DORUNNADVADAGI KENGASH
Quraysh mushriklari ansorlarning payg‘ambar alayhis-salomni jonlarini tikib himoya
qilajaklarini eshitib tahlikaga tushdilar. Mushriklarning boshliqlari va obro‘li kishilari
Dorunnadvaga yig‘ilib, rasulullohga qanday zarba berish haqida kengash tuzdilar.
Dorunnadva Qusay ibn Kilobning hovlisi bo‘lib, quraysh xalqi barcha muhim ishlarini shu
yerda hal etishardi. Bu yig‘inga kelgan-lardan ba’zilari payg‘ambar alayhis-salomni
yurtimizdan haydab chiqarib, xotirjam yashayvermaymizmi, deyishsa, ba’zilar, yo‘q,
unday qilsak u yaxshi gapirib, yoniga odam to‘plab boshimizga balo bo‘ladi, deya bu
taklifni rad etishdi. Ayrimlar uning oyoq-qo‘lini bog’lab to o‘lguncha bir uyga qamab
qo‘yaylik deyishsa, bunga ham qarshi chiqadiganlar topilib, bu gap Muhammadni yaxshi
ko‘radiganlarning qulog‘iga yetsa, uni har qanday yo‘l bilan qutqarib olishi, hatto bizga
qarshi urush ochishlari mumkin, deyishdi. Hammadan ko‘ra o‘zini tadbirli hisoblovchi,
rasulullohning ashaddiy dushmani Abu Jahl keskin taklifni o‘rtaga tashladi.
"Muhammadni o‘ldirish kerak, — dedi u. — Qarindosh-urug‘i bizdan o‘ch ololmasligining
ham yo‘lini topib qo‘ydim. Har qabiladan bittadan baquvvat yigitni tanlab olamiz. Ular
Muhammadning eshigi oldida shay bo‘lib turishadi, u tashqariga chiqqan zahoti
barobariga qilich urishadi, oqibatda bu g‘alamisning joniga hamma qabila zomin bo‘lgan
hisoblanadi. Abdumanof avlodi hamma qabilaga barobar urush e’lon qilishga qodir emas,
tovon olish bilan cheklanib qo‘ya qoladi". Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul tuyuldi va shu
joyning o‘zidayoq suiqasdning rejasi tuzildi. Lekin Ollohning irodasi ularning niyatidan
g‘olib keldi. Oli Imron surasining 54-oyatida bu xususda shunday deyiladi: "Ular hiylai
makr ishlatishdi, parvardigor ham tadbir ishlatdi. Tadbirkorlikda Olloh hammadan
omilkorroq". Haq taolo o‘z rasulini g‘animlarning qabih niyatidan ogoh etdi va u zoti
muborakka islom dini rivojlanib kuch-quvvatga erishadigan Madinaga ko‘chib o‘tishni
buyurdi. Bu narsada ham ajoyib hikmat bor. Agar islom dini Makkada tarqalsa,
dushmanlar: "Quraysh qabilasi barcha arablarga hukmron bo‘lishi uchun Muhammadni
payg‘ambarlik da’vosini qilishga undadi", deyishlari aniq edi. Aslida esa rasulullohning
boshiga beadad musibatlar solgan qurayshlar bo‘ldi. Shu bois parvardigor payg‘ambar
alayhis-salomni yurtidan ayro tushib, quraysh qabilasidan olisroqqa ketishlarini iroda
qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |