www.ziyouz.com kutubxonasi
59
yerga joylashib, meshlarni suvga to‘ldirib olganimizdan keyin yon-verimizdagi hamma
quduqlarni ko‘mib tashlaylik. Hali jangga kirib ulgurmay suvsizlikdan mushriklar adoyi-
tamom bo‘lishadi". Hubobning fikri ma’qullanib, uning ko‘rsatmasi bo‘yicha ish qilindi.
Jangovar tayyorgarlik tugagach, Avs qabilasining oqsoqoli Sa’d ibn Muoz "Ey rasululloh,
biz sen uchun alohida chodir tikib, ulovingni shay qilib qo‘yaylik. Agar Olloh bizga nusrat
ato etib, g‘alaba qozonsak nur ustiga a’lo nur, bordi-yu, dushman ustun kelsa, sen
darrov orqaga qaytib ketishing kerak. Seni bizdan ortiq suyib, itoat etadigan qancha
odam Madinada qoldi. Ularning ham g‘azotda qatnashish istagi bor edi. Biroq bu safar
sening g‘azavot niyatida otlanganingdan bexabar qolishdi, bor-yo‘g‘i karvonni qo‘lga
kiritish uchun ketdi, deb o‘ylashdi. Bu odamlar har qanday sharongda sen uchun ko‘ksini
qalqon qilishga tayyor, ular saodatga erishishi uchun ham sen omon bo‘lishing kerak",
dedi. Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul kelib, katta tepalik ustiga chodir tikildi. Musulmonlar saf
chekib, jangovar holga kelgach, rasululloh zarur ko‘rsatmalarni berdilar va xudoga
murojaat qilib, duoga qo‘l ochdilar: '"Yaratgan egam, quraysh xalqi senga takabburlik va
bo‘yni yo‘gonlik qilib yuborgan payg‘ambaringni yolg‘onchiga chiqarmoqda. Menga va’da
qilgan yordamingni darig‘ tutma, bizlarga nusrat ato et!" Bu duoga qo‘shilgan
musulmonlar qalblarida bir munavvarlik tuydilar, dushman har qancha qudratli, soni har
qancha ko‘p bo‘lmasin, baribir g‘olib kelishlariga ishonch uyg‘ondi. Bu har qanday
jangning hal qiluvchi omili edi.
Bu orada mushriklar orasida ixtilof chiqib, jangga kirish-kirmaslik haqida tortisha
boshlashdi. Utba ibn Robia urushishdan qaytarib, musulmonlar tomonidan o‘ldirilgan
Amir ibn Hazramiyning tovonini va musodara qilingan mollarni o‘z yonidan to‘lashini
aytdi. Abujahl uni qo‘rqoqlikda ayblab, malomatlar yog‘dirdi. "Xudo haqi, Muhammad
bilan urushib, taqdirda nima borligini ko‘rmaguncha qaytib ketmayman", dedi u
takabburlik bilan. Jang oldidan Asvad ibn Abdulasad: "Qasam ichib aytamanki,
musulmonlarning qo‘lidan suv ichaman. Bu yo‘lda o‘lsam ham roziman", dedi. Biroq
niyatiga yetolmadi. Jang boshlanishi bilanoq Hamza uni yaralab, oyog‘ini chopib tashladi.
Johil Asvad qasamini bajarish uchun emaklab borib, o‘zini hovuzga tashladi, Hamza
uning boshini tanasidan judo qildi. Rasululloh musulmonlarga sabr-matonat, dovyuraklik
tiladilar. "Jangda chidamli bo‘lgan odamni Olloh g‘am-qayg‘udan xalos etadi", dedilar u
kishi.
Urush o‘sha paytning taomiliga binoan yakkama-yakka olishuv bilan boshlandi.
Mushriklardan Utba ibn Robia, uning birodari Shayba hamda o‘g‘li Validlar maydonga
tushishdi. Ansorlardan chiqqan kishilarni ko‘rgan mushriklar: "Biz sizlar bilan
urushmaymiz, qurayshliklardan chiqishsin", deya chuvullashdi. Payg‘ambar alayhis-
salom Ubayda ibn Horis ibn Abdumuttalib, Hamza ibn Abdumuttalib va Ali ibn Abutolibni
oldinga chiqardilar. Hamza bilan Ali o‘z raqiblarini yengdilar, biroq Ubayda bilan Utba
ikkalasi yaralandi. Hamza bilan Ali yordamga kelib, Utbani o‘ldirishdi va yarador
Ubaydani rasulullohning chodiriga olib kelishdi. Payg‘ambar alayhis-salom uning boshini
tizzalariga qo‘yib, shahidlik darajasiga yetgani bilan bashorat berdilar. Ubayda Abu
Tolibning: "Muhammadni asraymiz, atrofida jon chekib, uning uchun yor, do‘stu
xonumondan voz kechib", degan she’rini esladi hamda o‘zining mana shunday sharafga
erishganidan mamnun bo‘ldi.
Muboraza tugagach, har ikki tomon saflarni jangovar holga keltira boshladi.
Payg‘ambar alayhis-salom odamlarni oralab, qo‘llarida kichkina tayoqcha bilan xuddi
namozdagidek saflarni tekisladilar. Oldinga chiqib ketgan Savod ismli mujohidning
qorniga turtib, to‘g‘ri tur, dedilar. Savod: "Ey rasululloh, sen bekordan bekorga meni
urding, sendan o‘chimni olaman", dedi. Rasululloh rozi bo‘lib, qorinlarini ochib turdilar.
Savod sarvari olamni qattiq quchoqlab, qorinlaridan o‘pdi, u kishining ajablanganlarini
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |