Ana o'sha joyda mo'minlar imtihon qilindilar va (dahshatdan) qattiq larzaga tushdilar.
O'shanda munofiqlar va dillarida illat bo'lgan (e'tiqodlari zaif) kimsalar: "Alloh va Uning payg'ambari bizlarga faqat yolg'on va'da qilgan ekanlar", - deya boshladilar.
O'shanda ulardan bir toifasi dedi: "Ey, Yasrib (Madina) ahli, sizlar uchun (bu qadar ko'p sonli yovga qarshi) turish imkoni yo'qdir, bas, (o'z uylaringizga) qaytib ketinglar". Ulardan yana bir guruhi esa: "Uylarimiz ochiq-sochiq", - deb Payg'ambardan izn so'radilar. Holbuki, (uylari) ochiq-sochiq emas edi. Ular faqat (jangdan) qochishnigina istardilar.
Agar ularning (munofiqlarning) ustiga (Madinaning turli) tomonlaridan kirilsa, so'ngra ulardan fitna talab qilinsa, albatta, ular ko'p (ikkilanib) turmasdan unga (fitnaga) kelgan bo'lur edilar.
Holbuki, ular ilgari ortga chekinmaslari haqida Alloh bilan ahdlashgan, Allohga berilgan ahd esa (qiyomat kunida) so'raluvchidir.
(Ey, Muhammad,) ayting: "Agar sizlar o'lishdan yo o'ldirilishdan qochsangizlar, bu qochish sizlarga sira foyda bermas, demak, sizlar hayotdan juda oz foydalanursizlar".
Ayting: "Agar Alloh sizlarga yomonlikni iroda etsa, sizlarni kim undan asray olur yoki U sizlarga marhamatni iroda qilsa (kim uni to'sa olur)?!" Ular o'zlariga Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham topa olmaslar.
Alloh sizlarning orangizdagi (jihodga) to'sqinlik qiladigan va o'z do'stlariga: "Biz tomonga o'tinglar", - deydigan kimsalarni aniq bilur. Ular jangga kamdan-kam kelurlar.
(Bu) sizlarga nisbatan baxilliklaridir. Bas, qachonki, (yov tomonidan) xavf kelsa, siz ularni o'lim o'rab behush bo'lgan kimsa kabi ko'zlari o'ynab, siz tomonga qarayotganlarini ko'rasiz. Bas, qachonki, xavf ketsa, ular yaxshilik (o'ljalar) ustida ochko'zlik qilib, sizlarni o'tkir tillar bilan ranjiturlar. Ular imon keltirmaganlar, bas, (shu sababli) Alloh ularning amallarini behuda ketkazdi. Bu Allohga osondir.
Ular (munofiqlar) u firqalarni (yovni) ketmagan deb o'ylaydilar va agar u firqalar (qaytib) kelib qolsalar, ko'chmanchi badaviylar orasida bo'lib, sizlardan xabar so'rab turishni istaydilar. Agarda ular sizlarning orangizda bo'lganlarida ham kamdan-kam jang qilgan bo'lur edilar.
Izoh: Ya'ni munofiqlarning qo'rqoqliklari fosh qilinmoqda. Mazkur oyatlarda hijratning 5-yili kechgan Xandaq jangi to'g'risida so'z yuritiladi. Makka va Madina mushriklaridan iborat turli firqalar Madinaga musulmonlar ustiga bostirib kirmoqchi bo'lganida, Salmoni Forisiy nomli sahobiy maslahati bilan Madina tevaragiga xandaq kovlangani va yov qo'shinlari unga qulab halok bo'lgani to'g'risida Islom tarixida keng ma'lumotlar mavjud.
(Ey, imon keltirganlar,) sizlar uchun - Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir.
Mo'minlar firqalarni (yovni) ko'rgan vaqtlarida: "Bu Alloh va payg'ambari bizlarga va'da qilgan
narsadir (imtihondir). Alloh va payg'ambarining so'zi rostdir", - dedilar va (bu) ularning imon va itoatlarini yanada ziyoda qildi.
Mo'minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir. Bas, ulardan o'z ahdiga vafo qilgani (shahid bo'lgani) va ulardan (shahid bo'lishni) kutayotgani bordir. Ular (ahdu paymonlarini) o'zgartirganlari yo'q.
Alloh (ahdiga) sodiq kishilarni sadoqatlari sababli mukofotlash uchun, munofiqlarni esa, agar xohlasa, azobga giriftor etish yoki tavbalarini qabul qilish uchun (mazkur sinovni o'tkazdi). Alloh mag'firatli va mehribon zotdir.
Alloh kofirlarni darg'azab hollarida qaytardi. Ular biror yaxshilik (foyda)ga erishmadilar. Alloh mo'minlarga jang to'g'risida kifoya qildi (mo'minlarni jangsiz g'olib qildi). Alloh kuchli va qudratli zotdir.
U (firqalarga) yordam bergan, ahli kitobdan iborat kimsalarni (Alloh) o'z qal'alaridan tushirdi va dillariga qo'rquv soldi. (Ulardan) bir guruhni o'ldirursizlar, bir guruhni asir olursizlar.
Sizlarni ularning yerlariga, maskanlariga, mol-mulklariga va oyoqlaringiz yetmagan yerlariga voris qildi. Alloh har narsaga qodir zotdir.
Ey, Payg'ambar, xotinlaringizga ayting: "Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo'lsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni (o'sha narsalar bilan) bahramand qilay va yaxshilab kuzatay (taloq qilay).
Agar Allohni, Uning payg'ambarini va oxirat diyorini istaydigan bo'lsangizlar, u holda Alloh sizlarning orangizdagi chiroyli amal qiluvchilar uchun ulkan mukofot (jannat)ni tayyorlab qo'ygandir".
Ey, Payg'ambar ayollari, sizlardan kim aniq fahsh ishini qilar ekan, uning uchun azob ikki barobar ziyoda qilinur. Bu Allohga osondir.
YIGIRMA IKKINCHI JUZ’
*************************
Sizlardan kim Alloh va Uning payg'ambariga itoat etsa va ezgu amal qilsa, Biz uning mukofotini ikki hissa qilib berurmiz va uning uchun farovon rizq (jannat)ni tayorlab qo'ygandirmiz.
Ey, Payg'ambar ayollari, agar taqvodor bo'lsangizlar, (o'zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsizlar. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so'z qilmanglarki, aks holda qalbida buzuqlik bo'lgan kimsa ta'ma qilib qolur. Yaxshi (to'g'ri) so'zni so'zlangizlar!
O'z uylaringizda qaror topinglar, (ko'chaga chiqqanlaringizda esa) ilgarigi johiliyat (davri) yasanishidek yasanmangizlar! Namozni mukammal ado etinglar, zakotni beringlar hamda Alloh va Uning payg'ambariga itoat etinglar! Ey, (Payg'ambarning) xonadon ahli, Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos.
Uylaringizda Allohning tilovat qilinadigan oyatlari va hikmat (ya'ni, payg'ambar hadislari)ni zikr qilinglar! Albatta, Alloh lutfli va ogoh zotdir.
Albatta, muslim va muslimalar, mo'min va mo'minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo'y erkaklar va rostgo'y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozu'li (kamtar) erkaklar va tavozu'li
ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro'za tutuvchi erkaklar va ro'za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko'p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr qiluvchi ayollar - ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofot (ya'ni, jannat)ni tayyorlab qo'ygandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |