www.ziyouz.com kutubxonasi
161
— Abduqayum qaerdalar? — deb so‘radi.
— Surat ishlayapti, hozir chiqadi. Uning ovunchog‘i shu...
— Siz onalari bo‘lsangiz kerak?
— Ha.
— Avval kelganimda yolg‘iz ekan.
— Aytdi. Men ishda edim. Adamiz safardalar... — Ayol nogiron bolasini yolg‘iz tashlab
ketganidan o‘ng‘aysizlanib izoh berdi: — Yaqinda ishga kirdim. Avval uyda edim.
Abduqayum «katta bo‘lib qoldim, o‘zimni o‘zim eplayman», deb zo‘rladi. Hadeb atrofida
parvona bo‘lishim ham yoqmay qoldi shekilli. Shu bolamning ko‘ngliga qaraymanda.
Nomigagina ishlayman. Uch-to‘rt soatga borib kelaman.
Ayol gaplarini tugatmay, ichkaridan Abduqayumning «Oyijon, men hozir tugataman,
mehmonlarga choy berdingizmi?» degan ovozi keldi. Ayol «xo‘p, jonim», deb qo‘yib
javon tortmasidan oq dasturxon olib stol ustiga yoydi. U oshxonaga chiqqach,
Bobomurod o‘rnidan turib darazaga yaqinlashdi-da, ko‘chaga qarab oldi.
Bir piyoladan choy ichishga ulgurishmay ichkari xonadan Abduqayumning «Oyijon,
men bo‘ldim», degan ovozi eshitildi. Ayol oshxonadan qariyb yugurib chiqib eshikni
ochdi-da, chiroqni yoqdi. Keyin ichkari kirib aravachada o‘tirgan o‘g‘lini olib chiqdi.
Abduqayum ochiq chehra bilan salom berib, xuddi yosh boladek quvnab ketdi.
— Ertalab kelganingizda uchrasharmikinsiz, devdim. Chiqmaganingiz yaxshi bo‘ldi,
hozir sizga «syur-priz» tayyorlab qo‘ydim.
Abduqayum shunday deb «bu kishi kim?» degan ma’noda Bobomurodga qarab oldi.
— Ustozim... — dedi Omonullo o‘gay otasini tanishtirib.
— Siz Samandar akamni qamab qo‘ymadingizmi ishqilib? — dedi Abduqayum
mug‘ombirlik bilan jilmayib.
— Yo‘q. Qamashim kerakmidi?
— Shunaqa xayolingiz bo‘lgan-ku, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri. Lekin menda xayol emas, gumon bo‘lgan.
— Hammasidan ham ana shu gumon yomonda. Gumon — bir tomondan haqiqatga
qo‘shni, ikkinchi tomondan zulmga. Haqiqatning devori balandroq, darvozalari
mustahkamroq bo‘larkan. Darvozani ochishga qiynalsangiz, baland devordan oshib
tushishga erinsangiz devorining tayini yo‘q bu qo‘shninikiga kira qolasiz, to‘g‘rimi?
— Unchalik to‘g‘ri emas, gumon ko‘chasidan o‘tmay, haqiqat saroyiga kirilmaydi.
— Lekin siz gumonga asoslanib ham qamaysiz-ku, to‘g‘rimi? Yana «qamoq»
demaysiz, «ehtiyot chorasi», deysiz, a?
Omonullo «ko‘rdingizmi bu bolani, «vunderkind» deb to‘g‘ri aytdingiz», degan
ma’noda Bobomurod bilan ko‘z urishtirib oldi-da, o‘smirning donoligi erish tuyulsa ham
fikrlarini davom ettiraversin-chi, deb arqonni uzun tashlab, savollariga shoshilmay javob
beraverdi:
— Ehtiyot chorasi ba’zan zarur bo‘ladi.
— Qochib ketmasligi uchunmi?
— Ba’zan unday, ba’zan esa bir odamni sheriklarining hamlasidan asrash uchun ham
shunday chora ko‘riladi.
— Samandar aka qaysi biriga kiradilar?
— Samandar akangiz ayni paytda ozodlikdalar, tilxat olib, qo‘yib yuborganmiz.
— Ie, bo‘lar ekan-ku? Opoqim «qo‘llarini kishanlab olib ketishdi», deganlariga siqilib
o‘tiruvdim. Sizlarga baribir-da, olim odamni ham kallakesarning yoniga qo‘yib
qamayverasizlar.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |