aytuvchi bormi, gunohini kechiraman».
Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v) «sizlarni mag‘firat qilishini yaqinda so‘rayman» - deganlari birodarim
Ya’qub (a.s.)ning «jum’a kuni so‘rayman» deganlaridir». (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 198-bet.)
Yusuf (a.s.)ning akalari otalari va oilalarini olib, Misrga ko‘chib bordilar. Yusuf (a.s.) ularni kutib olib, ehtirom
bilan saroyga keltirdilar.
«(Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so‘ng) u ota-onasini o‘z taxtiga chiqardi va ular (ya’ni
ota-ona va akalari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: «Ey, otajon, mana shu (qirq yil) ilgari
ko‘rgan tushimning ta’biridir. Rabbim uni rost qildi».
Barchalari sevinchlarini ichlariga sig‘dirolmay, Yusufni ulug‘lab unga ta’zim bajo keltirganlarini ko‘rib, Yusuf
(a.s.) qo‘llarini duoga ko‘tardilar, Allohga shukr qildilar va fazlini zikr qildilar:
«Ey Robbim, menga mulk berding va menga tushlar ta’vilini o‘rgatding, o‘zing osmonlar va yerni yaratgan
zotsan. Dunyoda ham, oxiratda ham sen mening do‘stimsan, meni musulmon holda o‘ldirgin va solih
bandalaringga qo‘shgin».
Oyati karimaning «u ota-onasini o‘z taxtiga chiqardi» - degan mazmuniga qaraganda, Yusuf (a.s.)ning
onalari Rohiyl ham hayot bo‘lgan. Ba’zi mufassirlarning fikricha, Alloh Rohiylni tiriltirgan, chunki tushning ta’biri
amalga oshishi shart edi.
Ba’zi olimlar: «Taxtga chiqqan onalari emas, balki xolalari «Layyo» edi. Chunki xola ona maqomidadir» -
degan fikr bildiradilar.
Ibn Jarir Tabariy aytadilar: «Yusufning onasi u yoshlik paytida o‘lganini ahli kitoblar rivoyat qilganlar. Biz esa ularning
rivoyatlarini to‘la qabul qilavermaymiz. Allohning oyati karimasi uning tirik bo‘lganligiga dalolat qilyaptimi, biz albatta tasdiq
etamiz». (O’sha manba, 200-bet.)
Ya’qub (a.s.) bilan Yusuf (a.s.)ning o‘rtalarida bo‘lgan firoq muddatida ham ulamolar turlicha fikrlar
bildirganlar. Al-Hasan al-Basriydan ikki xil fikr rivoyat qilingan: biri sakson yil, ikkinchisi sakson uch yil. Qatoda,
o‘ttiz besh yil degan. Muhammad ibn Ishoqning fikricha, o‘n sakkiz yil, ba’zi ahli kitoblardan esa, qirq yil, deb
rivoyat qilingan.
Voqe’aning rivoji firoq muddatini aniq hisoblashga imkon beradi. Aksar ulamolarning ittifoq qilishlaricha, Azizning xotini
Yusufni «birga bo‘lishga» chaqirganda, Yusuf o‘n yetti yoshli yigit edi. Yusuf zindonda yetti yil turgan. Zindondan chiqib,
vazir bo‘lgandan keyin yetti yil mo‘l-ko‘lchilik bo‘ldi. Keyingi yetti yillik qahatchilikning birinchi yilida akalar Yusufning oldiga
yordam so‘rab keldilar, ikkinchi yilida Binyominni olib keldilar, uchinchi yilida esa, otalari va butun oila a’zolari bilan birga
ko‘chib keldilar.(Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 199-bet.)
«Yusuf (a.s.) Misrga kelganlarida o‘n yetti yoshda edilar. Misr azizining uyida o‘n uch yil turdilar. O’ttiz yoshga
kirganlarida Fir’avn o‘ziga vazir qilib oldi. Vasiyatlarini akalari Yahuzoga qildilar va bir yuz o‘n yoshlarida vafot
etdilar.(Tarixi Tabariy. 1-j. 235-236-bet.)
Ya’qub (a.s.) o‘g‘lilari va butun oila a’zolari bilan Misrga ko‘chib keldilar. Ular Balbis viloyatining Joshir shahariga yetib
kelganlarida, Yusuf (a.s.)ga xabar qilindi. Yusuf (a.s.) bilan birga Fir’avn Ar-Rayyon ibn Al-Valid (Ba’zi manbalarda Al-
Valid ibn Ar-Rayyon)
saroy a’yonlari bilan Yusufning hurmati uchun otalarini istiqboliga chiqdi va izzat-ikrom ko‘rsatib
kutib oldi. Ya’qub (a.s.)ga Balbisning shimolidagi Joshon (hozirda Siftul-Hanna deyiladi) yerlarini in’om qildi.
Ya’qub (a.s.) Misrda yana o‘n yetti yil yashadilar. Umrlarining oxirida farzandlarining har biriga alohida-
alohida vasiyat qildilar. Ularning zurriyotlari haqida alohida bashoratlar berdilar. Navbat Yahuzoga kelganda,
uning naslidan ulug‘, ko‘pchilik itoat qiladigan payg‘ambar zuhur qilishini bashorat qildilar. Bu bashorat Iyso
(a.s.)ning haqlarida edi.
Ya’qub (a.s.) Misrga kelgan vaqtlarida bir yuz o‘ttiz yoshda edilar. Bir yuz qirq yetti yoshda vafot etdilar.
Ya’qub (a.s.) vafot etganlarida Misr ahli yetmish kun yig‘ladi. Yusuf (a.s.) otalarini moylatdilar va shu holatda
qirq kun turdi.
Yusuf (a.s.) podshohdan izn oldilar va otalari qilgan vasiyatni amalga oshirib, jasadni Shomga olib bordilar
va Ibrohim (a.s.) hamda Ismoil (a.s.)lar dafn etilgan Hibrundagi g‘orga dafn etdilar.
O’z navbatida Yusuf (a.s.)ga ham o‘lim yetib keldi. Yusuf (a.s.) bir yuz o‘n yoshlarida Misrda vafot etdilar.
Bani Isroil Muso (a.s.) bilan birga Misrdan Falastinga qaytayotganlarida Yusufning jasadini ham «Tobuti
sakina» nomli tobutda Falastinga olib kelishgan. Hozirda Yusuf (a.s.)ning tobutlari Madina tul-Xalil
(Hibrun)dagi Al-Makfiyla g‘oridadir.
Payg’ambarlar tarixi Islomiyat tarixidir (1-kitob)
Do'stlaringiz bilan baham: |