www.ziyouz.com kutubxonasi
29
ishlatib, odamlarning ko‘zini bog‘ladi, deyishdi. Olloh yuqoridagi suraning 3-oyatida:
"Ular biror mo‘jizani ko‘rganda teskari qarashadi, uni odatdagi sehr deyishadi", deydi.
Shundan keyin mushriklar qarshilik ko‘rsatish niyatida qaysarlik bilan rasulullohdan
boshqa mo‘jiza ko‘rsatishni talab qilishadi va xuddi Isro surasining 90-93-oyatlarida
bayon etilgandek shart qo‘yishadi. "Toki sen yer ostidan bironta buloqni qaynatib
chiqarmaguningcha gaplaringga aslo ishonmaymiz. Yo qoq o‘rtasidan kattakon anhor
oqib o‘tadigan xurmozor, tolzor bog‘ing bo‘lsin, yo o‘zing aytgandek ustimizga osmonni
parchalab tashla, yo payg‘ambarligingga guvoh qilib xudo bilan farishtalarni oldimizga
olib kel. Loaqal biz o‘qiy oladigan biron kitob ko‘rsatmaguningcha osmonga chiqib
tushganingga ishonmaymiz", deyishadi ular. Olloh ularning talablariga javoban Isro
surasining 90-93-oyatlarida: "Sen, robbim pokdir, men bor-yo‘g‘i payg‘ambar bo‘lgan bir
insonman, degin", dedi. Mushriklarning dili mutaassiblik va jaholat bilan shu qadar
qorayib ketganki, har qancha mo‘jiza ko‘rsatilsa ham, baribir, imonga kelishmasligini
parvardigor yaxshi bilar edi. Shu bois An’om surasining 109-oyatida bu haqda shunday
deydi: "Ularga mo‘jiza ko‘rsatilsa-da, baribir, ishonmasligini bilmaysizlarmi?" Anfol
surasining 32-oyatida aytilgandek: "Ey Olloh, Qur’on chindan ham sen tomondan nozil
qilingan bo‘lsa, ustimizga tosh yogdirgin yoki bizga og‘ir azob yuborgin", degan
odamlardan yaxshilik kutish mumkinmi? Dili qoraygan bu kimsalar Qur’onni chindan
ham sen yuborgan bo‘lsang bizni hidoyat qilgin, deyishgani yo‘q. Ular payg‘ambarni
mulzam qilish niyatida mo‘jiza ko‘rsatishni so‘rashar, xudoning elchilari esa imon
keltirishdan bosh tortayotgan kofirlar Od va Samud qavmidek qirilib ketishidan ko‘rqib
ular istagan mo‘jizani xudodan so‘rashmas edi. Olloh Isro surasining 59-oyatida aytgan
gaplari bu fikrni tasdiqlaydi: "Avvalshlarning karomatlarini yo‘qqa chiqarishgani uchun
mo‘jizalarni namoyon etmadik".
Iso alayhis-salom Hirdavsning huzuriga kirganlarida u payg‘ambardan mo‘jiza
ko‘rsatishni talab qilgan. Isoyi masih talabini rad etgani uchun Hirdavs u zoti
muborakning ustilaridan kulib, payg‘ambarning ashaddiy dushmani Bilotusga qaytarib
bergan. Vaholanki, u Iso alayhis-salom uchun jon koyitar, u kishi bilan ko‘rishishni orzu
qilardi. Faqat qulfi dili muhrlangan bo‘lgani uchun unga imon esh bo‘lmadi. Bu voqea
injilning Luqo nusxasidagi 23-bobida batafsil bayon etilgan.
Mushriklar musulmonlarni biron dalil-isbot bilan lol etolmagach, kuch ishlatishga qaror
qilishdi. Ibrohim payg‘ambarning qavmi ham chorasiz qolganda shunday
sharmisorlikdan qaytmagan edi. Anbiyo surasining 69-oyatida bu yovuz qavm tilidan
shunday deyilgan: "Ibrohimni kuydirib ma’budlaringizga yordam bering, deyishdi".
Mushriklar ham musulmonlarning rasulullohga ergashishga yo‘l qo‘ymaslik uchun har
qadamda bir shumlik o‘ylab topishdi, qo‘llaridan kelgan har qanday razolatdan
qaytishmadi. Rasululloh sahobalarga: "Turli tomonga tarqalib ketinglar, Olloh tez
kunlarda sizlarni topishtiradi", dedilar. Sahobalar qayoqqa borishni so‘rashganida
rasululloh Habashistonga yo‘l ko‘rsatdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |