Qachonki, unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, go'yo ularni eshitmagandek, go'yo quloqlarida og'irlik (karlik) bordek, kibru havo bilan yuz o'girib ketur. Bas, unga alamli azob haqida "xushxabar" berib qo'ying!
Albatta, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun ne'mat bog'lari bordir,
u joyda mangu qolurlar. (Bu) Allohning haq va'dasidir. U qudrat va hikmat egasidir.
Ko'rayapsizki, osmonlarni ustunlarsiz yaratib, sizlarni tebratmasligi uchun yerda tog'larni barpo qildi va unda har turli jondor(lar)ni tarqatib qo'ydi. Yana Biz osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, (yerda) turli saxovatli (o'simliklarni) undirib qo'ydik.
Bular Alloh yaratgan narsalardir. Endi, (ey, mushriklar,) sizlar Menga Undan o'zgalar nimalarni yaratganini ko'rsatinglar-chi! Yo'q, u zolimlar aniq zalolatdadirlar!
Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): "Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o'zi uchun shukr qilur. Kimki noshukrlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir".
Eslang, Luqmon o'g'liga nasihat qilib, degan edi: "Ey, o'g'ilcham, Allohga shirk keltirmagin! Chunki, shirk ulkan zulmdir".
Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) amr etdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko'tarib yurdi. Uni (ko'krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki,) "Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir!"
Agar ular (ya'ni ota-onang) seni o'zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo'rlasalar, u
holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo'lsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada bo'lgin va o'zing Menga tavba qilgan kishilarning yo'liga ergashgin! So'ngra (ya'ni, qiyomat kunida) qaytishlik Mening huzurimgadir, bas, sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berurman".
(Luqmon dedi): "Ey, o'g'ilcham, shubha yo'qki, agar xantal (o'simligining) urug'idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo'lsa, bas, u (amal) biroq xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo'lsa, o'shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir.
Ey, o'g'ilcham, namozni mukammal ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o'zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu ishlarning puxtasidandir.
Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin. Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas.
(Yurganingda) o'rta hol yurgin va ovozingni past qilgin. Chunki, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir".
(Ey, insonlar,) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo'yin sundirib qo'yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma'naviy) ne'matlarini komil berganini ko'rmadinglarmi?! Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular o'zlari bilmagan, hidoyat topmagan va aniq kitob (hujjat)ga ega bo'lmagan hollarida Alloh xususida munozara qilurlar.
Qachonki, ularga: "Alloh nozil etgan narsaga ergashinglar!",- deyilsa, ular: "Yo'q, bizlar ota- bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, (ana o'shanga) ergashurmiz", - deyishadi. Bordiyu, shayton ularni o't azobiga chaqirib turgan bo'lsa-chi?!
Kimki chiroyli amal qiluvchi bo'lgan holida o'zini Allohga topshirsa, bas, u mustahkam tutqichni ushlabdi. Barcha ishlar oqibati faqat Allohga (borur!)
Kimki kofir bo'lsa, bas, Sizni, (ey, Muhammad,) uning kufri g'amga solmasin. Bizga qaytajaklar, bas, Biz ularga qilgan amallarining xabarini berurmiz. Zero, Alloh dillardagi sirlarni biluvchidir.
Biz ularni (bu dunyoda) ozgina (muddat) foydalantirib, so'ngra qattiq azob (tortish)ga majbur qilurmiz.
Qasamki, agar ulardan: "Osmonlar va Yerni kim yaratgan?" - deb so'rasangiz, albatta, "Alloh", - derlar. Siz "Allohga hamd!" - deng. Yo'q, ularning aksariyati (haqiqatni) bilmaslar.
Osmonlar va Yerdagi (bor) narsalar Allohnikidir. Albatta, Alloh behojat va hamdga loyiq zotdir.
Agar yer yuzidagi (bor) daraxt qalamlar bo'lib, dengiz (siyoh bo'lsa va) undan so'ng yana yetti dengiz unga yordam bersa, Allohning so'zlari tugamas. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir.
(Ey, insonlar,) sizlarni yaratish ham, qayta tiriltirish ham xuddi bir jonni (yaratish va qayta tiriltirishning) o'zginasidir (osondir). Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir.
Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatgacha joriy bo'ladigan qilib bo'yin sundirib qo'yganini va Allohning qilayotgan amallaringizdan ogoh ekanini ko'rmadingizmi?!
Bunga Allohning O'zigina Haq (iloh) ekani, ular (mushriklar) Uni qo'yib iltijo qilayotgan (butlar)i esa botil narsa ekani va Allohning O'zigina eng yuksak va oliy zot ekani sababdir.
Sizlarga Allohning mo''jizalaridan ko'rsatish uchun kemalar Uning marhamati bilan dengizda (suzib) yurganini ko'rmadingizmi?! Albatta, bunda barcha (qiyinchiliklarga) sabr qiluvchi va (ne'matlarga) shukr qiluvchilar uchun alomatlar bordir.
Qachonki, (kofirlarni) tog'lardek to'lqin(lar) o'rab olsa, ular chin ixlos bilan Allohga duo iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh) ularga najot berib, quruqlikka (chiqarsa), u holda ulardan (ayrimlarigina) to'g'ri yo'l tutuvchidir. Oyatlarimizni faqat barcha xoin va noshukr kimsalargina inkor qilurlar.
Ey, insonlar, Parvardigoringizdan qo'rqingiz va yana shunday bir Kundan qo'rqingizkim, (u kunda) biror ota o'z bolasi tomonidan (gunohni) o'ta olmas va bola ham otasi tomonidan biror narsani o'ta oluvchi bo'lmas. Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo'ymasin va sizlarni aldamchi (shayton) Alloh (kechaveradi, degan aldov) bilan aldab qo'ymasin!
Darhaqiqat, Allohning huzuridagina qiyomat (qachon bo'lishi to'g'risida) bilim bordir. U (xohlagancha) yomg'ir yog'dirur va bachadonlardagi narsa (homila)ni bilur. Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o'lishini bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.
SAJDA SURASI
Suraning 15-oyatida sajda oyati kelgani uchun unga shu nom berilgan.
Surada dunyoning foniyligi, oxiratning esa boqiy ekanligi, qiyomat kuni qayta tirilishning haq ekanligi, o'sha kuni har bir inson dunyoda qilib o'tgan yaxshi-yomon ishlari uchun hisobot berishi, xuddi shu shiddatli kun uchun tayyorlanish zarurligi uqtiriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Alif, Lom, Mim.
Bu Kitobning (Qur'onning) nozil qilinishi, shubhasiz, (barcha) olamlarning Parvardigori (tomoni)dandir.
Balki: "Uni (Muhammadning o'zi) to'qib olgan", - derlar?! Yo'q, U (ya'ni, Qur'on) sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan qavmni ogohlantirishingiz uchun Rabbingiz (tomoni)dan (nozil qilingan) Haqiqatdir, shoyad, ular hidoyat topsalar.
Alloh osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi bor narsani olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan zotdir. Sizlar uchun Undan o'zga biror do'st va oqlovchi yo'qdir. Axir eslatma olmaysizlarmi?!
U osmondan yergacha bo'lgan barcha ishni tadbirini ko'rar (boshqarar), so'ngra (bu ishlarning barchasi) sizlarning hisobingizcha ming yilga teng keladigan (bir) Kunda (ya'ni, qiyomatda) Uning O'ziga ko'tarilur.
Ana o'sha g'oyib va hozirni biluvchi, qudratli va mehribon,
barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. Insonni yaratishni esa loydan boshladi.
So'ngra uning naslini haqir bir suvdan iborat nutfadan paydo qildi.
So'ngra uni tiklab, ichiga O'z (mulkidagi) ruhidan kiritdi. Sizlar uchun quloq, ko'z, dillarni paydo qildi. Shukrni esa kam qilursizlar.
Ular (kofirlar): "Bizlar yer (osti)da gumdon bo'lib ketgach, haqiqatan ham yana yangitdan yaralurmizmi?" - dedilar. Yo'q, ular Parvardigorlari muloqotini inkor qiluvchidirlar!
Ayting: "Sizlarga vakil qilingan o'lim farishtasi jonlaringizni olur, so'ngra Rabbingizga qaytarilursizlar".
Agar Siz u jinoyatchilarni (qiyomat kunida) Parvardigorlari huzurida boshlari egik holda turib: "Parvardigoro, ko'rdik va eshitdik, bas, bizlarni (hayotga) qaytargin, bizlar yaxshi amal qilaylik. Endi bizlar, albatta, ishonuvchidirmiz", - (deyishlarini) ko'rsangiz edi!
Agar Biz xohlasak, albatta, har bir jonga o'z hidoyatini ato etgan bo'lur edik, lekin Men tomondan bu so'z muqarrar bo'lgandir: "Men jahannamni barcha (kufrdagi) jin va odamlar bilan to'ldirurman".
Do'stlaringiz bilan baham: |