www.ziyouz.com kutubxonasi
126
Musulmonlar ko‘zlangan manzilga yetib kelgach, g‘animlarning bir yilga yetadigan
oziq-ovqatni g‘amlab shahar qo‘rg‘oniga yashirinib olishganini bilishdi. Musulmonlar
o‘zlari; uchun qulay joyni topib qo‘r tashlashdi, lekin hali nafas rostlab ulgurishmay
shahar devoriga chiqib olgan g‘animlar qattiq o‘qqa tutishdi. Musulmonlardan juda ko‘p
odam yaralandi. Abdulloh ibn Abu Bakrning jarohati og‘ir bo‘lib eng omilkor tabiblarning
muolijalari ham naf bermadi, oxiri otasi xalifalik taxtiga o‘tirganda shu jarohat azobidan
vafot etdi. Abu Sufyon ibn Harbning bir ko‘zi oqib tushdi, ikki kishi shahid bo‘ldi.
Payg‘ambar alayhis-salom dushman yomg‘irdek o‘q yog‘dirayotganini, ajal xavfi
kamayish o‘rniga battar zo‘rayotganini ko‘rgach, Toifdagi hozirgi masjid o‘rniga rafiqalari
Ummu Salama bilan Zaynab uchun ikkita chodir tiktirdilar. Muhosara o‘n sakkiz kun
davom etdi. Xolid ibn Valid dushmanni muborazaga (yakkama-yakka olishishga)
chaqirdi. Lekin uning taklifiga hech kim javob bermadi, aksincha o‘q yomg‘iri battar
kuchaydi. Saqif qabilasining oqsoqoli Abduyolil esa sarkardani mazax qilib: "Ey Xolid,
xomtama bo‘lmay qo‘ya qol, sening oldingga hech kim chiqmaydi, biz qal’ada tinchgina
o‘tiraveramiz. Bir necha yilga yetadigan oziq-ovqatimizni g‘amlab olganmiz. To
yeguligimiz tugaguncha muhosara qilsang ixtiyoring. Hech vaqomiz qolmagandan keyin
chiqib so‘nggi nafasimizgacha olishib o‘lamiz", dedi.
Muhosara cho‘zilib ketgach, payg‘ambar alayhis-salom manjaniqni ishga solishni
buyurdilar: istehkomni portlatish uchun bir nechta sahoba dabbobalar ichiga kirdi, lekin
dushman musulmonlarning urinishini chippakka chiqardi: tepadan qizdirilgan temirlarni
tashlab, hujum qilayotganlarni orqaga chekintirdi. Payg‘ambar alayhis-salom
dushmanning tok va xurmo daraxtlarini kesib tashlashni buyurdilar. Musulmonlar shu
zahoti ishga tushib ketishdi. Qal’adagilar rasulullohga murojaat etib: "Ollohning va
qarindosh-urug‘chilikning haqqi-hurmati dov-daraxtlarni kestirma", deya yolborishdi.
Payg‘ambar alayhis-salom: "Mayli, Olloh bilan qarindosh-urug‘chilikning haqqi-hurmati
daraxtlarni kestirmayman", dedilar va kim qal’adan chiqsa omonlik berilishini, uning
joniga ham, mol-mulkiga ham dahl qilinmasligini aytdilar.
Qo‘rg‘on devoridan o‘ntacha odam osilib tushdi. Yaxshi qurollangan dushmanning
qattiq qarshilik ko‘rsatishi sababli muhosara uzoqqa cho‘zilib ketishi mumkinligidan
tashvishlangan payg'amoar alayhis-salom Navfal ibn Muoviya Daylini chaqirib, qamalni
davom ettirish kerakmi yoki orqaga qaytgan ma’tsulmi deya maslahatlashdilar. Navfal:
"Ey rasululloh, iniga bekinib olgan tulkini poylab turaversang, oxiri tutib olasan, bordiyu
tashlab ketsang, u senga biron ziyon-zahmat yetkazmaydi", dedi. Uning gapi ma’qul
tushib rasululloh qo‘shinni chekintirishga buyruq berdilar. Ajablangan ba’zi sahobalar
saqifliklarni duoibad qilishni so‘rashdi. Lekin sarvari olam parvardigorga yolborib: "Ey
Olloh, saqif xalqini hidoyat qilgin, ular ham musulmon bo‘lib, huzurimga kelishsin", deya
yaxshi tilak tiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |