www.ziyouz.com kutubxonasi
167
To‘rtinchisi: Qur’onda o‘tmishdagi nom-nishonsiz yotgan ummatlar, izsiz yo‘qolgan
shariatlar haqida ma’lumot beriladi. Ilgari biror qissani ahli kitoblarning umrini ilm-
ma’rifatga bag‘ishlagan ulkan olimlargina bilishardi, Muhammad alayhis-salom esa
bunday qissalarni asli qanday bo‘lsa, shundayligicha aytib berardilar. Nasoro va yahudiy
olimlar u kishining hikoyasi rostligini e’tirof etishardi. Rasululloh bu ma’lumotlarga
o‘rganish orqali erishmaganlar. Payg‘ambar alayhis-salom ummi edilar, maktab
ko‘rmaganlari, na o‘qish, na yozishni bilishlari, ilm-urfon bilan shug’ullanish imkoniga
ega bo‘lmaganliklari nasoro va yahudiylarga yaxshi ma’lum edi. Ahli kitoblar rasululloh
avval o‘tgan payg‘ambarlarning qissalari, olamning yaratilishi va ilgarigi muqaddas
kitoblarda yozilgan narsalar haqida ko‘p narsalarni so‘rab-surishtirishar, bu savollarga
Qur’on orqali javob berilardi, so‘rovchilar bu javoblarni rad etisholmas, ularga qoyil
qolmay ilojlari yo‘q edi. Shuningdek biron kimsa bu javoblarni muqaddas kitoblarga xilof
keladigan joyi borligini aytgan emas. Hatto ularni koyib, Oli Imron yeurasining 93-
oyatida: "Agar rostgo‘y bo‘lsanglar Tavrotni keltirib o‘qib ko‘ringlar", degin" deyilganda
ham uni inkor etisholmagan.
Ollohning Baqara surasidagi 94-oyati orqali ahli kitobga murojaati ular payg‘ambar
alayhis-salomning so‘zlari rostligini bilajagini ko‘rsatib turibdi: "Jannat boshqa kishilarga
emas, faqat sizlargagina xos ekan, agar rostgo‘y bo‘lsanglar o‘limni orzu qilib ko‘ringlar-
chi". Bu kimsalar sira ham o‘lishni istamasligi Baqara surasining 95-oyatida aniq-ravshan
bayon etiladi: "Ular o‘z qilmishlari tufayli aslo o‘limni orzu qilishmaydi". Bu kimsalar
loaqal til uchida bo‘lsa-da, o‘limni orzulashganini birov eshitgan emas. Vaholanki, ular
payg‘ambar alayhis-salomni yolg‘onchiga chiqarishni juda ham istashardi. Rasululloh
Najron nasorolarini o‘z gaplarining rostligiga qasam ichishni buyurganlarida bosh
tortishgan edi.
Qur’on inson so‘zi emasligining yana bir isboti shuki, Ollohning oyatlarini eshitgan
kishi qattiq mutaassir bo‘ladi; mushriklarga esa Qur’on tinglamoq mashaqqatli tuyular,
to‘g‘rirog‘i eshitishdan qo‘rqishardi. Shu bois payg‘ambar alayhis-salom: “Yoqtirmagan
kishilarga Qur’on mashaqqatli tuyuladi", deganlar. Bu eng odil hukmdir. Mo‘min odam
Qur’on o‘qiganda mutaassir bo‘lishi Ollohning kalomiga ishtiyoqini yanada kuchaytiradi,
imonini mustahkamlaydi. Olloh Taolo Zumar surasining 23-oyatida: "Qur’onni
eshitganda xudodan qo‘rqqanlarning badaniga titroq yuguradi, ular parvardigorning
rahmat-mag‘firatini eslaganida titrog‘i bosilib, xotirjam bo‘lishadi", deydi. Olloh Taolo
Hashr surasining 21-oyatida esa: "Agar Qur’onni biron toqqa nozil etganimizda xudodan
qo‘rqqanidan tog‘ning albatta bosh egib yorilib ketganini ko‘rar eding", deydi. Qur’oni
Karimning qiyomatgacha boqiy bo‘lishi ham uning mo‘jizalaridan biridir. Parvardigori
olam uni o‘zi asrayajagiga kafolat berib, "Biz chindan ham Qur’onni nozil etdik va
muqarrar uni asraygaymiz", degan hamda: "Qur’onga hech qaysi jihatdan botil
yuzlanmaydi", deya uqtirilgan.
Avval o‘tgan payg‘ambarlarning mo‘jizalari o‘z zamonasidayoq barham topib, bizgacha
ularning faqat xabarlarigina yetib kelgan xolos. Qur’on esa to hanuz zavol topmay
yengilmas bir qudrat namunasi bo‘lib turibdi. Har bir asrda son-sanoqsiz tilshunos
olimlar, usta notiqlar, mashhur yozuvchilar o‘tgan, ularning orasida dahriylari, islomga
ochiqdan-ochiq dushmanlik kayfiyatidagilari ham bor edi. Bunday shaxslar Qur’onga
taqobil turadigan biron narsa kashf etisholgani yo‘q, loaqal tilga olishga arzigudek ikki
og‘iz jumla tuzib, xudoning kalomiga tuzatish kiritisholmadi ham. Bunga urinib
ko‘rganlar esa chorasiz qolib, alalloqibat mag‘lubiyatini sharmandalarcha tan olishga
majbur bo‘lishgan. Bu bobni payg'ambar alayhis-salomning Qur’oni Karim haqidagi
muborak hadislarini naql keltirish bilan yakunlaymiz:
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |