www.ziyouz.com kutubxonasi
160
bo‘yoq to‘lib qolgan. Buragich tegmagan. Demak, qulf olinmagan, tekshirilmagan. Qani,
ichkari kir, ko‘rsat.
Omonullo oshxona tomonga o‘tib, o‘liklar yotgan yerni ko‘rsatdi. Bobomurod uning
so‘zlarini eshitayotgan bo‘lsa ham, uncha e’tibor bermay, yuvinish xonasini qayta-qayta
ko‘zdan kechirdi-da:
— Bular kirishganida qotil shu yerda yashirinib turgan, eshikni avval erkak ochgan, —
dedi.
— Avval ayol ochgan bo‘lishi ham mumkin. Qotilni ko‘rib, dod deganicha qochgandir,
keyin erkak qaraganu ko‘kragidan pichoq yegan. Keyin ayol...
— Balki shundaydir. Har holda «o‘ynashlar maishat qilib o‘tirishganda yoki
yotishganda eri kirib qolganu...» degan taxminni bekor qilganing to‘g‘ri. Bu yerga
«o‘ynash», «rashk» degan gap sig‘maydi.
Bobomurod boshqa uylarni ham erinmay kuzatib chiqdi.
— Ayolning qulog‘idan, barmog‘idan taqinchoqlar olingan bo‘lsa... o‘g‘rining ishi
bo‘ladi, — Bobomurod shunday deb Toshboltaga ajratilgan xona ostonasida to‘xtab
qoldi. Deraza tomondagi javonga, uchi bir oz qayrilib qolgan gilamga tikildi:
— Javonni senlar surdilaringmi?
— Yo‘q, joyida qimirlamay turibdi.
— Xonada shuncha bo‘sh joy turib, javon hech zamonda derazaga taqab qo‘yiladimi?
— Bobomurod shunday deb «javon avval qaerda turgan bo‘lishi mumkin?» deb
chamaladi, so‘ng devorga yaqinlashib jimir-jimir gulli qog‘ozlarga bitilgan harflarni
o‘qimoqchi bo‘layotganday tikildi: — Javon uzoq vaqt mana bu yerda turgan. Yaxshiroq
qaragin, chang izlarini ko‘rasan. Endi pastga qara: gilamning chetlarini javon bosib
turgan. Uni kim, qachon surgan?
Bobomurod savoliga javob kutmay gilamning bir uchini ehtiyotlik bilan tutdi-da,
Omonulloga «bu uchini ushla», deb buyurdi. Ikkovlashib gilamni o‘rab, chetga surdilar.
Uy o‘rtasidagi to‘rtta pol taxtaning ko‘chirilganini aniqlash uchun kriminalist bo‘lish shart
emasdi. Bobomurod «Qalaysan endi?» degandek Omonulloga qarab qo‘ydi-da:
— Hech mahal pol taxtaning buragich mixlar bilan qoqilganini ko‘rganmisan? — deb
so‘radi.
Omonullo undan ko‘zlarini olib qochdi. Xuddi shu yerda o‘sha kuni Toshboltaning
jomadonlari turgan, shuning uchunmi, gilamni ko‘tarib qarash hech kimning xayoliga
kelmagan edi.
— Odamlaringni chaqir, tekshirishsin. Bu yerda nimadir bo‘lgan, — dedi Bobomurod.
Omonullo navbatchiga qo‘ng‘iroq qilgach, «Anavi vunderkind bolangni bir
ko‘rmaymizmi?» — deb taklif qildi.
Omonulloga bu taklif ma’qul keldi. Aslida Samandar bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng
yuqori qavatga ko‘tarilmoqchi edi. Vaqt ziqligi uchun «bola yana ezmalanib, aql
o‘rgatishni boshlasa ishlarim qolib ketadi», deb uchrashuvni keyinroqqa surgan edi.
«Hozir ayni payti» degan fikrda yuqoriga yo‘l boshladi. Qo‘ng‘iroq tugmasiga qo‘l
yuborganida ichkaridan «kiravering, eshik ochiq» degan ovoz kutdi. Kutgan taklif
eshitilmagach, ajablangan tarzda qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Ikkinchi marta bosishga
ulgurmay eshik ochilib, past bo‘yli, ozg‘in, rangpar ayol ko‘rindi-da, «kelinglar», deb
ularga xavotir bilan qaradi. Omonullo o‘zini tanishtirgach, «Abduqayum bilan
gaplashmoqchi edim», deb maqsadini aytdi. Ayol Bobomurodga bir oz tikilib qaradi-da,
«kiringlar», deb ichkariga chekindi.
Omonullo ichkari kirib Abduqayumning bo‘sh karavotiga ko‘zi tushdi-yu, ko‘ngliga
noxushlik oraladi. Bo‘sh karavot, ayolning horg‘in ko‘rinishidan xayoliga turli fikrlar
yog‘ila boshladi. Ayol ko‘rsatgan joyga o‘tirgach:
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |