www.ziyouz.com kutubxonasi
119
— Nega oq qilasan?
— Ishing bo‘lmasin, bu isqirtni olu jo‘na bu yerdan. Isnodga qoldirma bizlarni. — U
shunday deb o‘girilmoqchi bo‘lganida Bobomurod giribonidan oldi-da, qorniga musht
urdi:
— Menga qara, hey harom! Singlingni Penzada ko‘rib qolib, yetaklab keldim. O‘sha
yerda bir o‘ris, o‘ris bo‘lganda ham bir ment singlingga rahm qildi. Bu yerlarda xor bo‘lib
o‘lib ketmasin, dedi. Sen nima deyapsan? Men to‘rt marta o‘tirib chiqqan odamman.
Beshinchisida nima uchun o‘tirarkinman, deb yuruvdim. Sening qoningni ichib o‘tiraman
shekilli? Qani, joningni sug‘urib olmasimdan ayt-chi, nima uchun oq qilgansan?
— Shaharda o‘qiyapman, deb o‘g‘rilarga qo‘shilib ketibdi. Bizlarni nomusga qo‘ydi.
— Senda hali nomus ham bormi, harom! Kasal singlingni oq qildim deb, ko‘chaga
haydab qo‘yib, yana nomusdan gapirasanmi! Ota-onang qani?
— O‘lib ketishdi.
— Qovurg‘angning orasiga panjamni tiqib yuragingni sug‘urib olgim kelyapti. Lekin
shu singlingning hurmati uchun hozircha tirik qolasan. Seni yo‘qlab alohida kelaman.
Nomus nima, insof nima, vijdon nima — gaplashib olamiz. Hozir esa, hamma
qo‘shnilaringni chaqir.
Aka avvaliga ko‘nmadi, biroq yumshoq yeriga uch-to‘rt tepki tushgach, buyruqni
bajardi. Ayrim qo‘shni ayollar toshdek qotib turgan Ayol bilan ko‘rishmoqchi bo‘lishdi.
Ba’zilari esa, ostonalaridan uzoqlashmay cho‘chigan holda qarab turaverishdi.
— Qo‘shnilar, bilib olinglar: mana bu harom odam aka ekan. Bu iflos odam singlisini
oq qilganmish. Qamalgan qizlar oq qilinsa, ko‘chalarda xor bo‘lib o‘lsin, degan qonun
bormi o‘zi? Qaranglar, singlisi kasal. Shu ayolga bir o‘risning rahmi keldi, akasining esa
rahmi kelmaydi. Endi men shu ayolning nomidan gapiraman: u akasini oq qildi, bilib
qo‘yinglar! Endi men unga aka, u menga singil! Omin! Fotiha beringlar!
Birov fotiha qilgan bo‘ldi, birov qimir etmadi.
— Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. To‘g‘ri, o‘g‘rilik qilmaslik
kerak edi...
Ayol bu gapni avval sekinroq aytdi, so‘ng baland ovozda qaytardi-da, qah-qah otib
kuldi, kulaverdi...
Bobomurod hayron bo‘ldi: shu paytgacha Ayol kulmagan edi.
Qo‘shnilar birin-sirin uylariga daf bo‘ldilar. Akaning ham qorasi o‘chdi. Bir piyola
choyga taklif etuvchi insof egasi topilmadi.
Qishloqdan chiqishganda qosh qoraygan edi. Bobomurod biron xonadon eshigini
taqillatib boshpana so‘rashni istamadi. O‘z mayliga qo‘yib berilgan keksa tulpor kabi
yo‘lning o‘rtasidan asta yurib boraverdi. Ayol ikki qadam orqada, unga mutelik bilan
ergashgan edi. Bobomurod ko‘p zulm ko‘rgan — zulm ham qilgan, oqibatsizlik tuzini
totgan — o‘zi ham oqibatsizlik zahrini boshqalarga yalatgan, oz bo‘lsa-da, mehr
sharobidan lazzat olgan — oz bo‘lsa-da, boshqalarga ham ilingan, insonning hayvondan
ham tubanroq tarzda xorlanishi mumkinligini ko‘rgan, vaqti kelsa, bosh-qalarga ham
ko‘rsatib qo‘ygan odam edi. Ammo bugungiday holatni uchratish nima ekan,
eshitmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan edi.
U ham, izidan kelayotgan ma’suma ham, Bobomurodga fotiha berganlar ham,
bermaganlar ham Ollohni tanishmas edi. Buning uchun ularga ayb jandasini kiydirmoq
noinsoflik bo‘lar. Tug‘ilganlaridan to ayni damga qadar biron bir imon egasi Yaratgan
tangrini tanishga da’vat etmadi. Yaxshilik bilan yashaganlarga jannat eshiklari
ochilajagiyu, yomonlik qilganlarga bu dunyodagi qamoqdan tashqari do‘zax azoblari
borligini hech kim aytmadi, tushuntirmadi. Ularning har birlari insof, vijdon, iymon,
mehr-oqibat tushunchalarini o‘zlaricha anglashardi. Bu dunyo sinovli dunyo ekanini, har
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |