (unga qarshi kurashib,) g'olib bo'ladigan zotlardir.
(Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o'ziga o'xshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (o'rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolimlarni sevmas.
Albatta, kimki mazlum bo'lganidan so'ng (zulm qilgan kimsadan) g'olib bo'lsa (intiqom olsa), bas, ular(ni ayblash)ga yo'l yo'qdir.
Faqat odamlarga zulm qiladigan va yerda nohaqlik bilan hadlaridan oshadigan kimsalar(ni ayblab jazolash)gagina yo'l bordir. Ana o'shalar uchun alamli azob bordir.
Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir.
Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, bas, unga o'shandan keyin biror (yo'l ko'rsatuvchi) do'st yo'qdir. (Unday) zolimlarning (qiyomat Kuni) azobni ko'rgan vaqtlarida: "(Yana dunyoga) qaytishga biror yo'l bormikan?" - deyayotganlirini ko'rarsiz.
Ularning xorlikdan egilgan va (do'zaxga) ko'z qirlari bilan boqqan hollarida unga ko'ndalang qilinayotganlarini ko'rarsiz. Imon keltirgan zotlar: "Albatta, (chin) ziyon ko'ruvchilar qiyomat kunida o'zlariga, ahli (oila)lariga ziyon qilgan kimsalardir", - deydilar. Ogoh bo'lingizkim, (u) zolimlar mangu azobdadirlar.
Ularga Allohdan o'zga yordam beradigan hech qanday do'stlar bo'lmas. Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, bas, uning uchun biror (To'g'ri) yo'l yo'qdir.
(Ey, insonlar,) Alloh tomonidan hech qaytarib bo'lmaydigan bir kun (qiyomat) kelib qolishidan ilgari Rabbingizga ijobat (itoat) etingiz! U kunda sizlar uchun panoh ham bo'lmas va sizlar uchun (qilmishlaringizni) inkor qilish (imkoni) ham bo'lmas.
(Ey, Muhammad,) agar (mushriklar) endi ham (imon keltirishdan) yuz o'girsalar, bas, Biz Sizni ularning ustiga qo'riqchi qilib yuborganimiz yo'q! Sizning zimmangizda faqat (vahiyni) yetkazish bor, xolos. Darhaqiqat, Biz insonga O'z tomonimizdan rahmat (ne'mat)ni tottirgan vaqtimizda u bilan shodlanur, (ammo) agar ularga o'z qo'llari qilgan (gunoh)lari sababli biror yomonlik yetsa, bas, albatta, inson (zoti) noshukrdir.
Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. U O'zi xohlagan narsani yaratur. U O'zi xohlagan kishiga qizlarni hadya etur va O'zi xohlagan kishiga o'g'illarni hadya etur.
Yoki ularga o'g'illar va qizlarni qo'shib berur va O'zi xohlagan kishini tug'mas (bepusht) qilib qo'yur. Albatta, U (barcha narsani) biluvchi va (o'zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir.
Insonga Alloh (bevosita) so'z qotishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, (Allohning) izni bilan u xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha'ni) oliy va hikmatli zotdir.
(Ey, Muhammad,) shunday qilib, amrimiz bilan Sizga Ruhni (Qur'onni) vahiy qildik. Siz (bundan) oldin na Kitobni (Qur'onni) va na imonni (mohiyatini) biluvchi edingiz. Lekin Biz uni (Qur'onni) nur qildikki, u bilan bandalarimizdan O'zimiz xohlagan kishilarni hidoyat qilurmiz. Albatta, Siz (vahiy yordamida) To'g'ri yo'lga boshlaysiz.
(U) osmonlardagi va yerdagi (bor) narsa O'ziniki bo'lmish Allohning yo'lidir! Ogoh bo'lingizkim, (barcha) ishlar Allohga qaytur!
ZUXRUF SURASI
Zuxruf - zeb-ziynat demakdir.
Surada shu haqda oyat nozil qilingani uchun shu lafz bilan nomlangan. Surada Allohning beadad ne'matlari, mushriklarning Alloh sha'niga to'qigan bo'htonlari, Ibrohim va Muso payg'ambarlarning qissalaridan lavhalar va boshqa muhim ma'lumotlar mavjud.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Do'stlaringiz bilan baham: |