www.ziyouz.com kutubxonasi
61
«Agar kichik ukangizni ham olib kelsangiz, sizga yanada ko‘proq ikrom qilaman», - dedilar. Ular Ya’qub
(a.s.) ning yonlariga qaytib kelishib, shunday deyishdi:
«Ey ota! Misr hokimi bizga ko‘p ikrom qildi. Agar kichik ukalaringizni ham olib kelsangiz, yanada ko‘proq
ikrom qilaman», - dedi. Ya’qub (a.s.):
«Men uni sizlarga ishonmayman. Binyominning akasini sizlarga ishonganimda sizlar va’dangizga xiyonat
qildingiz. Alloh eng yaxshi muhofaza qiluvchidir va mehribon zotdir», - deb yig‘ladilar.
Hammalari uylariga borib, «yuklarini ochib qarasalar, olib borgan matolarini qaytarib, donni tekinga berib
yuborishibdi. Otalari huzuriga borishib: «Ey ota, yaxshi, saxiy vazirga yo‘liqdik, deb sizni aldamagan edik,
chunki narsalarimizni olmasdan, tekinga don berib yuborgan odam yomon odam bo‘larmidi? Shunday saxiy
odamga bergan va’damizni bajaraylik, ukamizni birga olib borishga izn bering», - dedilar.
Ya’qub (a.s.) Binyominni akalariga qo‘shib Misrga yuborishdan boshqa iloj topolmadilar. Misrga kirib borgan
akalarini Yusuf (a.s.) yaxshi kutib oldilar, Binyominni ko‘rib qalblari eridi, lekin oshkor qilmasdan mehmonlarni
taomga taklif qildilar. Ularni ikkita-ikkita o‘tirg‘izgan edilar. Binyomin alohida dasturxonda yolg‘iz qoldi. Yusuf
(a.s.) uni o‘z yonlariga chaqirib, birga o‘tirdilar. Keyin suhbat asnosida Binyominga o‘zlarining Yusuf
ekanliklarini aytib tanishtirdilar. Binyominning quvonchi cheksiz bo‘ldi, g‘amlari tarqadi, o‘z jigarining bag‘rida
tong ottirdi.
Mehmondorchilik odatlari nihoyasiga yetgandan keyin, akalar ketishga chog‘landilar. Ularga yuklari
tayyorlab berildi, ammo Yusuf akalariga makr ishlatib, ukalari Binyominni olib qolmoqchi bo‘ldilar va uning
yuklari orasiga don o‘lchab beriladigan idishni yashirib qo‘yishni xizmatkorlarga buyurdilar.
Endigina yo‘lga tushganlarida jarchi ularni to‘xtashga buyurdi va ularni o‘g‘rilar deb e’lon qildi. Akalar
dahshatga tushdilar va:
«Ular yaqin kelishgach: Nima yo‘qotdingiz?!», - deyishdi.
«Jarchilardan biri aytdi: «Podshohning tillodan bo‘lgan don o‘lchagichi yo‘qoldi. Agar uni kim topib, keltirib
bersa unga bir tuya don hadya qilinadi, bu va’dani bajarishni o‘z zimmamga olaman», - dedi. Yusufning
akalari:
«Allohga qasamki, biz fasod qo‘zg‘ash yoki o‘g‘irlik uchun kelmaganmiz-ku!», - dedilar. Jarchilar dedilar:
«Agar yolg‘onchi bo‘lsangizlar (o‘g‘rining) jazosi nima bo‘lur?» Akalar aytdilar:
«Bizning dinimiz va shariatimizda o‘g‘rilik qilgan kimsa qo‘lga tushsa, uning o‘zini qul qilib olib qolinadi, lekin
biz o‘zimizni bu o‘g‘irlikdan pok, deb bilamiz», - dedilar.
Akalarining javobidan Yusuf (a.s.) xursand bo‘ldilar. Taftish boshlandi va yo‘qolgan narsa Binyominning
yuklari orasidan chiqdi. Hammalari boshlarini egib qoldilar:
«Ular: «Agar bu (Binyamin) o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa (qilgandir, chunki) ilgari uning akasi ham o‘g‘irlik qilgan
edi» - dedilar. Bas, Yusuf (a.s.) bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi va «Sizlar yomon (tuban)
martabadadirsizlar. Alloh sizlarning «vasflaringizni» yaxshi biluvchidir» - dedi».
Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar:
«Yusuf va uning onasiga butun husnning yarmi berilgan edi. Rohiyl o‘g‘li Yusufni tuqqan vaqtda, chaqaloqni
Ya’qub (a.s.) o‘z singillariga tarbiyalash uchun berganlar».
Yusuf (a.s.) bilan u kishini tarbiyalayotgan ammalari o‘rtasida ko‘ngilxiralik sodir bo‘lgan. Bu haqda Mujohid
(r.a.) shunday rivoyat qiladilar: «Yusufning boshiga kelgan birinchi balo ammasi tufayli edi. Amma Ishoq
(a.s.)ning birinchi va to‘ng‘ich farzandi bo‘lgani uchun Ishoq (a.s.)dan meros qolgan kamar unga berilgan edi.
Yusuf tug‘ilganda ham uni tarbiyalashga loyiq deb eng katta amma topildi va Ya’qub (a.s.) chaqaloqni unga
topshirdi. Amma Yusufni jonidan ham yaxshi ko‘rardi. Yusuf yuradigan bo‘ldi va oradan yillar o‘tdi. Ya’qub
(a.s.) Yusufni juda sog‘inardilar va bu sog‘inch u kishini singillari huzuriga yetaklab keldi. Ya’qub (a.s.) dedilar:
«Ey, singlim, menga Yusufni qaytarib ber. Allohga qasamki, men uni yonimdan uzoqlatishga chidamayapman»
- dedilar. Amma ham bo‘sh kelmay: «Men Yusufni sizga tashlab qo‘yolmayman!» - dedi. Ya’qub (a.s.): «Men
ham uni senga tashlab qo‘yolmayman» - dedilar. Nihoyat amma biroz bo‘shashdi va Ya’qub (a.s.)ga dedi:
«Unday bo‘lsa, menikida bir oz tursin, qalbim tasalli topsin, keyin sizga o‘zim olib borib beraman» - dedi.
Ya’qub (a.s.) ammaning huzuridan chiqib ketishlari bilan, amma kamarni olib Yusufning libosi ichidan uning beliga
bog‘lab qo‘ydi. Keyin kamarni qidirgan bo‘lib, xonadon ahllariga: «Qaranglar, kamarni kim oldi ekan» - deb hammasini
taftish qildi, yechintirib ko‘rdi va nihoyat Yusufning kiyimi ostidan «topib oldi». Keyin qasam ichib: «Allohga qasamki,
Yusuf o‘g‘irlik qilgani uchun menga topshiriladi, men uni nima qilsam qilaman» - deb da’vo qildi. Ya’qub (a.s.) kelganlarida
esa, Yusufning «o‘g‘irlik qilgan»ini aytib berdi. Ya’qub (a.s.) noiloj: «Agar Yusuf shu ishni qilgan bo‘lsa, u senga topshirildi,
bilganingni qil, boshqa narsa mening qo‘limdan kelmaydi» - dedilar. Ya’qub (a.s.) Yusufni ammasining qo‘lidan, u vafot
etguncha tortib olmadilar».(Tarixi Tabariy, 1-j. 232-bet.)
Ba’zi olimlarning fikricha, Yusuf o‘zining bobosi, ya’ni Rohiylning otasi bo‘lgan Lobonning sanamini o‘g‘irlagan va uni
sindirgan edi.(Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 195-bet.)
Yusuf (a.s.)ning akalari:
Payg’ambarlar tarixi Islomiyat tarixidir (1-kitob)
Do'stlaringiz bilan baham: |