So'ngra ularga aytilur: "Sizlar shirk keltirib o'tgan narsalaring qani,
Allohni qo'yib?" Ular: "U (but)lar biz(ning ko'zimiz)dan g'oyib bo'lib qolishdi. Yo'q-yo'q, bizlar ilgari (dunyoda) hech narsaga duo (ibodat) qilgan emasmiz", - deydilar. Alloh kofirlarni shu tarzda yo'ldan ozdirur.
Mana shu azobga (yo'liqishlaringiz)ga sabab - sizlar yerda nohaq shodu xurram bo'lganlaringiz va kibr-havo qilganlaringizdir.
Jahannam davrozalaridan u joyda mangu qoluvchi bo'lgan hollaringizda kiringiz! Bas, mutakabbirlarning joyi naqadar yomondir!
Bas, (ey, Muhammad,) sabr qiling. Zero, Allohning va'dasi haqdir! Bas, agar Biz Sizga o'sha (kofirlar)ga va'da qilayotgan (azob)dan ayrimlarini ko'rsatsak ham yoki Sizni (azob tushishidan oldinroq) vafot etdirsak ham, bas, faqat O'zimizga qaytarilurlar.
Biz Sizdan oldin (ko'p) payg'ambarlarni yuborgandirmiz. Ulardan Biz Sizga qissasini aytganimiz ham bor, yana ulardan Biz Sizga qissasini aytmaganimiz ham bordir. Biror payg'ambarga Allohning iznisiz biror mo''jiza keltirish joiz emas. Bas, qachonki, Allohning amri kelgach, haqqoniy hukm qilinur va o'shanda buzg'unchilar ziyon ko'rgaylar.
Alloh sizlar uchun hayvonlardan ba'zilarini minishlaringiz uchun va ba'zilarini yeyishlaringiz uchun paydo qildi.
Sizlarga ulardan (ko'p) foydalar bordir. (U hayvonlar) sizlar ularning ustida dillaringizdagi hojatlaringizga yetishlaringiz uchun ham (yaratilgandirlar). Sizlarni (quruqlikda) o'sha (hayvon)lar ustida va (dengizlarda) esa kemalarda eltib qo'yilur.
(Alloh) sizlarga O'z alomatlarini ko'rsatur. Bas, sizlar Allohning qaysi alomatlarini inkor qilursizlar?!
Axir, ular yer yuzida sayr qilishib, o'zlaridan avvalgi kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! Ular ko'proq hamda kuch-quvvat va yerdagi osori atiqalari jihatidan ulardan zo'rroq edilar. (Ammo) ularga topgan narsalari asqotgani yo'q.
Chunki ularga payg'ambarlari hujjatlarni keltirganlarida ular o'zlarining oldilaridagi (dunyoviy) bilimlari bilan shodlandilar. Ularni o'zlari masxara qilib yurgan (azob) o'rab oldi.
Bas, qachonki, ular Bizning azobimizni ko'rishgach: "Yakka Allohga imon keltirdik va (ilgari Allohga) sherik qilib olgan narsa (but)larimizga kofir bo'ldik", - dedilar.
(Lekin) Bizning azobimizni ko'rgan vaqtdagi imonlari ularga foyda beruvchi bo'lmadi. (Bu) Allohning (barcha) bandalari haqida (joriy qilgan) yo'lidir. O'shanda kofirlar ziyon ko'rdilar.
FUSSILAT SURASI
Fussilat so'zi suraning 3-oyatidan olingan bo'lib, mufassal bayon qilindi, degan ma'noni anglatadi. Surada dunyo hayotining foniyligi, oxiratdagi abadiy hayot uchun ezgu amallar qilish bilan unga tayyorgarlik ko'rishlikning muhimligi, bu dunyoda fosh etilmagan ma'siyat va gunohlar oxiratda unutilmasligi, balki inson a'zolarining o'zi qilgan qilmishlarini so'ylab berib, guvohlik berishlari kabi eslatma va nasihatlar, shuningdek, Allohning hikmat va qudratining buyukligi va boshqa narsalar to'g'risida bayon etiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Do'stlaringiz bilan baham: |