Kutubxonachi.uz
85
–
Entoni, avf etasan, gapingni bo‘laman, yoshim katta bo‘lganidan foydalanib qistirib qo‘yay. Sen
hali juda yoshsan, fohishalar deganda sening kulging qistaydi, tushunaman. Men esa og‘ir bir
xo‘rsinaman. To‘g‘ri, fohishalar qadim zamondan beri o‘z burchini imi-jimida bajarib kelishgan, lekin
ular hammaning ko‘z o‘ngida qatorlashib, norozilik mitingiga to‘planishsa, meni kechirasan-u,
bunaqasini odam bolasi eshitgan emas. Uyat-andishani bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib ish ko‘radigan,
ayni vaqtda o‘zlarini dalil tutadigan bechora fohishalar bu safar ham sharoitga qarab ish ko‘rishga
majbur bo‘ldilar. Axir Kassandra tamg‘asi — genetik gulkosalarda so‘lgan ana shunday gullar
marsiyasidir.
–
Ularni siyosatdon dayuslar yo‘ldan ozdirishgan, boshqalarni ham. O’ylaymanki, qumg‘ondan
chiqarib yuborgan jinni hozir Ordokning o‘zi ham eplay olmayotgan bo‘lsa kerak. Misol qidirib uzoqqa
bormaylik. Yo‘lda mashina qatnoviga nazar tashlab keldim. Qarab turib, shuni tuydimki, g‘izillab
yelayotgan ko‘pgina mashinalar bizni ortda qoldirib uyingiz tomonga, Nyuberiga qarab ketayotir.
Mashinalarda borayotganlarning aksarisi menga o‘xshab ovozi boricha telefonda gaplashib ketyapti.
Afti-angorlari sovuq, barcha mashinalarda odam to‘la. Menga aytishlaricha hamma supermarketning
yonginasida to‘planisharmish.
–
Ha, Entoni, u yer shunday yig‘inlar uchun qulay.
–
Koshki edi faqat o‘sha yerda to‘planishsa! Uzr, meni yana alahsishga majbur qilishmoqda. (Allo,
men eshitayapman, ha, men Entoni Yungerman. Eshitaman. Tushunarli. Ha, ha, gapiravering. O’zim
ham shunday deb o‘ylovdim. Yaxshi, meni har doim xabardor qilib tur. Tushunarli. O’key!) Mister Bork,
hozirgina habar qilishdi — Nyu-York ko‘chalarida namoyishchilar olomoni. Ayniqsa, BMT binosi oldida
xalq ko‘pmish. Politsiya zo‘rg‘a ushlab turganmish. Namoyishchilar Filofeyni kosmosdan yo‘qotishga
ruxsat berishni talab qilishmoqda ekan. Bu endi xalqaro harakat. Shunisi qiziqki, namoyishchilarning
oldingi saflarida keyingi kunlari manglayida Kassandra tamg‘asi paydo bo‘lgan homilador ayollar
borishmoqda. Bu ayollar peshonasiga buyoq ham surib mana bunday shiorlar ko‘tarib olishgan:
“Qaranglar, bizga Kassandra tamg‘asini bosishdi. Bizlarni qutqaringlar!” bularga ko‘pgina erkaklar va
ayollar hamdardlik bildirib ular ham peshonalariga xoch chizib olishgan. Vaziyat ana shunday.
–
Ha, Entoni, har holda yaxshi emas.
–
Uchrashganda gaplashamiz. Tez orada yetib boramiz. Eng muhimi, Mister Bork, apparaturani
o‘rnatish, Filofey bilan aloqa qilish va birgalikda o‘ylash kerak.
–
Kutaman, Entoni. Uyimizning yonidan qandaydir ovozlar eshitilayotir. Jessi garajni yopish uchun
chiqib ketdi. Oynadan ko‘rib turibman. Qandaydir nusxalar hovuzga tosh uloqtirib, bezorilik qilishmoqda.
Hozir politsiya keladi deb o‘ylayman. Kutaman. Aytgancha, Entoni, Filofey bilan aloqa o‘rnatish uchun
qancha vaqt kerak bo‘ladi?
–
Yigitlarning aytishlaricha bir soat, ehtimol undan sal ko‘proqdir. Ana o‘shanda Filofey bilan
yuzma-yuz gaplashib olasiz. U faks orqali maqolangizning bir nusxasini olganmish. Kelajakda va hozirgi
kunda qilinadigan ishlarni, matbuot konferentsiyasi o‘tkazish masalasini kelishib olish zarur.
Qolganini men borgandan keyin gaplashamiz. Hozir boramiz kutib turinglar!
Ko‘chada shovqin avj ola bordi. Mashinadan tushganlar ham, supermarket yonida avtomashinalar
to‘xtab turadigan joydan piyoda kelganlar ham shoshib-pishib yura boshlashdi. To‘planganlar panjara
yonida daraxtlar tagida turishib, bir-birlari bilan g‘ovur-g‘uvur gaplashishar, naridan-beri bo‘yoq chaplab
yozilgan shiorlar va chaqiriqlarni hammaga ko‘rsatib ushlab turishar edi. Hammaning do‘q po‘pisalari
bir kishiga qaritilgan: “Bork — senga shafqat yo‘q!”, “Soxta ta’limot tarqatgan yalmog‘izni yotgan joyida
joylaymiz!”, “Professorning manglayiga Kassandra tamg‘asi kuydirib bosilsin!”, “Inson huquqlarini
poymol qilgan kishi o‘zi hamma huquqlaridan mahrum bo‘ladi!”, “Biz fan terroristiga bardosh bera
olmaymiz!”, “Bork — shayton dastyori!”, “Filofey bilan Bork bir xariga osilsin!” va hokazo va hokazo.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |