www.ziyouz.com kutubxonasi
43
Rasululloh to‘nlarini Alining ustiga yoptilar-da, Yosin surasining 9-oyatini o‘qib,
tashqariga chiqdilar. "Ularning oldida bir to‘siq, orqasida bir to‘siq paydo qilib, ko‘zlariga
parda tortdik, shu bois hech narsani ko‘risholmadi". Olloh qonxo‘rlarni uxlatib qo‘ydi.
Payg‘ambar alayhis-salomiing uydan chiqqanlarini hech kim ko‘rgani yo‘q. U kishi
kelishilgan joyda Abu Bakr bilan uchrashdilar. Ikkovlon Savr g‘origa kirib yashirinishdi.
Mushriklar suiqasdlari barbod bo‘lganidan, tuni bilan rasulullohni emas, Ali ibn Abu
Tolibni poylab chiqishganidan hayratga tushishdi. Shu zahoti payg'ambar alayhis-
salomni izlab yo‘lga otlanishdi, u kishini tutib bergan yoki qayerdaligini aytgan odamga
mukofot va’da qilishdi. Agar ular Savr g‘origa borib qarashsa, rasululloh bilan Abu Bakrni
bemalol topib olishlari mumkin edi. Nochor ahvolda qolganlaridan qattiq o‘kingan Abu
Bakr yig‘lab yubordi. Payg‘ambar alayhis-salom unga tasalli berib: "Qayg‘urma, Olloh biz
bilan birga", dedilar. Chindan ham parvardigor mushriklarning ko‘zini ko‘r qilib qo‘ydi.
G’orga qarash birontasining esiga ham kelmadi, hatto rasulullohning ashaddiy
dushmanlari Umayya ibn Xalaf ularning bu yerga yashirinishi mumkinligini tasavvuriga
ham sig‘dirolmasdi. Mushriklar chor-atrofni tit-pit qilib, izg‘ib yurishdi. Qochoqlar uch
kungacha g‘ordan chiqmay pusib yotishdi.
Abu Bakrning o‘g‘li ziyrak, uddaburon yigit edi, u kunduzlari mushriklarga aralashib,
rasululloh bilan otasi haqida eshitgan-bilganlarini ularga gapirib berar, qosh qorayganda
iziga qaytib, g‘orda tunardi. Bomdoddan keyin yana Makkaga yetib kelardi. Uning izini
yo‘qotish uchun Omir ibn Fuhayra boqayotgan qo‘ylarini uning orqasidan haydardi.
Ta’qib tugagan kuni ertalab yo‘l boshlovchi Abdulloh ibn Urayqit yetib keldi. Ular Qizil
dengizni yoqalab yo‘lga tushishdi. Kutilmaganda orqadan Suroqa ibn Molik kelib qoldi, u
mushriklarning rasulullohni o‘ldirgan yoki tutib bergan odamga mukofot ta’sis
etishganidan xabardor edi. Mudlij qabilasidan besh-o‘n kishi gaplashib o‘tirishganida
birov kelib: "Dengiz bo‘yida uch-to‘rt kishining qorasini ko‘rdim, Muhammad bilan birga
qochgan sheriklari emasmikin?" dedi. Mukofotni bir o‘zi olishni ko‘zlagan ochko‘z
Suroqa: "Falonchi-pismadonchilar yo‘qolgan mollarini izlab yurishgan edi, shularni
ko‘rgandirsan", deya gapni chalg‘itdi va bir ozdan keyin sekingina davradan sirg‘alib
chiqdi-da, otga minib, qochoqlarning izidan tushdi. Ularga yaqinlashganda oti munkib
yiqildi. O’rnidan turib yana otiga mindi, ovoz bemalol eshitilgudek joygacha yaqinlashib
keldi. Rasululloh parvo qilmay xotirjam ketaverdilar. Abu Bakr esa tez-tez orqasiga
burilib qarardi. To‘satdan Suroqaning oti tizzasigacha qumga botib qoldi. U otini
qamchilab joyidan jildirishga urindi. Joni azobda qolgan jonivorning oyoqlari qumdan
chiqar-chiqmas, chang-to‘zon ko‘tarilib, ko‘zlari hech narsani ko‘rmay qoldi. Shum niyati
g‘alati yo‘sinda barbod bo‘lganidan qattiq vahimaga tushgan Suroqa yordam so‘rab
payg‘ambar alayhis-salomni chaqirdi.
Rasululloh hamrohlari bilan Suroqa yetyb kelguncha kutib turdilar. U mushriklarning
yovuz niyatlarini, rasulullohni tutish uchun hamma choralarni ishga solishayotganini,
hatto pul sarflashayotganini aytib berdi va yenidagi bor oziq-ovqat bilan yo‘lga kerakli
narsalarni ularga taklif etdi. "Bizga narsalaring kerak emas, faqat quvlab
kelayotganlarga ko‘rmadim desang bas", deyishdi ular. Suroqa omonlik xati so‘ragan
edi, rasululloh Abu Bakrga yozib berishni buyurdilar.
Olloh katta iltifot ko‘rsatib o‘z payg‘ambarini balo-qazolardan asradi. Madinaliklar
rasululloh kelayotganlaridan xabar topib, har kuni Harraga — qora toshli soy bo‘yiga
chiqishardi va quyosh tikka kelgandagina qaytib ketishardi. Shunday kunlarning birida
bir yahudiy payg‘ambar alay-hissalomning olisdan elas-elas ko‘rinayotganlarini xabar
berib: "Hay arab jamoasi, sizlar kutayotgan payg‘ambaringlar kelyapti!" deya qichqirdi.
Ansorlar apil-tapil soy bo‘yiga yugurib, rasulullohning yo‘llariga peshvoz chiqdidar.
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |