Tavba, vara’, zuhd, faqr, sabr, tavakkul, rizo
– bular tariqat maqomlari erur. Tavba maqomi
talablarini bajarmasdan vara’ maqomiga, erishib bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, keyingi maqomlarda
ham biridan ikkinchisiga o‘tish ayni shu tartibda davom etadi.
Mujarrad
– toqlik, bo‘ydoqlik. Tasavvufda tajarrud, ag‘yor va mosivodan tamoman forig‘ bo‘lib,
Haqqa tavajjuh etishdir.
Mukavvin
– takvin sifatiga sohib bo‘lgan zot. Borliq, olamning mukavvini – Allohning o‘zi.
Muroqaba
– mushohada, biror narsaga diqqat ila nigoh tashlamoq, xudo fikriga berilib, dunyoga
taalluqli xayol, o‘tkinchi mayllardan forig‘ bo‘lmoq. Tasavvufda muroqaba ikki xilga ajratilgan: biri
avomning muroqabasi bo‘lib, bunda Haqqa tolib kishi Allohning amrlarini ado etib, uning ahvolidan
ogoh va talabgor ekanini anglab, ayni shu mulohazadan g‘ofil qolmasligidir. Ikkinchisi – muroqabai
xavos. Bunda solik jazban muhabbat bilan husni mutlaqning siri – ahadiyatini davomli tarzda barcha
ashyoda mushohada va mulohaza qiladi hamda shu jarayonida ashyoni tamoman esdan chiqaradi. Bu
ayni holatda Alloh taoloning anvariga nazar aylab, asroriga muroqib bo‘ladi.
Muhabbat
– sevgi, mehr, yaqinlik va sadoqat hissi. Ishqning martabalaridan biri, ya’ni yomon
fe’llardan poklanib, yaxshi va go‘zal xulqlar va sevgiliga yaqinlashmoq, unga loyiqlik. Muhabbat
«hibba» o‘zagidan yaralgan so‘z bo‘lib, «ustiga tuproq tortilgan urug‘» ma’nosini anglatadi. Hayotning
asli va asosi ana shu urug‘da bo‘lganidek, diniy, ma’naviy va ruhoniy hayotning urug‘i, ildizi va
daraxti ham muhabbatdir.
«Mutu qabla an tamutu»
– tasavvuf mafkurasining shakllanishi va jadal taraqqiy topishida
payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir talay hadislari muhim o‘rin tutgan. So‘fiylik
tushunchasining negizini tashkil etgan «mutu qabla an tamutu», ya’ni «O‘lmasdan burun o‘ling» degan
hadis so‘fiy, eran, abdol – xullas, Haq oshiqlari uchun ilohiy bir dastur va amaliy hayot nizomiga
aylangan. Darhaqiqat, «O‘lmasdan burun o‘lish» sifati va holini kamolga yetkazmasdan na tasavvufiy
hayot va axloqda, na ishqu oshiqlikda oliy maqomlarga yuksalib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Imom
Rabboniy, «...o‘lmasdan burun o‘lim haqiqatga aylanmaguncha, muqaddas Zotga yetib bo‘lmas... Bu
fano holi valoyat (valiylik) martabalariga tashlanadigan ilk qadam va ishning ibtidosida hosil
bo‘ladigan bir kamol darajasi erur», deganlar. Shu bois Haq taoloning xos odamlari sayru sulukda ishni
«o‘lmasdan burun o‘lish» dan boshlagan va bu muroqaba tarzida amalga oshirilgan bo‘lib, uning ijro
shaklini Muhammad Nuriy Shamsiddin Naqshbandiy shunday tasvirlagan: «Haq yo‘lchisi – solik
muroqaba bilan mashg‘ul bo‘lib, shaxsiy istaklarndan butunlay kechar, aqliga kelgan narsalarni bir
yonga surib, fikrlashdan ham to‘xtar. Shu hol ila vujud a’zolarin jonsiz hisoblab, ko‘zlarin ham yumar.
Go‘yo shu ahvolda o‘lim hukmi kelganu u bu foniy dunyoni tark qilgan. Shundan so‘ng solik o‘zini
qabrda tasavvur etgan. Oradan ma’lum fursat o‘tib, jasad va suyaklari ham chirigan. Vujud tuproqqa
qorishib ketgan va undan hech nomu nishon qolmagan. Biroq uning ruhi bilan hisob-kitoblar davom
etgan... Ana shunday muroqaba eng ozi bilan–bir, o‘rtacha –ikki, ko‘pi bilan –uch soat davom etgan.
Buning oqibatida esa «O‘lmasdan burun o‘ling» amrining siri ochilgan».
Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat
Do'stlaringiz bilan baham: |