(Ey, Muhammad,) ayting: "Yerda sayr qilib (Alloh) qanday qilib yaratishni boshlaganini ko'ringlar. So'ngra Alloh (qiyomatda) ikkinchi (marta) paydo qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!
U O'zi xohlagan kimsalarni azoblar va O'zi xohlagan kishilarga rahm qilur. Ungagina qaytarilursizlar!
Sizlar na Yerda va na osmonda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emasdirsizlar. Sizlar uchun Allohdan o'zga (biror) do'st va yordamchi yo'qdir!"
Allohning oyatlarini va U bilan muloqotda bo'lishni inkor qilgan kimsalar, aynan o'shalar Mening rahmatimdan noumid (mahrum) kimsalardir va ular uchun alamli azob bordir.
Bas, (Ibrohimga) qavmining javobi faqat: "Uni o'ldiringlar yoki yoqib yuboringlar", - deyishlari bo'ldi. So'ngra Alloh unga olovdan najot berdi. Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir!
(Ibrohim) aytdi: "Sizlar faqat dunyo hayotidagi o'zaro do'stlashishingizni ko'zlab, Allohni qo'yib, butlarni tutdingizlar. So'ngra qiyomat kunida ba'zilaringiz (peshvolaringiz) ba'zilaringizdan (ergashuvchilardan) tonur, ba'zilaringiz ba'zilaringizni la'natlar. Borar joyingiz do'zaxdir. (U joyda) sizlar uchun yordam beruvchilar yo'qdir!"
Bas, Lut unga imon keltirdi. (Ibrohim) aytdi: "Albatta, men Rabbim (buyurgan tomon)ga hijrat qiluvchidirman. Albatta, Uning O'zigina qudrat va hikmat egasidir!"
Izoh: Ibrohim (a. s.)ni olovga tashlaganlarida yonib ketmasdan omon qolganlarini ko'rib, Lut (a. s.) birinchi bo'lib, uning barhaq payg'ambarliklarini tasdiq etib, imon keltirganlar.
Biz unga Ishoq va (nabirasi) Ya'qubni ato etdik hamda payg'ambarlikni va (samoviy) kitob(lar)ni uning zurriyotiga (xos) qildik va unga shu dunyoda ham mukofotini berdik, albatta, u oxiratda ham solih zotlardandir.
Lut o'z qavmiga: "Albatta, sizlar shunday fahsh ishni qilmoqdasizlarki, sizlardan oldin olamlardan hech kim uni qilmagan edi.
Haqiqatan ham sizlar (xotinlaringizni qo'yib) erkaklarga borasizmi; qaroqchilik qilasizmi; majlisgohlaringizda yomon ishlar qilasizmi-a?!" - deganini eslang. Bas, (Lut) qavmining javobi faqat: "Agar sen rostgo'y kishilardan bo'lsang, bizlarga Allohning azobini keltir", - deyishlari bo'ldi.
(Shunda) u aytdi: "Ey, Rabbim, bu buzg'unchilar qavmi ustidan O'zing meni g'olib qil!"
Qachonki, elchilarimiz (farishtalar) Ibrohimga (farzand ko'rishi haqidagi) xushxabarni keltirishgach, aytdilar: "Albatta, bizlar mana shu qishloq ahlini halok qiluvchidirmiz. Chunki, uning aholisi zolimdirlar!"
(Ibrohim): "Axir, u yerda Lut bor-ku?" - dedi. Ular aytdlar: "Bizlar u joyda kim borligini biluvchiroqdirmiz. Albatta, bizlar uni (Lutni) va ahlini qutqarurmiz. Illo, uning xotini qoluvchi (halok bo'luvchi)lardandir".
Qachonki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ular tufayli yuragi siqildi. Ular dedilar: "Qo'rqma va g'am chekma! Albatta, bizlar senga va ahlingga najot beruvchilardirmiz. Magar xotining qoluvchi (halok bo'luvchi)lardandir".
Biz fosiq (itoatsiz) bo'lganlari uchun bu qishloq ahli ustiga osmondan azob (tosh) yog’diruvchidirmiz.
Biz aql yurgizadigan qavmga (ibrat uchun) u (qishloq)dan aniq asorat qoldirgandirmiz.
Madyan (qavmi)ga o'z birodarlari Shuaybni (payg'ambar qildik). Bas, u aytdi: "Ey, qavmim, Allohga ibodat qilingiz va oxirat kunidan umidvor bo'lingiz hamda Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilib yurmangiz!"
Ular (Shuaybni) yolg'onchiga chiqarishgach, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida murdaga aylandilar.
Od va Samud (qabilalarini ham halok qildik). (Bu) sizlarga ularning maskanlaridan (xarobalardan) ko'rinib turibdi. Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (haq) yo'ldan to'sdi. Holbuki, ular aql-idrokli kishilar edi.
Qorun, Fir'avn va Homonni ham (halok qildik). Muso ularga (payg'ambar ekaniga) hujjatlarni keltirganida, ular yer (yuzi)da kibrhavo qildilar va (lekin) o'zib ketuvchi bo'lmadilar.
Biz (ularning) har birini o'z gunohi bilan tutdik. Bas, ularning orasida Biz ustiga tosh yog’dirganlar ham, ular orasida dahshatli qichqiriq tutganlar ham, ular orasida Biz yerga yuttirganlar va ular orasida Biz (suvga) g'arq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, lekin ular o'zlariga jabr qiluvchi bo'ldilar.
Allohdan o'zgalarni do'st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o'rgimchakka o'xshaydi. Inlarning eng nimjoni esa, albatta, o'rgimchak inidir, agar bilsalar!
Albatta, Alloh ularning Uni qo'yib, iltijo qilishayotgan narsalarini bilur! U qudrat va hikmat egasidir!
Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar.
Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. Albatta, bunda mo'minlar uchun alomat bordir!
Do'stlaringiz bilan baham: |