www.ziyouz.com kutubxonasi
156
— Qani aytingchi? Aytavering, siz bilan suhbatlashish menga yoqyapti.
— Inglizlar aytisharkanki, agar itni bexos o‘ldirib qo‘ysangiz, uni quturgan, deb e’lon
qiling, shunda unga hech kim achinmaydi.
Yigit bu gapni eshitib astoydil kuldi.
— Inglizlar balo xalq, — dedi u. — Ular kamdan kam hollarda adashishadi. Siz esa
chuqurlashmang. Chuqurlashish — halokat belgisi. Taklifimga hozirning o‘zida javob
bering, demayman. Mayli, o‘ylab ko‘ring. Xotirjam o‘ylang, deb bu yerga taklif qildim.
Sizga maslahatim: katta o‘g‘ri bo‘lsangiz ham katta ketmang. Eshitishimga qaraganda
bu yerda «Bifshteks», «Cho‘mich» laqabli o‘g‘rilar bo‘lgan ekan. Ularni kimdir
o‘ldirganmish. Biz hozircha bunga ahamiyat bermayapmiz. Bitta-ikkita o‘g‘ri o‘lsa o‘libdi-
da, nima dedingiz? Ammo siz yaxshi ko‘ruvchi sharqliklarning bitta gapi bor: aytadilarki,
hokimlarning g‘azabi olovdek bo‘lib, ozgina shamol tursa alanga olarkanu bu alangani
minglab chelak suv bilan ham o‘chirib bo‘lmas ekan. Siz shamoldan ehtiyot bo‘ling,
knyaz.
— Maslahatingiz uchun tashakkur, lekin aytingchi, nima uchun bu ishga meni
tanladingiz? Bunaqa taklifga jon-jon deb ko‘nuvchi shaltoqlar ko‘p-ku?
— Biz, knyaz, shaltoqlar bilan hamkorlik qiluvchilardanmasmiz. Shaltoq, deb to‘g‘ri
aytdingiz. Ish tugagandan keyin ularning shaltog‘ini kim tozalaydi? Men sizga dengizni
ko‘rsatdim, siz esa kalla tashlab tubiga yetaman, deb ovora bo‘lmang. Bir oz suzib
rohatlaningu sohilga chiqib, so‘ng istagan ishingizni qiling. Boshqa narsani o‘ylamang.
Yigit shunday degach, yana lutf qilib unga sigaret tutdi. Tengiz bu karamdan
minnatdor ekanini bildirib, kiborlarcha bosh egib qo‘ydi.
Moskvalik yigit marhamat eshiklarini haddan ziyod katta ochdi: o‘ylab ko‘rmoq uchun
Tengizga keragidan ham ko‘proq fursat berdi. Quyosh nuri tushmaydigan, uzunasiga
uch, eniga ikki qadam keluvchi hibsxonada vaqt o‘lchovi yo‘q edi. O‘limtik chiroq nuri
bunda madfun odamga lahadda emas, yorug‘ dunyoning bir katalagida jonli holda
yotganini dalolat qilar edi. Tengiz hibsxonaga kiritilayotgan ovqatlarning soniga qarab
oradan ikki kun o‘tyapti, deb chamaladi. Vaqt o‘tayotgani uchun ko‘p ham yuragi
siqilmadi. Ikki-uch kun nima ekan, dastlabki qamalganida bundan torroq, zaxroq,
sassiqroq hibsxonada o‘n bir oy yotib ham sinma- gan — sheriklarini sotmagan edi.
Mana shu kabi saboti uchun ham boshqalarga nisbatan ertaroq toj kiyish martabasiga
yetgan edi. Hozirgi ahvoli o‘shandagisiga taqqoslansa, rohatlanib dam olish uchun
yaratilgan sharoit deb ham atash mumkin. Tengiz ana shu sharoitda moskvalik yigitning
har bir so‘zini fikr chig‘irig‘idan o‘tkazib tahlil qildi. Tog‘liklarni himoya qilish haqidagi
gaplari uni ko‘p o‘ylashga majburlamadi. Yigitning maqsadni ishora bilan emas, balki
yuzdan sakson foizini ochiq bayon qilishi uni sergaklantirdi. Qimorda «qartani ochib
qo‘yib o‘ynash», degan gap bor. Zo‘r kelganda, raqibga ruhiy ta’sir ko‘rsatish uchun to‘rt
qartaning uchtasi, yoki uchning ikkisi yoki ikkining biri ochib qo‘yiladi. Mardlar to‘qnash
kelgudek bo‘lishsa barcha qartalarni ochib qo‘yishlari ham mumkin, kamdan kam
hollarda sodir bo‘luvchi bu vaziyatning oqibati ham mardona tugaydi: yo mol ketadi yo
jon. Ba’zida esa... ikkalasi ham baravariga... Moskvalik yigit shunday o‘yin qilib, javobni
kutyapti.
Yigit kirib qolar, deb kutib yotganida eshik ochilib, Koshakning kuydirgan kallani
eslatuvchi tirjaygan basharasi ko‘rindi. Uning o‘ng qo‘lida bir shisha aroq bilan istakon,
chap qo‘lida esa qog‘ozga o‘rog‘lik yeguliklar bor edi.
— Omonmisan, Knyaz, — u shunday deb qo‘lidagilarni so‘ri ustiga qo‘ydi-da, Tengizni
quchoqladi: — Sog‘intirib yubording-ku, a?
— Sen sog‘ingan bo‘lsang, chakki odam emas ekanman,— dedi Tengiz uning
ko‘zlariga sinovchan tikilib. Koshak bu nigohga dosh berolmay ko‘zlarini olib qochdi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |