www.ziyouz.com kutubxonasi
157
Sarosimasini yashirish maqsadida chaqqonlik bilan shisha og‘zini ochib, istakonni
yarimlatib quydida, «Sog‘ bo‘l, Knyaz!» deb bir ko‘tarishda bo‘shatdi. So‘ng istakonni
to‘ldirib Tengizga uzatdi.
Tengiz uch qultum ichib, istakonni so‘ri ustiga qo‘ydi-da:
— Koshak, nimalar bo‘lyapti, sen bilmaysanmi? — deb so‘radi.
— Bilmadim, jinilari qo‘ziganga o‘xshaydi. Meni ham «etap»ga tirkab qo‘yishibdi.
Bugun-erta jo‘natvorishadi shekilli? «Murik»ning o‘limidan baribir xitlanishgan.
Hammamizni har tomonga otishsa kerak?
— Xayrlashgani kirdingmi? — dedi Tengiz undan nigohini uzmagan holda.
— Shunaqa desak ham bo‘ladi. Knyaz, ikkovimiz hisob-kitobni to‘g‘irlab qo‘yishimiz
kerak. Sen Bifshteksni bekordan bekorga o‘ldirtirib yubording.
— O‘ldirtirganim yo‘q, o‘zi lalaydi, uning o‘limi bir tasodif.
— Tasodifmi, yo‘qmi — baribir sening qo‘lingda o‘ldi. Men u bilan katta ishlarni
mo‘ljallab qo‘yuvdim. Biladiganlarini o‘zi bilan olib ketdi. Men ko‘p narsa yo‘qotdim.
Shuning tovonini to‘lashing kerak.
— Koshak, sen bu cho‘pchagingni boshqa biror laqmaga borib aytgin. Bifshteks senga
o‘xshagan ahmaq bilan sherik bo‘ladigan ahmaq emas edi. Gapni aylantirmaginda,
maqsadingni ayt.
— Knyaz, sen uchun hamma ahmoq. Faqat sengina aqllisan. Xo‘p, agar chindan ham
aqlli bo‘lsang, men ahmoqqa anavi to‘nka chuchmekning boyligi qaerga berkitilganini
aytasan.
— Aytmasamchi?
— Unda to‘nkaga qiyin bo‘ladi. Jonini sug‘urib bo‘lsa ham bilib olaman.
— Unga tegma.
— Aytasanmi?
— O‘ylab ko‘raman.
— Yaxshi. Shu aroqni quritgunimizcha o‘yla.
— Koshak, sen «etap»ga tushdim, deyapsan. Agar Vorkutaga borib qolsang nima
bo‘ladi? Axir boylik janubda-ku?
Koshak o‘tirgan yerida bir qimirlab olib «ishing bo‘lmasin», deb g‘o‘dirandi. Bo‘lajak
fitna qaerda tayyorlanayotganini aniqlash uchun Tengizga shuning o‘zi kifoya qildi.
«Demak, Koshakka ham aytishgan, u ahmaq jon-jon deb ko‘ngan. Unda nima uchun
menga ham ay-tishyapti? Nima uchun bu yerga tiqib qo‘yishdi?» Bu savollariga
ro‘parasidagi Koshak ham javob berishi mumkin bo‘lsa-da, «Bu yerga tushib qolishimda
shu taviyaning xizmati bor», degan fikrdan Tengiz uzoq edi. Boltiq bo‘ylaridan
kelganlarni kaltaklash oddiy ig‘vo emas, balki undanda zo‘rroq fitna uchun «odam
tanlash» marosimi yoki sinov-tajriba ham ekanini u bilmasdi. Ana shu marosimda o‘zini
ko‘rsatgan Koshak sinovdan o‘tib, kelgusi zulm uchun ayni mos deb topildi. Suhbatda
Koshak ko‘p ham tarang qilib o‘tirmadi. «Qaerga? Nima uchun?» deb ham garang
qilmadi. «Pul, ozodlik, chet el» uning uchun kifoya edi. Ammo o‘ziga «qanjiq» degan
«unvon» taqalishini bilib, o‘zini himoyalash uchun bir-ikki shart qo‘ydi: shartlardan biri
— Knyazni yo‘q qilish yoki chet elga o‘tib ketgunicha hibsdami, «etap»dami saqlash edi.
Shuning barobarinda yana bir-ikki zirapchalarning bahridan o‘tishga izn so‘radi. Ular
ko‘ndilar. Koshak «shartlarini to‘la bajarishadi, Knyaz shu yerda chiriydi», deb o‘ylab
yanglishdi. Tengizga ham shunday taklif aytishlari, uning rozi bo‘lishi mumkinligini u
hisobga olmadi.
Aroq ichib bo‘lingach, Koshak «Qani, ayt!» deb baqraydi. Tengiz gapni chalg‘itishga
urindi, «ertaga kel», deb ham ko‘rdi. Koshak g‘azablana boshlagach:
— Aytaman, faqt men bilan teng bo‘lishasan, — deb shart qo‘ydi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |