Murdalar gapirmaydilar (qissa).
Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
86
AJR
«Qizimni urgan qo‘llaring akashak bo‘lsin! Sen mening qizimni urding — seni Xudo
ursin! Mening qo‘llarim sening yoqangda! Qiyomatgacha qarg‘ayman seni!».
Qaynonasining faryod bilan aytgan bu so‘zlari xotirasiga mixlanib qolgan.
O‘shanda sud hukmini kutib o‘tirgan edi. Qaynonasi ayyuhannos solib kirdi. Qarg‘adi.
Qarg‘ab-qarg‘ab xumoridan chiqmadi. Dod solib yig‘layverdi. «Sud ishiga xalaqit
beryapti», deb uni qariyb sudrab olib chiqishdi. Uning faryodi tashqarida ham tinmadi.
U avvaliga qaynonasining qarg‘ishlariga tushunmadi. Xotinining o‘lganini keyinroq
bildi. Bildi-yu, qo‘rqib ketdi. «Agar bu o‘limni
ham yelkamga yuklashsa, rahm qilishsa
o‘n besh yil berishadi, bo‘lmasa otishlari tayin», deb o‘ylab yuragi orqasiga tortdi. Har
tugur «traktorni mast holda haydagani, «Jiguli»ga urilgani,
haydovchining jarohat
olgani...» qamalish uchun kifoya qildi. Qo‘liga kishan urib, sud xonasidan olib ketishdi.
O‘sha onlarni keyinchalik eslasa «Baxtimdan o‘rgilay», deb qo‘yadigan bo‘ldi. Xotini
o‘sha kuni emas, ikki-uch kun avvalroq o‘lganida otuvdan qutulib qololmasligi tayin edi.
Sudga nima, «urganingda jigari yorilib ketgan», deb qotillik jandasini bo‘yniga iladi.
Qaynonasinikiga borib janjal qilgani, xotinini quvib yurib urganini bilishgach, «qasddan
o‘ldirgan», deb hukm chiqarib yuboraverishadi.
Qasddan... Xotinini o‘ldirish xayoliga kelganmidi o‘sha damda?
Qaynonasinikiga nima
uchun borgan, xotinini nima uchun urgan — o‘zi ham bilmaydi. Esida qolgani: shiyponda
mehmon kutadigan bo‘lishdi. Raisning muovini kelib, unga «Traktoringni tutatma. Bugun
nozik mehmon keladig‘on, bi-ir pazandaligingni ko‘rsat», deb ketdi. Raisning mehmon
kutadigan bog‘i, o‘zining oshpazi bo‘lsa ham mehmonning bu
yerda kutilishi ular uchun
tushunarsiz hol edi. Uning pazandaligiga ko‘pchilik qoyil qolardi. O‘zi ham qozon atrofida
yayrab ketardi.
Xullas, mehmon keldi. Ovqat yeyishining tayini yo‘q, ozg‘ingina odam ekan, Jussasi
nozikmidi yoki amali nozikmidi, bilisholmadi. Bilishga qiziqishmadi ham.
Mehmon
ketgach, ziyofatni o‘zlari davom ettirishdi. Bir tomondan kunning issig‘i, yana bir
tomondan xalqumlarini qizdirib o‘tgan shayton suvi ta’sir qilib, shomga qolmay yumalab
qolishdi.
U shom salqinida bir oz o‘ziga kelib, ko‘zini ochdi. Shishalarda, piyolalarda qolgan-
qutganini to‘plab,
nafsini orom oldirtirgach, bir amallab traktoriga chiqib oldi. Uyga
borgani esida. Onasi nimadir dedi. Nima deganini keyin hech eslay olmadi. So‘ng
qaynonasinikiga bordi... Qaytishda bir mashina ro‘parasidan chiqdi. Keyin bilsa, uning
o‘zi traktori bilan mashina ro‘parasidan chiqqan ekan.
«Shunga yosh umrini juvonmarg qilib qamash shartmidi?..»
Uning xulosasi shu edi.
Ko‘p narsalar esidan chiqib ketdi. Lekin qaynonasining faryodini unuta olmadi.
Qamoqda yurganida ham, keyin ham vaqti-vaqti bilan qulog‘i ostida jaranglayverdi. Har
jaranglaganda bir cho‘chib tushadi. «...Seni Xudo ursin!..» Ibodatsiz bo‘lsa ham
qo‘rqardi bu qarg‘ishdan. «Xudo qanaqasiga urar ekan?» — deb ko‘p o‘ylardi.
Toshbolta Xudoning qanaqasiga urishini mana endi bilganday bo‘ldi.
Bu ojiz banda,
bu nodon banda, bu shayton izmidagi banda foniy dunyodagi har bir
harakati, har bir aytgan gapi uchun ajr mavjud ekanini, hatto qizining o‘limi ham o‘ziga
yarasha mukofot ekanini anglab yetmagan edi.
U «norasmiy kuyovi», bir vaqtlardagi o‘zining ta’biri bilan aytganda «valine’mati»
bo‘lmish Tursunalining qo‘liga kishan urilganida ko‘p ham qayg‘urmadi. Topar-tutari
yaxshi, obro‘-e’tibori ham baland chin kuyovga yolchiganidan so‘ng Tursunali ko‘ziga
shumqadam bo‘lib ko‘rinayotgan edi. Shilqimligi bir kunmas bir kun qizining oilasini