Alisher Navoiy.
Nasoyim ul-muhabbat
www.ziyouz.com
kutubxonasi
81
Ul shayx Abu Abdulloh Xafifning ustodlaridindur. Ul debdurki, kosibeki kasb haqiqatin rioyat
qilg‘ay, hargiz Abu Muhammad Atoyidiydek ko‘rmadim. Har kun yarim donak kasb qilur erdi va
aning quti andin erdi. Ikki habbag‘a nuxola sotqun olur erdi va andin ikki non pishirur erdi.
Biri bila
iftor qilib, birin sadaqa berur erdi. Qirq yil uyida chirog‘ yoqmadi. Jihatin so‘rdilar. Dedikim, aning
hisobidin qo‘rqarmenki, anga necha nima kerak, to muyassar bo‘lg‘ay va barchasining hisobi bor.
308. Ja’far Hazzo r. t.
Kuniyati Abu Muhammaddur. [Junayd va uning tabaqasidagilar bilan suhbat qurgan,
Shibliy uning
manoqibini zikr qilgan va fazilati haqida gapirgan edi)
1
. Uch yuz qirq birda dunyodin o‘tubdur. Shayx
Abu Abdulloh Xafif debdurki, bir kun Mu’ammil Jassos manga dedikim, Ja’far Hazzoni ko‘rkim, ne
holi bor? Borib ko‘rdum. Mutakallif saroy ichinda va nozanin bisot
yuzida va nafis kiyguluklar
orosinda. Meni so‘rdi va men ani so‘rdum. Dedi: o‘ltur, bila taom yeyali! Bas laziz taom pishurtti va
bila yeduk. Chiqib, Mu’ammil qoshig‘a keldim va har ne ko‘rub erdim, dedim. Mu’ammil duo qilib
dedikim, yorab, bizga salomat va ofiyatni arzone tut.
Necha vaqt o‘tgandin, so‘ngra yana Mu’ammil dedikim, borib Ja’far Hazzo holin ko‘r! Borib, bir
vayronada toptim. Bir buzuq uyda yig‘lamoqda. Uch kun erdikim, taom totmaydur erdi. Ondog‘i el
iltimos qildilarki, anga nimagina yedur! Ko‘p jahd qildimkim, ozg‘ina suyuq yedurdum. Yana
Mu’ammilg‘a kelib, ko‘rgonni dedim. Mu’ammil dedikim, agar avval tana’umiy
qilmasa erdi, oxir bu
holg‘a mubtalo bo‘lmag‘ay erdi.
309. Hishom b. Abdon r. t.
Kuniyati Abu Muhammaddur. Shayx Abu Abdulloh Xafif debdurki, chun ul namozg‘a turar erdi. Anga
vajd va hol paydo bo‘lur erdi. Mehrobda keyin va ilgari yurub, Qur’on o‘qur erdi va goh bo‘lur
erdikim, aning namozig‘a nasoro yig‘ilib, nazzora qilurlar erdi. Aning bir qo‘yi
bor erdiki, g‘izosi
aning suti erdi. Ul qo‘yni ko‘tarib, yozig‘a eltib o‘tlatur erdi.
Bir kun uyqulab, uyg‘ong‘ach ko‘rdikim, qo‘yi birov ziroatig‘a kiribdur. Ani ul ziroat iyasiga berdi va
andin behilliq tiladi. Hishomg‘a vahshate va haybate yetishtikim, bir yil namozdin qoldi
va el ani takfir
qilurlar erdi. Bu qissa masjidi jome’ mashoyixig‘a yetdi. Barcha aning qoshig‘a bordilar va Ibn Sa’don
Muhaddis ham bila erdilar. Ondin so‘rdikim, meni tonirmusen? Dedi: Ibn Sa’donsen. Dedi: Nevchun
namoz qilmassen? Dedi: Menga bir necha oriz yuzlanur va namozg‘a mone’ bo‘lur. Dedikim, ne nav’?
Ul javob bermadi. Shayx Abu Abdulloh Xafifdin so‘rdilarki, jihat ne erdiki Hishom namoz qilmas
erdi? Dediki, g‘ayb mutolaasi qilur erdi. G‘ayb umuri anga g‘olib bo‘ldi. Hayrat maqomig‘a tushti va
zohir a’molidyn otil bo‘ldi. Bir kun mashoyix Hishomg‘a dedilarki, eshitibbizki, sen mushohadag‘a
qoyilsen. Har kim, munga qoyil bo‘lsa, tavba qilmoq kerak yo ani adab qilmoq kerak. Hishom dedi:
Menga tavba talqin qiling! Qildilar. Yana kun mashoyix qoshig‘a
kelib dedikim, tonug‘ bo‘lingkim,
men tuno-kun qilgan tavbadin tavba qildim. Mashoyix qo‘pub, oni sudrab, Masjidi jomidin chiqardilar.
Do'stlaringiz bilan baham: